15 mart – Butunjahon iste'molchilar huquqlarini himoya qilish kuni hamda umumxalq xayriya hashari kuni munosabati bilan poytaxtimizning YUnusobod tumanida joylashgan 117-maktabda “Tabiat va biz” shiori ostida ekologik aktsiyasi o'tkazildi. Ushbu tadbir Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi hamda O'zbekiston ekologik partiyasi Toshkent shahar kengashi bilan hamkorligida tashkil etildi. ekologik aktsiya doirasida yuz tupga yaqin manzarali daraxt ko'chatlari ekilib, atrof ko'kalamzorlashtirildi. Mahallabay o'rganishlar davomida aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlarni jalb qilgan holda bartaraf etilmoqda. Birinchi navbatda mahalla mas'ullari bilan birgalikda atrof-muhitni obodonlashtirish hamda uy-joy kommunal sohasidagi muammolarni hal etishga asosiy e'tiborni qaratilayotir.
Aytish kerakki, Prezidentimiz tomonidan ishlarni “mahallabay” tizimda amalga oshirishga oid belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi bo'yicha Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga YUnusobod tumanidagi 12ta mahallalar biriktirilgan. Agentlik tomonidan mahallalarda uzoq vaqt echim topmagan murojaatlarni o'rganish hamda ijobiy hal etish choralari ko'rilib, atrof-muhitni obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, YUnusobod tumanidagi Otchopar-1 mahallasi hududida Agentlik xodimlari tashabbusi bilan mevali va manzarali daraxt ko'chatlari ekilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, Agentlik “Maxsustrans” DUK YUnusobod tuman bo'limi va Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasining tuman bo'limlarini jalb etilgan holda Xiyobontepa, SHayx SHibliy, Qadrdon, YAngi tarnov, Otchopar-1, Otchopar-2, Bo'zsuv va boshqa mahalla hududlaridagi ko'plab bino, maydonlar, kanal va ariqlar dov-daraxtlar barglari, yig'ilgan plastmassa, qurilish chiqindilaridan tozalandi. “Otchopar-2” mahallasida kanal bo'yidagi xavfli bo'lgan hududni 500 metrga yaqin temir panjara bilan o'rash ishlari olib borilmoqda.
Ishchi guruhi tarkibida Agentlik tomonidan “YUnusobod” MFYda ko'chalarni yoritish maqsadida Toshkent shahar “Nur”DUK jalb etilib, 10 ta simyog'ochdagi kuygan yoritgich lampochkalar yangisiga almashtirildi, xonadonlarda esa elektr energiya quvvati me'yorga keltirildi. Ta'mirtalab ko'chalar asfal`tlashtirilmoqda, ko'p qavatli uylarning tashqi fasad qismlari ham oqlanib tartibga keltirildi.
“Mirzo Ulug'bek” MFY Amir Temur ko'chasida joylashgan 2-uyning yuqori qavatida yashovchilar endilikda yog'ingarchilik mavsumlarida tashvishga tushmaydigan bo'ldi. Mazkur uy tom qismining 120 kvadrat metri ta'mirlandi. O'z o'rnida mahalla ahlining takliflari ham inobatga olinmoqda. Unga ko'ra, chiqindi qutilar uchun zarurati bor hududlarga konteyner keltirildi, yaroqsiz holatga kelgan chiqindi qutilari esa yangisiga almashtirildi.
Agentlik tomonidan tuman “Suvoqava” tashkilotiga berilgan talabnoma asosida ko'chalardagi haftalab, hatto oylab behuda oqib isrof bo'layotgan ichimlik suvi, issiqlik manbaini uzatuvchi quvurlar ta'mirlandi, ba'zilari esa yangisiga almashtirildi. Bu bilan mazkur hududlardagi xonadonlarga berilayotgan suv ta'minoti yaxshilandi. SHuningdek, o'nga yaqin kanalizatsiya tarmog'idagi quvurlar ham ta'mirlanmoqda.
—“Otchopar-1” MFY hududida joylashgan “Ideal tekstil grourr” MCHJ korxonasi quvuri orqali aholi salomatligi va atrof muhitga ziyon etkazishi mumkin bo'lgan zararli tutun va yoqimsiz hid shu erda yashovchilarning haqli e'tiroziga sabab bo'layotgan edi,- deydi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bosh mutaxassisi Umida Mansurova.- Agentlik sa'y-harakati bilan bu holat bartaraf etildi. Ishlab chiqarish korxonasi tomonidan fil`trlar almashtirildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tashrif buyurilib, suhbatlar o'tkazildi. Misol tariqasida birgina “Bo'z suv” MFYning o'nga yaqin aholisiga homiylar jalb etilgan holda moddiy yordam ko'rsatildi. Ularning gaz ta'minoti va elektr energiyasi bo'yicha muammolari hal etilishiga erishildi.
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi biriktirilgan mazkur 12 ta mahalla hududiga ishchi guruh tarkibida aholini, xususan yoshlarni qiynayotgan muammolar va ularni hal qilish bo'yicha o'rganishlarni davom ettirilmoqda.
Bahor XIDIROVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri