— Oʻsha mashhur hunarmand-tadbirkor Fotima Qurbonova siz ekansiz-da?!
— Ha, Fotima Qurbonova men boʻlaman, ammo mashhurligimni bilmas ekanman!
— Hozir sizdek oʻz hunari ortidan yuzlab ishsiz, uyda oʻtirgan ayollar bandligini taʼminlab, kambagʻallikni qisqartirishga hissa qoʻshayotgan, birgina imtiyozli kredit olish ortidan ishini yaxshigina kengaytirib, milliy brend ostidagi mahsulotlarni xorijda ham ommalashtirayotgan yurtdoshlarimiz nafaqat mashhur, balki doimiy eʼtiborda, hurmatda, axir.
* * *
Biz izlab borgan qahramonimiz bilan suhbatimiz shunday boshlandi. Toshkent shahri Chilonzor tumanida istiqomat qiladigan bu ayol keyingi yillarda hunarmandchilikning oʻziga xos yoʻnalishi — qoldiq matolardan ip oʻrab, undan zamonaviy kashtachilik va esdalik buyumlar toʻqishni ommalashtirgan tadbirkorlardan biri. Hozirgi kunda urfga kirgan toʻqilgan poyabzallar, belanchak va sumkalar oʻzining dizaynerlik ishlari asosida tayyorlanadi. Ayol bu ishni boshlagan vaqtlari ipdan toʻqilgan mahsulotlar xorijda ommalashayotgan edi. Fotima opa esa ayni karantin davrida yurtimizda birinchilardan boʻlib ipdan poyabzal toʻqiy boshlagan. Keyinchalik asosiy xomashyo — ipni ham oʻzi tayyorlashni yoʻlga qoʻydi. Hozirgacha ayolning faoliyatida barcha ishlar qoʻl mehnatiga asoslanadi. Ayniqsa, ip oʻrash koʻp ishchi kuchi talab qiladi. Fotima opa esa bunga asosan uyda oʻtirgan, kam taʼminlangan va ishsiz xotin-qizlarni jalb qiladi. Ular mato qiyqimlaridan ip oʻraydi va har bir oʻram ip uchun 2 ming soʻmdan oladi. Ayol birgina ana shu hunari ortidan nafaqat Toshkent shahri, balki yurtimizning barcha hududlaridagi yuzlab talabgorlarni ish va daromad bilan taʼminlayapti.
Ipdan toʻqilgan mahsulotlari bozorda juda talabgir. Ekologik toza ipdan faqat qoʻl ishida tayyorlangani bois, chet eldan buyurtmalar soni ham oshib boryapti. Yaqinda Nyu-Yorkda oʻtgan nufuzli moda koʻrgazmasi uchun buyurtma asosida 20 ta ayollar sumkasi tayyorlab berdi. Oʻsha moda koʻrgazmasi aks etgan xorijiy jurnalni varaqlaganimda, suratlarda aynan Fotima opaning zamonaviy koʻrinish va bichimda toʻqilgan sumkalarini koʻrib, qoyil qoldim. Ularning namunalari Chilonzor tumanidagi Botirma mahallasidan tadbirkorga ajratilgan binoga ham taxlab qoʻyilgandi. Bularni koʻrgach, ushbu hunarga qiziqishim yanada oshib, savollarim koʻpaydi. Bu ishning boshlanish tarixi ham men uchun qiziq boʻldi.
— Asli kasbim oʻqituvchilik. Bir necha yil taʼlim muassasalarida kimyo fanidan dars berganman, — deydi “Yarntextile Fotima Kurbanova” korxonasi rahbari F.Qurbonova. — 2013-yilda salkam oʻn yil kutilgan farzandimni dunyoga keltirganimdan soʻng bola parvarishiga chiqdim. Bu taʼtil keyingi farzandimnikiga ulanib ketdi. Uyda bekor oʻtirishni istamaganim bois, biror mashgʻulot bilan shugʻullanish oʻyiga tushdim. Shunda buvimdan meros, qolgan tikuvchilik hunarini takomillashtirishga qaror qildim. Internet tarmoqlari orqali poyabzal toʻqishni oʻrganib, shu ishga kirishdim. Poyabzalni shunday sifatli toʻqishim kerak ediki, kosiblardan oʻtmasam hisob emasdi. Va bu maqsadimga erishdim. Hozirgacha qanchalik tez ishlamay, asosiy eʼtiborim doim mahsulot sifatida boʻladi. Chunki xaridor sizni ana shu sifat bilan tanib qoladi va bu uning qayta buyurtma berishiga asos boʻladi.
Pandemiya davrida shu ish ortidan oila tebratishimga toʻgʻri keldi. Turmush oʻrtogʻim futbol murabbiyi boʻlgani bois, bir muddat ishsiz qoldi. Menga esa toʻqilgan poyabzallar uchun buyurtmalar bera boshlashdi. Ayniqsa, xorijliklar har hafta oʻnlab poyabzal buyurtma qilishardi. Oʻsha kezlari shunchalik tez ishlardimki, bir kunda 2 ta poyabzal toʻqirdim. Chunki bir oʻzim boʻlganim uchun buyurtmalarni tezroq bajarishga intilardim. Keyinchalik bu ishga qiziquvchilar koʻpayib, shogirdlarga oʻrgata boshladim. Uyimiz tor boʻlishiga qaramasdan oʻnlab oʻquvchilarni sigʻdirib dars oʻtganman. Yaqingacha talabgorlarga hunarimni bepul oʻrgatib keldim. Kasbim oʻqituvchilik boʻlgani uchunmi dars oʻtishni sharaf deb bilganman. Buyurtmalarim koʻpaygan vaqtda shogirdlarim koʻmaklashgan. Ammo ularning har bir ishiga haq toʻlaganman. Ham hunar oʻrganib, ham daromad topgan koʻpchilik.
Karantin vaqtida onlayn darslar tashkil qilib, videoqoʻllanmalar chiqara boshladim. Bugungi kungacha 5 mingga yaqin kishi ana shu onlayn kurslarda oʻqidi. Keyingi bir yildagina pullik kurslar tashkil etdik. Ochigʻi, baʼzilar hunarni darrov koʻp pul topish maqsadida oʻrganadi. Ammo bu notoʻgʻri. Birinchi navbatda, inson ishini yaxshi koʻrib bajarishi va oʻz ustida koʻproq ishlashi kerak. Qolaversa, sifat doim birinchi oʻrinda tursagina xaridor ham, daromad ham oʻz-oʻzidan oshib boraveradi.
Pandemiyadan keyin xaridorlarim soni yanada oshdi. Endi poyabzaldan tashqari boshqa mahsulotlar ham toʻqish ustida ishlay boshladim. Hozir eng koʻp xarid qilinayotgan chaqaloqlar belanchagi, ayollar sumkalari va boshqa talabgir mahsulotlarga oʻtdim. Ularning dizayni ustida oʻzim ishlayman va doim yangilik qilishga intilaman. Ayrim mahsulotlarimiz patentlangan, ammo hali patent olinishi kerak boʻlgan dizaynlarim koʻp. Shuning uchun ularni hozircha bozor rastalariga ommaviy sotishga chiqarmayman. Asosan mahalliy va xorijiy koʻrgazmalardan buyurtmalar olamiz.
* * *
Avvaliga toʻqilgan mahsulotlar haqida gap borganida, biz bilgan anʼanaviy toʻqish usuli boʻlsa kerak degan xayolga bordim. Toʻqilgan poyabzallarni tasavvur qilishim ham qiyin boʻldi. Ammo Fotima opa tayyorlagan mahsulotlarni koʻrgach, tushundim. Gap odatdagi kiyim toʻqish haqida emas ekan. Bunda matoli qalin ipdan poyabzal, sumka va boshqa mahsulotlar qoʻlda bir-biriga ulanib tikiladi.
