Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla institutining oʻrni va nufuzini yanada oshirish, faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2020-yildan boshlab 22-mart sanasi Mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida nishonlab kelinayotgani esa ushbu sohaga yuksak eʼtiborning yorqin ifodasi. Mazkur sananing aynan Navroʻz ayyomi bilan hamohang ravishda bayram qilinishida ham chuqur ramziy maʼno bor. Zero, Navroʻz yangilanish, ezgulik va birdamlik bayrami boʻlsa, mahalla ana shu qadriyatlarni hayotga tatbiq etuvchi, odamlarni birlashtiruvchi muhim maskandir.

Xalqimiz manfaati yoʻlidagi saʼy-harakat

Hozir erishilgan natijalarni tahlil qilish va kelgusi vazifalarni belgilab olish uchun ham muhim fursat. Shu maʼnoda, bugun mahalla tizimi faoliyatining samaradorligi aniq raqamlar va amaliy natijalarda oʻz ifodasini topmoqda.

Quyida keltiriladigan raqamlar shunchaki statistika emas. Ular zamirida mahalla tizimini rivojlantirish yoʻlida yaratilayotgan keng imkoniyat va shart-sharoitlar, “yettilik”ning 8992 mahallada ishlayotgan 55 mingdan ortiq xodimi hamda qariyb 1 millionga yaqin jamoatchilik faolining masʼuliyati, yagona maqsad, yaʼni xalqimiz manfaati yoʻlidagi saʼy-harakati mujassam.

Keyingi yillarda nutqimizda “ishsizlikdan (kambagʻallikdan) xoli hudud” degan ibora tobora koʻproq qoʻllana boshladi. Rosti, koʻpchiligimiz avval bu kabi maqsadlarga erishishni qiyin yoki deyarli imkonsiz deb oʻylaganmiz. Biroq “yettilik”, mahallabay ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilgach, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish borasidagi izchil chora-tadbirlar bu qarashlarni amalda inkor etdi. Natijada oʻtgan yil yakunlariga koʻra, 2090 mahalla ishsizlikdan, 1435 mahalla esa kambagʻallikdan xoli hududga aylandi.

Ochigʻi, bu raqamlarni aytishgina oson. Bunday oʻylab qaralsa, ular mohiyatida minglab oilalar hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar, barqaror daromad manbaiga ega insonlar, yangi ish oʻrinlari va tadbirkorlik imkoniyatlari mujassam. Biz uchun quvonarli jihati shundaki, bu natijalar mahalla institutining aholi turmush darajasini oshirish, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash va odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda muhim oʻrin tutayotganini yaqqol namoyon qilmoqda.

Joriy yilda mazkur yoʻnalishdagi ishlarimizni yangi, sifat jihatdan yuqori bosqichga koʻtarish boʻyicha zarur ­chora-tadbirlarni ishlab chiqyapmiz. Zero, Prezidentimiz kambagʻallik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3500 taga yetkazish vazifasini qatʼiy belgilab qoʻygan. Agar biz bu vazifani uddalasak, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining eng muhim maqsadlaridan biriga munosib hissa qoʻshgan boʻlamiz.

Tinchlik va xavfsizlik har qanday jamiyat taraqqiyotining eng muhim shartlaridan. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, jinoyatchilikning oldini olish borasida ham mahalla tizimining oʻrni beqiyos. Oʻtgan yili 4388 mahallaning jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirilgani tinch-osoyishta muhitni taʼminlashda mahalla faollari, profilaktika inspektorlari va jamoatchilikning hamkorligi qanchalik muhimligini namoyon etadi. Bu esa jinoyatning oldini olish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamoatchilikning hamjihat harakati orqali samarali taʼminlanishini koʻrsatadi.

Bugun oila institutini mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb va ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda. Oilaviy muammolarni oʻz vaqtida chuqur oʻrganish, ularga maqsadli va samarali yordam koʻrsatish, psixologik va huquqiy maslahatlar berish yoʻnalishidagi ishlar toʻgʻri tashkil etilsa, mahallada ajrashishlar sezilarli darajada kamayadi, yoshlar oʻrtasida sogʻlom oilaviy munosabatlar shakllanadi va barqaror, mustahkam oilalar soni keskin ortadi.

