O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 yanvar 2026 yildagi PQ-1-son qabul qilingan qarori mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim huquqiy-tashkiliy asosi hisoblanadi. Ushbu tizimning samarali amalga oshirilishi oila huquqi normalari bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, oilani mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilish va jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Avvalo, oila huquqi — bu oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalar tizimi bo‘lib, u oilaning vujudga kelishi, nikoh, er-xotinning huquq va majburiyatlari, ota-ona va bolalar o‘rtasidagi munosabatlar, shuningdek, oilani davlat tomonidan muhofaza qilish kabi masalalarni qamrab oladi.Oila kodeksining 2 va 3-moddalarida oilaviy munosabatlarning asosiy prinsiplari belgilangan bo‘lib, ular jumlasiga nikohning ixtiyoriyligi, er-xotinning teng huquqliligi, oilaviy munosabatlarda o‘zaro hurmat va yordam, bolalar manfaatlarining ustuvorligi kiradi. Yaxlit manzilli ishlash tizimi aynan ushbu prinsiplar asosida tashkil etilmoqda. Bunday yondashuv muammolarni umumiy emas, balki aniq va samarali hal etish imkonini beradi. Shu orqali oilaviy nizolar, ijtimoiy nochorlik, ishsizlik, bolalarning nazoratsiz qolishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi. Mazkur tizim orqali har bir mahalladagi oilalarning ijtimoiy holati o‘rganilib, individual yondashuv asosida muammolar bartaraf etiladi. Bu esa Oila kodeksida nazarda tutilgan oilani mustahkamlash vazifalariga to‘liq mos keladi.
Oila kodeksining 19-moddasiga ko‘ra, er-xotin o‘zaro teng huquqlarga ega bo‘lib, oilaviy munosabatlar o‘zaro hurmat va yordam asosida qurilishi lozim. Mahalla tizimida psixolog, mediator va huquqshunoslar tomonidan olib borilayotgan tushuntirish ishlari aynan ushbu normani hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.Oilaviy nizolar yuzaga kelgan hollarda ularni sudgacha hal etish, ya’ni mediativ usullardan foydalanish keng joriy etilmoqda. Bu esa nikohni saqlab qolish va ajrimlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Oila kodeksining 21–moddasiga muvofiq, ota-ona bolalarni tarbiyalash, ularning sog‘lom rivojlanishini ta’minlash va huquqlarini himoya qilish majburiyatiga ega. Yaxlit manzilli ishlash tizimi doirasida notinch oilalardagi bolalarni nazoratga olish, ularni ta’limga jalb qilish va ijtimoiy himoya qilish aynan shu normaning amaliy ifodasidir.
Bundan tashqari, Oila kodeksining 75-moddasida ota-onalarning bolalarni ta’minlash majburiyati belgilangan bo‘lib, ushbu majburiyat bajarilmagan hollarda davlat tomonidan majburiy choralar qo‘llaniladi. Bolaning yashash, ta’lim olish, sog‘lom o‘sish va rivojlanish huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi. Yaxlit manzilli ishlash tizimi doirasida notinch oilalardagi bolalarning holati alohida nazoratga olinadi, ularni ta’limga jalb etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish choralari ko‘riladi. Bu borada mahalla faollari, maktab, tibbiyot muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Ota-onaning farzand tarbiyasidagi mas’uliyati oila huquqining muhim normalaridan biri hisoblanadi. Unga ko‘ra, ota-ona farzandni moddiy ta’minlash, tarbiyalash, unga ta’lim berish va uning huquqlarini himoya qilish majburiyatiga ega. Agar ota-ona o‘z majburiyatlarini bajarmasa, davlat tomonidan tegishli huquqiy choralar ko‘riladi. Yaxlit manzilli ishlash tizimi bu kabi holatlarni erta aniqlash va ularga tezkor ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi.
Bundan tashqari, oila huquqida nikohni davlat tomonidan muhofaza qilish prinsipi ham muhim o‘rin tutadi. Nikohni bekor qilish (ajrim) masalalarida sud organlari orqali hal etish, taraflar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish, agar imkoni bo‘lsa, nikohni saqlab qolish choralari ko‘riladi. Mahalla tizimi orqali bu jarayonni oldindan profilaktika qilish, ya’ni oilaviy nizolarni barvaqt aniqlash va ularni hal etish orqali ajrimlarning oldini olish mumkin.