Qizigʻi, ularni toʻqishda foydalaniladigan ip ham gʻaroyib boʻlar ekan. Bir qarashda burama boʻlib qolgan mato shunchaki ip sifatida oʻrab chiqilgandek. Aslida ham shunday. Fotima opaning aytishicha, aynan mana shu burama shakl toʻqiladigan mahsulotning chiroyli chiqishi uchun zarur. Ayol bu iplarning oʻralishini ilk bor internet tarmoqlarida koʻrgan, keyinroq uni oʻzimizda tayyorlashni yoʻlga qoʻydi. Ip qoʻlda oʻraladi va bunga qiziquvchilar ham koʻp. Uyda oʻtirgan istalgan ayol bu ish bilan shugʻullanib, daromad topishi mumkin. Meni, ayniqsa, ip xomashyosi qoldiqqa chiqariladigan qiyqim matolardan oʻralishi hayron qoldirdi.
— Buni koʻrmagan odam tasavvur qilishi qiyin, — dedi Fotima opa tushuntirishga urinib. — Bolaligimdan ota-onamning kasbi sabab koʻproq buvimnikida katta boʻlganim bois, tikuvchilikni yaxshi oʻzlashtirganman. Shu sababli, tikish jarayonida matoning cheti kesib tashlanib, qiyqimi qoldiqqa chiqarilishini bilardim. Odatda bu qoldiq tashlab yuboriladi. Bir videoda ana shu qiyqimni ipga aylantirish mumkinligini koʻrib qolganman va buni oʻrganib olib, sinab koʻra boshladim. Avvaliga qiyqimlarni ip oʻrash uchun qoʻshni ayollarga tarqatdim. Keyinchalik ipga talab oshib borgach, yurtimizning barcha hududlaridagi atelye, tikuv sexlari bilan shartnomalar tuza boshladik. Xarajatlarni tejash maqsadida oʻsha yerning oʻzidagi xotin-qizlarga video tarzida ish oʻrgatilib, ip oʻrashga jalb qilinadi. Ular oʻralgan tayyor ipni joʻnatadi va har bir oʻram uchun 2 ming soʻmdan toʻlaymiz. Bitta ipni oʻrashga 3 daqiqadan ketganda ham, tasavvur qiling, 3 soatda qancha mahsulot tayyorlash mumkin. Bu uyda oʻtiradigan ayollar uchun juda qulay ish. Ular orasida har uch kunda 500 ta oʻralgan ip olib kelib topshiradiganlari ham bor. Mehnat haqi joyida toʻlanadi.
Qolaversa, bu tikuv sexlari uchun ham qoʻshimcha daromad keltiradi. Chunki ular chiqindiga chiqarib yuboradigan mato qiyqimini biz sotib olib, qayta ishlaymiz. Sexda mato qiyqimlari kesib olinib, qoplarga joylanadi. Maʼlum tonnaga yetgach, olib ketamiz. Qiyqim uzunligi oddiy atelyeda ham eng kichigi 5 metr boʻladi, sexlarda esa bu yanada uzunroq. Matolar qavat-qavat taxlangani bois, uloq qismi bitta rulon tugagandagina boʻladi. Shu bois, iplarni oʻraganda deyarli uloq tushmaydi.
Iplar ekologik toza mahsulot ekani bilan ajralib turadi. Hatto xorijliklar namuna olib ketib tekshirganida ham bu isbotlangan. Shu bois, chet davlatlardan buyurtmalar ancha koʻp. Fotima opa esa daromad topishdan koʻra, koʻproq ayollar bandligini taʼminlash haqida oʻylaydi. Hozir uning hunarini oʻrganganlar ham, uyda oʻtirib ip oʻrayotganlar ham shu ish ortidan daromad topib, oilasi roʻzgʻoriga koʻmaklashyapti. Birgina korxonaning oʻzida 50 ga yaqin xotin-qizning doimiy bandligi taʼminlangan. Yuzlab ayollar ip oʻrab topshiradi.
Ayol chet davlatdan 2 ta ip oʻrash apparatini ham olib kelgan. Ammo baribir qoʻl mehnatiga urgʻu beradi. Shuning ortidan koʻproq xotin-qiz ishli boʻlsin deydi. Ana shu tashabbusiga javoban Chilonzor tuman hokimligi ham tadbirkor ayolni doimiy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Avvaliga tadbirkorga Guliston mahallasidan, keyinroq Botirma mahallasidan bino ajratildi. Fotima opa shu binolarda ham oʻquvchilarga dars oʻtib, ham amaliy ishlarni olib boradi. Bino ichi oʻzlari tayyorlagan toʻqilgan mahsulotlar bilan toʻla. Har biri sanʼat asari goʻyo. Ayniqsa, ayollar sumkalarining bejirim dizayni har qanday nozik did sohibasiga maʼqul kelishi turgan gap.
Ish avvalida hunarmandga 100 million soʻm imtiyozli kredit ham ajratilgan. Bu pullarni ayol toʻgʻri ishlata oldi va hozir kattagina aylanma mablagʻga ega. Fotima opa shularning bari uchun yurtimizdagi har bir insonni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizim — “mahalla yettiligi”, tuman hokimligi koʻmagidan mamnun: “Mahallaga chiqqanimda, ular menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdi. Agar shunday qoʻllab-quvvatlov boʻlmaganida bunchalik natijalarga erisha olmagan boʻlardim. Oʻtgan yili davlatimiz rahbarining Yunusobod tumaniga tashrifi chogʻida Prezidentimiz bilan suhbatda ham shular haqida gapirdim. Mahallamiz ahli doim yonimda turib, har tomonlama koʻmak berayotganlaridan minnatdorman”.
Kambagʻallikdan chiqarishda yangi yondashuvlar
Bugun mamlakatimizda mahalla shunchaki maqomga ega manzil emas, balki har bir yurtdoshimizning farovon hayot kechirishi, hayotidan rozi boʻlib yashashi, ishlab daromad topishiga masʼul katta bir tizimga aylangani rost. Dunyoda muqobili yoʻq bu tizim oʻtgan yillar davomida yanada takomillashib borayotgani, samaradorlik aniq natijalarda koʻrinayotganiga misollarimiz talaygina. Odamlar bugun haqiqatan barcha masalada mahallaga ishonyapti, suyanyapti. Biror muammo yoki masalasi boʻlsa, qaysidir tashkilotga yugurish haqida emas, mahallaga chiqishni oʻylayapti.
Joriy yilning yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlangani ana shu tizimni takomillashtirib borishga qaratilayotgan eʼtiborning yana bir ifodasi boʻldi. Yil boshidanoq mamlakatimizdagi har bir mahalla oldiga aniq vazifalar qoʻyilgani boisi shunda. Asosiy vazifa esa aholi bandligini taʼminlab, kambagʻallikni bartaraf etishga qaratilgan.
Kecha davlatimiz rahbari raisligida oʻtgan kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha 2026-yildagi asosiy vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham bu boradagi vazifalar bevosita mahalla bilan bogʻlanishi, ayni shu joy islohotlarning qanchalik ishlayotganini koʻrsatib berishi haqida gapirildi. Ana shu islohotlar orqali joriy yilda yurtimizda
1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallikni 4,5 foizga tushirish vazifasi belgilab olingan.
Mirzohid ABDUQODIROV,
Chilonzor tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari:
— Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini bajarish maqsadida aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishda yagona va qolipga solingan yondashuvlardan voz kechilib, har bir hududning oʻziga xos xususiyatlariga asoslangan “individual rivojlanish modellari” hayotga tatbiq etilmoqda. Bunday tajribalar hozir hamma joyda bor va ular ommalashib boryapti. Birgina, “Sayxunobod tajribasi” nafaqat qishloq xoʻjaligida, balki butun mamlakat miqyosida ichki imkoniyatlarni safarbar etishning namunaviy tizimiga aylandi.
Masalan, poytaxtimiz Toshkent shahrida yer resurslari cheklangani inobatga olinib, “yer ustida emas, bino ichida” tamoyili asosida yangi biznes ekotizimi yaratilmoqda. Turar joylarning yertoʻlalaridan oqilona foydalanish, birinchi qavatlarni noturar joyga aylantirish orqali servis va xizmat koʻrsatish nuqtalarini shakllantirish shahar iqtisodiyotini mahalla ichiga olib kirishning eng samarali yoʻli boʻldi.
Shuningdek, kambagʻallikni qisqartirishda rahbarlarning masʼuliyati va xalq bilan yuzma-yuz ishlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Oʻtgan yili Chilonzor tumanida shahar va tuman darajasidagi 92 ta rahbar va ularning oʻrinbosarlariga ehtiyojmand oilalarning biriktirilishi shunchaki maʼmuriy topshiriq emas, balki “inson taqdiri uchun shaxsiy javobgarlik” tizimidir. Xususan, Chilonzor tumani misolida koʻradigan boʻlsak, rahbarlar oʻzlariga biriktirilgan har bir oila aʼzolarining oylik daromadini kamida 1,5 million soʻmga yetkazishni strategik maqsad qilib oldi.
Mahalla iqtisodiyotini yuksaltirishda mikroloyihalar eng tezkor va samarali vositadir. 2025-yilda Chilonzor tumanidagi 55 ta mahallaning har birida 50 tadan mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida hududda
2700 dan ziyod yangi tadbirkorlik subyekti paydo boʻldi. Toʻgʻri, ular hozircha kichik biznes. Ammo bugungi kichik biznes ertangi yirik ishlab chiqarishning debochasidir. Muhimi, ana shu kichik va oʻrta biznesdan ham odamlar yaxshigina daromad topib, oʻzi va atrofdagilar bandligini taʼminlamoqda.
Jarayonda “hokim yordamchisi — bank — tadbirkor” zanjirining uzluksiz ishlashi natijasida Chilonzor tumanida 2025-yil davomida 114 mingga yaqin aholi bandligi taʼminlanishga erishildi. Yil davomida “Sayxunobod tajribasi” asosida amalga oshirilgan uch mingga yaqin mikroloyihalar hisobiga 5800 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish maqsadida 124 milliard soʻmdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratildi.
Biz uchun kambagʻallikni qisqartirish shunchaki moddiy koʻmak emas, balki inson kapitaliga yoʻnaltirilgan strategik investitsiyadir. 2025-yil davomida ehtiyojmand oilalarning 1434 nafar aʼzosi bandligi taʼminlangani, 1890 nafari kafolatlangan tibbiy xizmat va 3885 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olingani, shuningdek, 1142 nafar farzandning taʼlim va kasb-hunarga yoʻnaltirilishi hamda 36 ta oilaning yashash sharoiti yaxshilangani “Inson qadri uchun” tamoyilining mahallabay tizimdagi yaqqol amaliy ifodasi boʻldi.
2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da oldimizda yanada yuksak marralar turibdi. Maqsadimiz aniq — har bir mahallani kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish hamda har bir xonadonga farovonlik olib kirishga qaratilgan harakatlarni faol olib borish. Zero, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalqimiz bizdan balandparvoz gaplarni emas, balki roʻzgʻorida seziladigan natijani kutmoqda.
Koʻproq loyiha, koʻproq ish oʻrni
Savdo va xizmat koʻrsatish, umumiy ovqatlanish sohalari Toshkent shahrining drayver yoʻnalishlaridan sanaladi. Shahar sharoitida shunday manzillarga talab koʻproq. Ayniqsa, keyingi yillardagi rivojlanishlar, odamlar turmush farovonligi va daromadining oshishi, poytaxtimizda aholi hamda sayyohlar sonining ortishi mazkur talabni bir necha barobarga koʻpaytiryapti.
