O‘zbekiston prezidenti farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qaror loyihasida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish choralari nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2028-yil 1-yanvardan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan har bir mahallada xavf indikatorlarini avtomatik ravishda tahlil qilish tizimi joriy etiladi. Natijalarga ko‘ra mahallalar uch darajaga ajratiladi:

yashil — xavfsiz, rejali nazorat yetarli;

sariq — ehtiyot choralari talab etiladi;

qizil — xavf yuqori, texnik-profilaktika ko‘riklari va kuchaytirilgan nazorat zarur.

Shuningdek, mahallalarda favqulodda vaziyatlarni barvaqt oldini olish maqsadida aholi xonadonlarida texnik-profilaktika ko‘riklarini tashkil etish, gaz va elektr jihozlarining texnik reglamentlarga muvofiqligini monitoring qilish hamda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli idoralarga elektron ma’lumot yuborish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Har bir mahalla bo‘yicha xavfsizlik pasporti shakllantirilib, xavf darajalari muntazam qayta baholab boriladi. Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar sonining kamayishi, aholining tayyorgarlik darajasi hamda tezkorlik indeksi kabi samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida tahlil amalga oshiriladi.

Qaror loyihasi, shuningdek, sohani 2028–2030-yillarda sun’iy intellekt va geoaxborot tizimlari asosida raqamli transformatsiya qilishni ham nazarda tutadi.