Shuningdek, oila huquqi normalari xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ham qaratilgan. Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning mehnat qilish, ta’lim olish va jamiyat hayotida faol ishtirok etish huquqlarini ta’minlash davlatning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Yaxlit manzilli ishlash tizimi doirasida xotin-qizlar bilan individual ishlash, ularning muammolarini aniqlash va tegishli yordam ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, oila huquqi va ijtimoiy siyosat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik mahalla instituti orqali amalga oshiriladi. Mahalla — bu faqat ma’muriy hudud emas, balki ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi, oilalar o‘rtasidagi hamjihatlikni ta’minlovchi muhim ijtimoiy institutdir. Shu sababli, mahalla faollari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va profilaktika inspektorlari o‘rtasidagi hamkorlik oila huquqi normalarini amalda qo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaxlit manzilli ishlash tizimining yana bir muhim jihati — bu axborot almashinuvi va raqamlashtirish jarayonlaridir. Oilalarning ijtimoiy holati, muammolari va ehtiyojlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar elektron bazalar orqali yuritilib, tegishli idoralar o‘rtasida tezkor almashinuv ta’minlanmoqda. Bu esa qaror qabul qilish jarayonini tezlashtiradi va samaradorlikni oshiradi.
Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan yaxlit manzilli ishlash tizimi oila huquqi normalari bilan uzviy bog‘liq holda amalga oshirilganda, uning natijadorligi yanada yuqori bo‘ladi. Oila huquqi prinsiplariga tayangan holda tashkil etilgan mazkur tizim oilalarni mustahkamlash, bolalar huquqlarini himoya qilish, ajrimlarni kamaytirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Natijada, barqaror, tinch va farovon jamiyatni barpo etish imkoni yaratiladi. Yuqorida bayon etilgan holatlar, Prezident qarorlari (jumladan, PQ-1) bilan belgilangan vazifalar hamda oila huquqi normalarining amaliy ahamiyatidan kelib chiqqan holda quyidagi taklif va tavsiyalarni ilgari surish mumkin:
Mahallalarda manzilli ishlash tizimini yanada takomillashtirish. Yaxlit manzilli ishlash tizimining samaradorligini oshirish uchun har bir mahallada “oila pasporti”ni yuritish tizimini yanada rivojlantirish zarur. Bu orqali oilalarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy holati doimiy ravishda monitoring qilib boriladi hamda muammolarni erta aniqlash imkoni yaratiladi.
Oila huquqi bo‘yicha huquqiy savodxonlikni oshirish.Aholi, xususan yoshlar va ota-onalar o‘rtasida oila huquqi normalariga oid huquqiy tushuntirish ishlarini kengaytirish lozim. Mahallalarda muntazam ravishda seminar, trening va huquqiy maslahatlar tashkil etish orqali fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish mumkin.
Oilaviy nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlarini kuchaytirish.Mahallalarda mediatorlar faoliyatini rivojlantirish va ularning vakolatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq. Bu orqali oilaviy nizolarni sudgacha hal etish, nikohni saqlab qolish va ajrimlarni kamaytirishga erishiladi.
Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini samarali himoya qilish.Oilada zo‘ravonlik holatlarini oldini olish maqsadida aniq mexanizmlar joriy etish, “ishonch telefonlari” va tezkor yordam xizmatlarini kuchaytirish lozim. Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va bolalar uchun maxsus reabilitatsiya va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini kengaytirish zarur.
Idoralararo hamkorlikni mustahkamlash. Mahalla, ichki ishlar organlari, prokuratura, sud, ta’lim va tibbiyot muassasalari o‘rtasida axborot almashinuvini yanada samarali tashkil etish lozim. Bu oilalar bilan ishlashda tizimli yondashuvni ta’minlaydi.
Raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish.Oilalar holati, ijtimoiy muammolar va ko‘rsatilgan yordamlar to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasini shakllantirish orqali ish jarayonlarini shaffof va samarali qilish mumkin. Bu qaror qabul qilish jarayonini ham tezlashtiradi.
Oilalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish.Ishsizlikni kamaytirish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali oilalarning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash lozim. Bu oilalar mustahkamligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish.Oila qadriyatlarini targ‘ib qilish, yoshlarda mas’uliyat hissini shakllantirish, nikoh va oila institutini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni muntazam o‘tkazish zarur.
Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi takliflarni amalga oshirish orqali Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yanada mustahkamlash, oilalarni barqarorlashtirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga erishish mumkin.
U.Sh.Sharaxmetova