Uy qurilishi yoki ta'miriga bel bog'lagan inson, avvalo, qurilish materallari haqida bosh qotiradi. Bir necha yillar oldin asosan xorijdan qimmat narxlarga olib kelinadigan bu turdagi mahsulotlar bugun o'zimizda, sifatli, keng tur va hamyonbop narxlarda ishlab chiqarilayotgani aholiga yengillik yaratmoqda.
Bir yil muqaddam Qashqadaryo viloyati G'uzor tumanida “DSX Lider Super House” MCHJ shaklidagi shifer zavodini tashkil qilgan yosh tadbirkor Avzalbek Mo'minov Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonalari arafasida ishlab chiqarish korxonasining 3-liniyasini ishga tushirdi.
— Hozirgi kunda bizning korxona viloyatdagi yagona shifer zavodi hisoblanadi, — deydi MCHJ rahbari Avzalbek Mo'minov. — Shu bois, buyurtmalarimiz nihoyatda ko'p. Ba'zan mahsulot ishlab chiqarib, xaridorlarga yetkazib berishga ulgurmaymiz. Ish hajmimiz Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari bilangina cheklanib qolgani sababli, uni yanada kengaytirish maqsadida zavodning 3-liniyasini ishga tushirdik. Endilikda, yiliga 6-7 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarib, ularni respublikamizning boshqa viloyatlari hamda xorij davlatlariga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Loyiha qiymati 3 million AQSH dollari bo'lgan mazkur korxona tadbirkorning o'z mablag'i hamda unga ajratilgan imtiyozli kredit asosida tashkil etildi. Zavodning bitta liniyasida sutkasiga 2 ming dona shifer ishlab chiqarilgan bo'lsa, endilikda, bu ko'rsatkich 10-12 ming donaga yetishi aytilmoqda.
Umumiy maydoni 2,5 gektar bo'lgan zavod Xitoydan olib kelingan eng zamonaviy shifer ishlab chiqarish liniyalari bilan jihozlangan. Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 120 nafar ishchining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Ular zamonaviy texnologiyalarni boshqarib, bir-biriga zanjir kabi ulangan ish tizimining to'g'ri ishlashiga javob beradi.
Avzalbek akaning aytishicha, zavodda eng kam oylik maosh 2 million so'm. Yangitdan ishga tushgan 3-liniyada yana 50 nafar ishsiz, kam ta'minlangan yoshlar ish bilan ta'minlanadi. Korxona rahbarining ta'kidlashicha, ishlash istagidagi va qiziqishi bo'lgan istalgan yosh ishga qabul qilinib, mutaxassislarning o'zlari ularga malaka o'rgatadi.
Zavodda ish avvali loy qorishmasi tayyorlashdan boshlanadi. So'ng ular maxsus qoliplarga solinib, pechkaga kiritiladi. 6-8 soat oralig'ida tayyor mahsulot holiga keladi. Ishlab chiqarish jarayonida shiferlar sifati yo'qolmasligi uchun barcha jarayon, xususan, aralashmaning qoliplarga to'g'ri tushishi, tekisligi doimiy nazoratga olinadi. Qurilish materiali to'liq mahalliy xomashyodan tayyorlanib, uning asosiy qismini sement tashkil etadi.
Sohada yaratilayotgan imkoniyat va qulayliklar mahalliy tadbirkorlar, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun bir qator yengilliklar bermoqda.
— Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashuvi bizga katta kuch berdi, — deydi korxona rahbari Avzalbek Mo'minov. — Muammolarimiz ochiq aytildi, yanada ko'plab imtiyozlar taqdim etiladigan bo'ldi. Albatta, bu bizga bildirilgan katta ishonch va mas'uliyatdir. YAnada ko'proq ishlashimizga motivatsiya bo'ldi, desam adashmayman. Korxonamiz bu ishlar bilan to'xtab qolmaydi, imkoniyatlardan foydalanib, faoliyatimizni bundanda kengaytirish ustida ish olib boramiz.
Ha, Avzalbekning oldiga qo'ygan maqsadlari bisyor. Har bir narsa insonnnig o'zidan, harakat qilgan, albatta, niyatiga etadi, degan shiorga amal qiladigan yosh tadbirkor yaqin oylarda zavodiga gipsokarton ishlab chiqarish liniyasini o'rnatmoqchi. 2022-yildan boshlab ushbu turdagi qurilish materialini ishlab chiqarishni, faoliyatini kengaytirish orqali yanada ko'proq yoshlarni ish bilan ta'minlashni maqsad qilgan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri