Mazkur qonunda madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mazkur yoʻnalishdagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini belgilash, isteʼdod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash, madaniyat tashkilotlarini davlat hokimiyati organlari, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish, madaniyat tarmoqlarini raqobatbardoshligini oshirish va boshqa qator muhim masalalar qamrab olinmoqda.
Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini roʻyobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar sifatida koʻrsatilib, ularning vakolatlari belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshiradi hamda xalqaro huquq normalarini milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinishini taʼminlaydi.
Shuningdek, xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining imijini oshirish bilan bir qatorda xalqlar va mintaqalar oʻrtasidagi madaniy aloqalarning yana-da rivojlanishi va mustahkamlanishiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.