Oxirgi yillarda poytaxt sharoitida 24/7, yaʼni tunu kun ishlaydigan gastronomik koʻchalar ham tashkil etilayotgani boisi shunda. Bunday koʻchalardagi obyektlar kechasi bilan ishlab, odamlarga xizmat koʻrsatadi. Asosan savdo va ovqatlanish nuqtalari, turli servis manzillari joylashadi. Atrofida hordiq chiqarish uchun yashil zonalar, dam olish maskanlari tashkil etiladi. Turli xildagi chiroqlar bilan yoritilib, koʻcha boʻylab noodatiy dizayndagi haykallar, favvoralar oʻrnatiladi.
Bu odamlarga qulaylik yaratish barobarida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilyapti. Gap shundaki, gastronomik koʻcha masofasi belgilangach, uning ikki chetida servis obyektlari tashkil etiladi. Buning uchun turar joylarning birinchi qavatlari noturar obyektlarga aylantirilib, foydalanishga topshirilyapti. Soʻng ularda turli xildagi xizmat koʻrsatish maskanlari ishga tushirilib, bir koʻchaning oʻzida oʻnlab yangi tadbirkorlik subyektlari paydo boʻlmoqda. Buning ortidan yuzlab, minglab odamlar bandligi taʼminlanyapti.
Chilonzor tumanidagi Al-Xorazmiy koʻchasi geografik jihatdan qulay boʻlishiga qaramasdan, avvallari ancha koʻrimsiz joy boʻlgan. Odamlar faqat oʻtish yoʻli sifatida foydalangan. Koʻchaning 1,5 kilometr qismi oʻtgan yili gastronomik hududga aylantirilgach, bu yerda harakatlanadigan insonlar oqimi bir necha barobarga oshdi. Koʻchada 74 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 28 tasining faoliyati kengaytirilishi natijasida 318 ta ish oʻrni yaratildi. 130 ta tadbirkorlik subyekti faoliyati 24/7 ish rejimiga oʻtkazildi.
— Shu koʻchadagi bir binoni ijaraga olib, “Zoʻr joy” nomi bilan ovqatlanish maskani tashkil etdim, — deydi tadbirkor Mahmudjon Abdurashidov. — Bu yerda tez pishadigan taomlar tayyorlanadi. Ish boshlaganimizga bir oy boʻldi. Binoni ijaraga olish, ruxsatnoma ishlarining barida tuman hokimligi, mahalla vakillari yonimda turib, yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi. Binoning tashqari qismidagi 70 kvadrat metr joydan foydalanishimga ham ruxsat berilgan. U yerda hozirda urfga kirgan kapsulalarni oʻrnatganmiz. Bu koʻproq odamga xizmat qilishni taʼminlaydi. Hozir 6 ta katta kapsula bor. Ularda har qanday ob-havo sharoitida oʻtirib ovqatlanish uchun barcha sharoitlar qilingan. Yorugʻ, shinam, issiq kapsulada hatto minus daraja sovuqda ham odamlar yengil kiyimda oʻtirib taomlanyapti. Atrofimizda oʻnlab ovqatlanish maskanlari bor, shunga qaramay har biriga talab yuqori. Chunki odamlar koʻp, daromad ham yomon emas. Hozircha kuniga 200 ta odamga xizmat koʻrsatyapmiz. Qisqa vaqtda buni 400–500 taga yetkazishni moʻljallaganmiz.
Bogʻchada Finlyandiya tajribasi
Sharoit yaratib berilsa, qoʻrquv boʻlmasa, tadbirkorlar soni koʻpayaverarkan. Buni mamlakatimiz amaliyotida koʻryapmiz. Har bir mahallada 50 tadan mikroloyiha yaratish harakati aytishgagina oson. Ammo uning koʻlami tasavvur qilinsa, aql shoshib qoladi.
Taklifga yarasha talabning ham borligi asosiy jihatlardan biri. Farzandli odamlar yaxshi biladi, keyingi yillarda yurtimiz boʻylab qanchadan qancha xususiy taʼlim maskanlari ochilyapti. Bu ham boʻlsa, barcha sohalar qatori ilmga, taʼlimga boʻlgan eʼtibor karrasiga oshgani misoli. Tadbirkorlik jihatidan ham bu yaxshi yoʻnalishga aylandi. Xususiy bogʻcha va maktablar soni ortgani sari ota-onalarda ham tanlov imkoniyati kengayib, bu tadbirkorlarning yanada oʻz ustida ishlashi, bilim berishda sogʻlom raqobatga kirisha olishiga turtki beryapti.
