Mamlakatimiz elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, «Hayot va taʼlim bilan bog‘langan: Sora Eshonto‘rayeva va O‘zbekistondagi jadidchilik harakati» deb nomlangan ko‘rgazmada Sora Eshonto‘rayevaning oilaviy arxiviga mansub 70 dan ortiq tarixiy suratlar, maktublar va hujjatlar o‘rin olgan bo‘lib, ularning aksariyati birinchi marta O‘zbekistondan tashqarida namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston maorifi tarixiga bag‘ishlangan ko‘rgazma London jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi va uning ochilish marosimida Buyuk Britaniyaning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy doiralari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, diplomatik korpus vakillari jam bo‘ldi.
Ko‘rgazmada Sora Eshonto‘rayeva hayoti va ijodining asosiy bosqichlari, uning O‘zbekistonda zamonaviy teatr sanʼati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, Buyuk Britaniya dramaturgi va shoiri Shekspir asarlarini keng targ‘ib qilishdagi muhim roli, shuningdek, ijtimoiy, siyosiy va maʼrifiy faoliyati, jamiyatda ayollar rolini oshirishga qaratilgan faoliyatiga oid fotosuratlar taqdim etilmoqda.
Diplomatik missiya vakillari O‘zbekistonda bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va erishilayotgan demokratik taraqqiyot, davlat rahbariyatining madaniyat va sanʼat rivojini qo‘llab-quvvatlash borasidagi saʼy-harakatlari, Yangi O‘zbekistonning zamonaviy shakllanishiga taʼsir ko‘rsatgan tarixiy jihatlar (Buyuk ipak yo‘li va Sharq Renessanslari davrlaridagi madaniy almashinuv va taʼlim jarayonlari) haqida maʼlumot berdi.
O‘zbekistonning XX asrdagi mashhur professional aktyori, o‘zbek milliy teatri va kino sanʼatining yirik namoyondasi, buyuk aktyor Abror Hidoyatovning rafiqasi Sora Eshonto‘rayeva sanʼat va madaniyat sohasidagi xizmatlari uchun qator mukofotlar bilan taqdirlangan. U ko‘plab taniqli rollarni, shu jumladan, Uilyam Shekspir qalamiga mansub pyesalar asosida sahnalashtirilgan spektakllarda bosh rollarni ijro etgan.