“LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Oʻzbekistonga muntazam reyslarni yoʻlga qoʻydi

    Transport 14 Mart 2024 681

    Bugun, 14-martda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan mamlakatimizga muntazam reyslarni yoʻlga qoʻyilishi munosabati bilan tadbir hamda ilk havo reysini kutib olish marosimi oʻtkazildi.

    Tadbir doirasida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Turizm qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sardor Niyazov, Polish Airlines kompaniyasi bosh direktori Mixal Fiyol, Oʻzbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid Agzamxoʻjayev, Polshaning Oʻzbekistondagi elchisi Radoslav Gruk, Transport va Madaniyat vazirliklari hamda ikki mamlakat OAV vakillari va blogerlari ishtirok etdi.

    “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Varshava va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻygani nafaqat aviatsiya sohasida muhim bosqich, balki Polsha va Oʻzbekiston oʻrtasida turizmni rivojlantirish va madaniy almashinuv uchun ulkan imkoniyatdir”, deb taʼkidladi tadbirda Sardor Niyazov.

    “Bugun “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasining yana bir yoʻnalishi ochildi. Oʻzbekiston dunyodagi eng qiziqarli mamlakatlardan biri boʻlib, Polsha va Yevropadan keladigan sayyohlarni turli xil qiziqarli takliflar bilan qarshi oladi. Ishonchim komilki, havo kemamiz bortida Markaziy Osiyoning yuragiga qulay sharoitda yetib borish imkoniyati Polsha va Oʻzbekiston oʻrtasida turizm va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun turtki boʻladi”, dedi “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi bosh direktori Mixal Fiyol.

    Turizm qoʻmitasi tomonidan birinchi aviareysning ochilish marosimidan keyin xorijiy delegatsiyani Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrifi va xalqaro blogerlar hamda OAV vakillari tomonidan turistik obyektlarimiz haqida kontent tayyorlash maqsadida “City-tour” tashkil etiladi.

    Tashrifning ikkinchi kunida, polshalik turoperatorlar, blogerlar va OAV vakillari uchun Samarqand viloyati misolida turizm sohasida olib borilgan oʻzgarishlar hamda yangilanishlar bilan yaqindan tanishtirish hamda Polshada “Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kompaniyasini yoʻlga qoʻyish maqsadida Qoʻmita tomonidan bir kunlik press-tur sayohati tashkil etiladi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, Varshava -Toshkent -Varshava yoʻnalishidagi aviaqatnovlar mart oyida haftasiga 3 marotaba, aprel oyidan 4 marotaba amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ushbu reyslar Oʻzbekiston va Yevropa mamlakatlari oʻrtasidagi turistlar almashinuviga ijobiy tasir koʻrsatadi.

    Ushbu xabar orqali aviachiptalarni lot.com aviakompaniyasining rasmiy veb-saytida, shuningdek, aviakassalar va sayyohlik agentliklaridan sotib olish mumkinligi maʼlum qilinadi.