Ulardan 4788 tasi arxeologiya, 2265 tasi arxitektura obyekti, 625 tasi monumental sanʼat asari hamda 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi vaqtlarda madaniy meros obyektlarida amalga oshirilayotgan taʼmirlash, restavratsiya ishlari davomida buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, ekspertiza tashkilotlari tomonidan obyektlarning tarixiy va badiiy qimmatiga juda koʻp miqdorda zarar yetkazish holatlari kuzatilgan.
Misol uchun, Buxoro viloyatidagi Sitorai Mohi Xosa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari notoʻgʻri olib borilgani oqibatida uning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga 28 mlrd. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
Bosh prokuratura tomonidan respublika boʻyicha oxirgi uch yilda 320 ta moddiy madaniy meros obyektida amalga oshirilgan asrash va taʼmirlash-tiklash ishlari loyiha-smeta hujjatlari asosida oʻrganilgan va koʻplab qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishda “Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining birinchi oʻqishda koʻrib chiqilishi jarayonida yuqoridagi raqamlar keltirildi.
Achinarlisi, ming yillik tarixga ega qadimiy obidalarimizda ayrim masʼul va mansabdor shaxslar tomonidan yoki ularning ruxsati bilan amalga oshirilgan noqonuniy asrash ishlari oqibatida juda koʻp miqdorda tiklab boʻlmas zarar yetkazilgan. Yoʻqotilgan yoki zarar yetkazilgan moddiy madaniy meros obyektlarini asl holatga keltirish imkoni mavjud emas va ularning noyobligini qayta tiklab boʻlmaydi. Afsuski, bunday holatlar Jinoyat kodeksining 132-moddasining tahririga koʻra ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar toifasiga kiradi.
Qonun loyihasi bilan sohada huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish, moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bunday toifadagi obyektlarga juda koʻp miqdorda zarar yetkazganlikni ifodalovchi qilmishlarni ogʻir jinoyatlar toifasiga oʻtkazish, bu turdagi jinoyatlar boʻyicha dastlabki tergov oʻtkazishni prokuratura organlariga yuklash, Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma va taqdimnomalarini belgilangan muddatda va toʻliq bajarilmaganligi yuzasidan javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda.
Muhokamada soʻzga chiqqanlarning taʼkidlashicha, ushbu qonunning belgilangan tartibda qabul qilinishi mamlakatimizdagi moddiy madaniy meros obyektlari, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan obyektlar va hududlarni muhofaza qilish, ularning noyobligini saqlab qolish, kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.