MAGATE bilan hamkorlikda 1994-yildan beri bugungi kungacha 30 dan ortiq milliy loyihalar amalga oshirildi va Oʻzbekistonga 22 mln yevrodan ortiq moliyaviy yordam koʻrsatildi. Jumladan, 2020-2021-yillarda umumiy qiymati 1 mln yevrodan ortiq boʻlgan 4 ta loyiha Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali, “Oʻzatom” agentligi va Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universiteti uchun amalga oshirildi.

Shuningdek, 2022-2023-yillar davrida Oʻzbekiston uchun umumiy qiymati 1,5 mln yevroga yaqin boʻlgan 4 ta loyiha MAGATE tomonidan tasdiqlangan, shu jumladan Andijonda Yadroviy tibbiyot boʻlimini yaratish, radiatsiyaviy obyektlar va manbalarni samarali tartibga solish va nazorat qilish uchun normativ-huquqiy baza va infratuzilmani mustahkamlash loyihalari.

Shu bilan birga, atom energetikasi va radiatsiyaviy va yadro xavfsizligi sohalar uchun kadrlar tayyorlashga katta ahamiyat berilmoqda. Jumladan, MAGATE tomonidan tashkil etilayotgan turli oʻquv tadbirlarda aloqador vazirlik va idoralar vakillari bilim va malakalarini oshirib kelmoqda. 2021-yildan bugungi kungacha 242 ta tadbir, shu jumladan malaka oshirish, oʻqish, trening, uchrashuvlar va boshqa tadbirlar tashkil etildi. Shulardan 152 tasida 200 nafardan ortiq Oʻzbekiston mutaxassislari on-layn rejimida, 90 tasida esa 100 nafardan ortiq mutaxassislar chet el davlatlarda ishtirok etdi.

Shu bilan birga, Ishlatib boʻlingan yoqilgʻi bilan xavfsiz muomalada boʻlish xavfsizligi toʻgʻrisidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish xavfsizligi haqidagi Birlashgan Konvensiyaning 32–moddasiga asosan 2018-yilda Oʻzbekiston oʻziga olgan majburiyat va amalga oshirilgan ishlari yuzasidan birinchi Milliy hisoboti tinglangan. Shuningdek, Qoʻmita va tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2017-2020-yillar uchun boʻlgan davrda amalga oshirilgan va bajarilgan ishlar yuzasidan 2020-yil oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasining ikkinchi Milliy hisoboti tayyorlandi va MAGATEga taqdim etildi.

Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti bilan hamkorlik doirasida ushbu tashkilotga Oʻzbekistonda ishlab chiqilgan va import qilingan maxsus roʻyxatga kiritilgan kimyoviy moddalar toʻgʻrisida yillik maʼlumotlar taqdim etib borilmoqda.

Xalqaro hamkorlik doirasida xodimlarimizni rivojlangan davlatlardagi atom elektr stansiyalarga bilim va tajriba orttirish uchun yuborish, MAGATE yordamida xalqaro inspeksiyalarda respublika vakillari ishtirokiga erishish va rivojlangan davlatlarning xavfsizlikni tartibga soluvchi organlari faoliyati bilan tanishib, ularning tajribasini oʻz faoliyatimizga tadbiq etish tadbirlari rejalashtirilgan.

Xususan, kadrlar salohiyatini rivojlantirish va mustahkamlash yoʻnalishida 2022-2023-yillar davrida 8 nafar xodimimizni turli davlatlardagi atom energiyasidan foydalanish obyektlarida xavfsizlikni nazorat qilish, joylashtirish, litsenziyalash masalalari boʻyicha malaka oshirish stajirovkalariga yuborish koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, MAGATE bilan hamkorlik doirasida 2024-yilda MAGATE tomonidan Xavfsizlikni tartibga solish boʻyicha keng qamrovli tahlil qilish hizmati missiyasi oʻtkazilishi kutilmoqda. Qoʻmita va respublikamizdagi atom energiyasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni tartibga soluvchi boshqa vakolatli organlar tomonidan ushbu missiyaga tayyorgarlik ishlarini boshladi.