Ushbu jarayonda jamoatchilikning ishtiroki va masʼuliyati keskin kuchayadi, mahallada oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhiti qaror topadi. Bu borada qilingan tizimli ishlar samarasi oʻtgan yili ham yaqqol namoyon boʻldi: 1670 mahallada ajrashish holatlarining oldi olingani oilalarni asrash, yoshlarni toʻgʻri tarbiyalash borasida mahallaning ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi.

Yana bir jihat. Mahalla, avvalo, odamlar muammosini yaqindan biladigan tizim. Oʻtgan yili mahallaga kelib tushgan 4,8 milliondan ortiq murojaatning 89 foizi aynan shu yerning oʻzida hal etildi. Bu, oʻz navbatida, samarali mexanizm yoʻlga qoʻyilganini anglatadi. Joriy yilda mahallalardagi muammolarni bir vaqtning oʻzida tezkor hal etishda barcha davlat organiga masʼuliyat yuklab, ijroni 24/7 rejimda onlayn nazorat qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Hozir manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bu tartibni joriy etish imkoniyatlari koʻrib chiqilyapti.

Mahalla faqat maʼmuriy tuzilma emas, balki oilalarni asrash, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim ijtimoiy-maʼnaviy maskandir. Shu bois, bu kabi natijalar jamiyatimizda sogʻlom va barqaror muhitni shakllantirishda mahallaning oʻrni va masʼuliyati qanchalik ulkan ekanini yaqqol koʻrsatmoqda. Bu vazifalarni amalga oshirish mahallaning tarbiyaviy va ijtimoiy salohiyatini yanada kuchaytirishni talab etadi.

Xitoylik professor va ekspertlar eʼtirofi

Islohotlar markazida, shubhasiz, inson qadri, munosib hayot kechirishi masalasi turibdi. Ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishda xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini oʻrganish va amaliyotga tatbiq qilish ham muhim.

Xitoy kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yetakchi davlatlardan. Uning tajribasini Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish uchun Fudan universiteti professori Van Syaolin hamda Pekin pedagogika universiteti professori Chjan Si bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Dastlabki bosqichda joriy yil fevralda ular ishtirokida respublika boʻylab “mahalla yettiligi”ning ogʻir toifadagi 903 mahallada faoliyat yuritayotgan 6000 aʼzosi uchun onlayn oʻquv seminari tashkil etildi. Ushbu seminar nafaqat nazariy bilim berish, balki amaliyotda sinovdan oʻtgan samarali yechimlarni ommalashtirishga xizmat qildi.

Oradan koʻp oʻtmay, mart oyida xitoylik professorlar Oʻzbekistonga kelib, joylardagi holat bilan yaqindan tanishdi. Xususan, ular Sirdaryo tumanidagi “Quyosh”, Zarbdor tumanidagi “Lalmikor” va “Oqbuloq”, shuningdek, Jomboy tumanidagi “Nayman” va “Saroy” mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻlib, aholi turmush tarzi, bandlikni taʼminlash, daromad manbalarini kengaytirishga qaratilgan amaliy ishlar bilan tanishdi.

Shu bilan birga, “mahalla yettiligi” faollari ishtirokida “Mahallada kambagʻallikni qisqartirishda Xitoy tajribasi” mavzusida oʻquv seminari oʻtkazildi. Unda ilgʻor yondashuvlar, aniq mexanizmlar va natijaga yoʻnaltirilgan ish usullari muhokama qilindi. Ayniqsa, Jomboy tumanining Saroy mahallasida yashovchi A.Qurbonov xonadonida Xitoy va Janubiy Koreya texnologiyalari asosida tashkil etilgan zamonaviy issiqxona xitoylik mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotdi. Bu kabi amaliy tashabbuslar aholini barqaror daromad manbaiga ega qilishda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

Ahamiyatlisi, oʻrganish va tahlillar natijasida bir muhim haqiqat yana bir karra oʻz tasdigʻini topdi: professorlar Van Syaolin va Chjan Si qayd etganidek, Oʻzbekiston qisqa vaqtda kambagʻallikni qisqartirish, aholi daromadini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishdi. Xususan, Xitoy 40-yilda bosib oʻtgan yoʻlning muayyan natijalariga Oʻzbekiston soʻnggi 9-yilda erishgani eʼtirof etildi.

Bu esa mamlakatimiz mazkur yoʻnalishda oʻz yoʻli, modeli va samarali yondashuvini shakllantirib ulgurganidan dalolat beradi. Mutaxassislar fikricha, yaqin ikki yilda kambagʻal oilalar sonini keskin qisqartirish, hatto bu muammoni toʻliq bartaraf etish imkoniyati mavjud.

Ahillik va shukronalik ramzi

Bu yilgi Ramazon oyi har qachongidan ham saxovatga boy boʻldi desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Buning uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard soʻm hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard soʻm ajratildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berildi.

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi yordamida nogironligi boʻlgan, yakka-yolgʻiz, boquvchisini yoʻqotgan va ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 ming fuqaroning manzilli roʻyxatini shakllantirdi. Ularga davlat koʻmagi sifatida 10 milliard soʻmlik 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari jamlangan tuhfalar tayyorlanib, bosqichma-bosqich yetkazib berildi. Bundan tashqari, barcha mahalladagi ehtiyojmand oilalar xonadonlarida mahalla raislari tomonidan iftorlik dasturxonlari yozildi. Ularga jami 629 mingdan ortiq nuroniy, koʻcha (uy)boshilar, ijtimoiy daftarlar va ijtimoiy reyestrdagi fuqarolar taklif etildi.

Har bir mahalladan 5 nafardan — jami 45 mingdan ziyod kambagʻal oilaning uy-joyi hashar yoʻli bilan taʼmirlandi. Har bir mahalladan 10 nafardan — jami 100 mingga yaqin kambagʻal oilaning tomorqasiga sabzavot, poliz, kartoshka va ­boshqa turdagi ekinlar ekildi. Ehtiyojmand oilalardagi 20 ming kishining muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarga sayohati uyushtirildi. Barcha mahallada kayvoni va hoji onaxonlar ishtirokida sumalak sayillari oʻtkazilmoqda.

Shubhasiz, bu kabi ezgu ishlar mahallaning asl mohiyatini yana bir bor namoyon etadi. Chunki mahalla azaldan odamlarning issiq-sovugʻidan xabar oladigan, ehtiyojmandlarga yelkadosh boʻladigan eng yaqin ijtimoiy maskandir.

Obodlik koʻngildan boshlanadi

“Obod” soʻzi ravnaq topgan, yaxshi tartibga solingan, tinch-farovon joy degan maʼnolarni anglatadi. U tilimizga toza va chiroyli joy, infratuzilmasi yaxshi, odamlar yashashi uchun qulay, taraqqiy etgan va farovon hudud sifatida kirgan.

Aynan shuning uchun Prezidentimiz ­“Mahalla obod boʻlsa — yurt obod boʻladi” degan iborani koʻp taʼkidlaydi. Chunki mana shu muhim fikr zamirida xalqimiz farovonligini taʼminlash, xotirjam va munosib yashashi uchun qulay shart-sharoit yaratishdek ezgu maqsad mujassam. Mahalladagi har bir xonadon tinch-totuv, har bir koʻcha obod boʻlsa, butun mamlakatning taraqqiyot surʼati ham, jamiyatning kayfiyati ham shunga yarasha boʻladi.

Ana shu ezgu anʼanalarning davomi sifatida joriy yil 13-14-mart kunlari mamlakatimiz boʻylab “Yurt obodligi, avvalo, ­mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari oʻtkazildi. Hashar kunlari 160 mingga yaqin koʻcha va 57 ming gektardan ortiq hudud obodonlashtirildi.

21 milliondan ziyod daraxtga shakl berildi. 665 ta ziyoratgoh hamda 25 mingdan ortiq bolalar va sport maydonchasi tartibga keltirildi. Tozalik ishlari ham keng koʻlamda bajarilib, 20 ming tonnadan ziyod chiqindi chiqarib tashlandi.

Hashar doirasida tomorqalar va sugʻorish tizimlarini yaxshilashga ham alohida eʼtibor qaratildi. 18 ming kilometrdan ortiq ariq va lotoklar tozalanib, yangi suv yoʻllari ochildi. Natijada 345 mingdan ziyod xonadon tomorqasida sugʻorish imkoniyatlari yaxshilandi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakat boʻylab 6,8 milliondan ortiq daraxt koʻchati ekildi. Eʼtiborlisi, ularning 1,4 milliondan ziyodi kambagʻal oilalar xonadoniga ekilib, kelgusida ular uchun qoʻshimcha daromad manbaiga aylanadi. Shu bilan birga, 850 dan ortiq yangi “yashil” bogʻ barpo etildi.

Hashar doirasida mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlari ham bajarildi. 199 kilometr yoʻl asfaltlandi, 690 kilometr yoʻlga shagʻal toʻshaldi. Elektr taʼminotini yaxshilash uchun 590 ta transformator taʼmirlandi, minglab ustunlar yangilandi va 7000 dan ortiq tungi yoritqich oʻrnatildi. Shuningdek, hashar kunlari 568 ta ijtimoiy va maishiy obyekt foydalanishga topshirilib, 1387 ta yangi ish oʻrni ochildi. Muhimi, bu tadbirlarda 17 milliondan ortiq fuqaro, jumladan, 9 milliondan ziyod yoshlar faol ishtirok etdi. Bu esa yosh avlodning yurt taqdiriga befarq emasligi, ular obod Vatan barpo etish gʻoyasiga sidqidildan hissa qoʻshayotganini koʻrsatadi.

Obodlik faqat koʻcha-koʻylarni tozalash yoki infratuzilmani yaxshilash bilan emas, avvalo, insonning koʻngli, niyati va jamoaviy masʼuliyatidan boshlanadi. Shu maʼnoda, har bir mahalla obod boʻlsa, yurtimizning taraqqiyoti va farovonligi yanada mustahkamlanadi.

Har qachongidan ham zalvorli

Hozir mahalla tizimi zimmasiga yuklangan vazifalar har qachongidan ham ulkan va masʼuliyatlidir. 2026-yilning mamlakatimizda Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili deb eʼlon qilingani ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

Bu borada, avvalo, mahallalarda aholini band qilish va kambagʻallikni qisqartirish ishlarini yanada tizimli tashkil etish, har bir oilaning daromad manbaiga ega boʻlishiga amaliy koʻmak berish ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi. Yoshlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish orqali mahallalarda barqaror iqtisodiy muhitni shakllantirish ham muhim.

Shuningdek, “yettilik” aʼzolari bilan birgalikda mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, oila institutini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida ulgʻaytirishda tarbiyaviy va profilaktika ishlarini yanada kuchaytiramiz. Ayniqsa, ajralishlarning oldini olish, mustahkam va barqaror oilalarni shakllantirish mahalla faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi. Bundan tashqari, aholi murojaatlarini hal etishda mahallalarning imkoniyatini yanada kengaytirish, xonadonbay ishlash ­tamoyilini ­chuqur joriy qilish hamda muammolarni tezkor hal etish boʻyicha raqamli mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish dolzarb vazifalardan.

Eng muhimi, mahalla faoliyatida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, faol fuqarolar, nuroniylar va yoshlarni mahalla hayotiga jalb etish orqali jamiyatda hamjihatlik va birdamlik muhitini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur. Zero, mahalla rivojlansa, jamiyat mustahkamlanadi, mahalla obod boʻlsa, yurt obod boʻladi. Shu maʼnoda, 22-martni nafaqat Mahalla tizimi xodimlari kuni, balki ezgu qadriyatlarning tantanasi sifatida nishonlash har birimiz uchun yuksak sharafdir.

Qahramon QURONBOYEV,

Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi,

siyosiy fanlar doktori, professor