Qarorga koʻra, Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DM “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” DM (Markaz) etib qayta tashkil etiladi.
Quyidagi hujjatlarni Markazda kompleks ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinadi, jumladan:
- 2026-yil 1-apreldan – loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiqish uchun texnik topshiriqlar. Bunda ular Markazning elektron axborot platformasi (Platforma)da joylashtiriladigan namunaviy shakldan foydalangan holda ishlab chiqiladi;
2026-yil 15-apreldan – qiymati 15 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlgan quyidagi loyihalarning loyihaoldi hujjatlari:
- byudjet tizimi byudjetlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan;
- korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilayotgan;
- 2026-yil 1-sentyabrdan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar qoʻllagan holda import qilinadigan tovarlar roʻyxati. Bunda mazkur funksiya “Oʻzbekekspertiza” AJga oʻtkaziladi.
Qarorga koʻra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab Markazda loyihaoldi hujjatlarni kompleks ekspertiza qilishning quyidagi yangi tartib-taomillari joriy etiladi:
- yirik va mega loyihalarning hamda ekspertizadan ijobiy xulosa olgan loyihalarga oʻxshash loyihalarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ularning tayyor boʻlimlarini parallel ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti;
- taqdim etilgan loyiha ilgari Markazda ekspertizadan oʻtgan loyiha bilan oʻxshash boʻlsa, Markazning taklifi asosida uning loyihaoldi hujjatini tezlashtirilgan ekspertizadan oʻtkazish tartibi.
2026-yil 1-sentyabrdan:
Markaz tomonidan Loyihaoldi hujjatlarni ishlab chiquvchi loyiha institutlari va tashkilotlarining reytingi (Reyting)ni yuritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
- faoliyati davomida tarmoqlar kesimida ishlab chiqilgan loyihaoldi hujjatlarning kompleks ekspertizasi natijalaridan kelib chiqib, loyiha institutlari va tashkilotlari “yuqori”, “oʻrta” va “past” ishonchlilik darajalariga ajratiladi;
- Reyting Platformada joylashtirilib, doimiy ravishda yangilab boriladi;
- oʻrta, yirik va mega loyihalarning loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha institutlari va tashkilotlarini tanlashda faqat “eng arzon narx” mezonidan voz kechib, “sifat, tajriba va narx” mezoni majburiy hisoblanadi;
- loyiha tashkilotlari va tashabbuskor (buyurtmachilar)ga nisbatan ragʻbatlantirish choralari joriy etiladi.