Chilonzor tumanining Sharaf mahallasida oʻtgan yilning oxirida ishga tushgan yana bir tadbirkorlik loyihasi — “Fairy tail” nomli xususiy bogʻcha ham bolalarni Finlyandiya tajribasi asosida oʻqitish hamda muassasada barcha qulayliklarni yaratish orqali zamonaviy yondashuvlarni qoʻllamoqda. Bu yerda bir qavatli savdo-servis obyektini “oʻstirish” hisobiga toʻrt qavatli bolalar bogʻchasiga aylantirildi. Loyiha ishga tushishi ortidan 45 kishining bandligi taʼminlandi, ularning aksari hududdagi kam taʼminlangan oilalar aʼzolari.
— Bogʻcha toʻrt qavat hamda tom qismidagi oʻyin maydonchasidan iborat boʻlib, 200 dan ortiq bola oʻrniga ega, — deydi ish yurituvchi Madina Dadaboyeva. — Bizda bolalarga Finlyandiya tajribasi asosida taʼlim beriladi. Gap shundaki, bu tajriba dunyoda yetakchi boʻlib, bolalarga oʻyinlar orqali bilim berish metodikasi hisoblanadi. Bu tajribani chuqurroq oʻrganib, amaliyotga tatbiq etish maqsadida avval oʻzim, keyin tarbiyachilarimiz maxsus xorijlik mutaxassis yordamida oʻqib, xalqaro diplomni oldik. Chunki hozirgi kunda ota-onalar qoʻyadigan asosiy talablardan biri bu — sifatli bilim, toza, shinam sharoit, sifatli ovqatlanish hisoblanadi. Bizda ana shularning bariga jiddiy eʼtibor qaratilgan. Bogʻchada robototexnika, musiqa, aktyorlik mahorati kabi koʻplab toʻgaraklar bor. Bolalar uchun sogʻlomlashtiruvchi massaj, suzish, sport mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilgan. Har hafta tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi.
Bogʻchadagi har bir xona eshigi va devorlar ranglari bolalarning yoshi, psixologiyasiga koʻra tanlangan. Oʻyinchoq, idish-tovoqlardan tortib, zamonaviy jihozlarning bari ekologik mahsulotdan. Har bir xonaga havo tozalagichlar, elektron interaktiv doskalar oʻrnatilgan. Ayniqsa, xavfsizlikka alohida eʼtibor qaratilgan. Hech qayerda burchak yoʻq, karovatlar ham faqat bir qavatli. Tomdagi bolalar maydonchasida esa xorijdan olib kelingan maxsus toʻshama yotqizilgan boʻlib, bola yiqilsa ham lat yemas ekan. Bogʻcha boʻylab oʻrnatilgan 200 dan oshiq kuzatuv kameralari xotiralarini esa ota-onalar ham bemalol, shaffof tarzda koʻrishi mumkin.
Sharaf mahallasi hokim yordamchisining aytishicha, oʻtgan yili bu yerda ham 50 ta mikroloyiha ishga tushirilgan. Joylarni ajratishda asosan koʻp qavatli uylar yertoʻlasi, birinchi qavatlaridan foydalanilyapti. Tadbirkorlar ish boshlashi uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratib berilmoqda. Maqsad esa yurtimizda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash orqali aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va har bir oila daromadi hamda farovonligini oshirishga qaratilgan.
Yurtimizdagi har bir mahalla ushbu xayrli ishlarga bosh-qosh boʻlmoqda. Mahalla chin maʼnoda birlashtiruvchi, yoʻnaltiruvchi tizimga aylandi. Bu harakatlar natijalari esa jamiyat yuksalishi, odamlar turmush farovonligi, yurt taraqqiyotiga xizmat qilayotgani barchamizni quvontiradi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri