mavjud resurslar hisobiga qanday qilib barqaror oʻsishni taʼminlash mumkin? Global bozorlardagi beqarorlik, logistika zanjirlarining uzilishi, importga qaramlikning xavfli oqibatlari bu savolning dolzarbligini oshirmoqda.
Ana shunday sharoitda Prezidentimizning 2026-yil 4-fevraldagi “Mahalliy ishlab chiqarish va sanoat kooperatsiyasini yangi tizim asosida rivojlantirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni nafaqat iqtisodiy, balki strategik tafakkur mahsuli sifatida eʼtibor qozondi. Chunki farmonda belgilangan vazifalar muammolarni oqibat darajasida emas, balki ildizidan hal etishga qaratilgan. U ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan cheklanib qolmay, iqtisodiyotda yaratilayotgan qoʻshilgan qiymat, sanoat zanjirlari aniqligi va hududlarning real iqtisodiy faolligini asosiy mezon sifatida belgilaydi.
Uzoq yillar davomida koʻplab hududlar, jumladan, Qashqadaryo ham xomashyo yetkazib beruvchi viloyatlardan biri edi. Don, goʻsht, sut, meva-sabzavot kabi mahsulotlar yetishtirilar, ammo deyarli qayta ishlanmasdi. Natijada hududda yaratilishi mumkin boʻlgan qoʻshilgan qiymat boshqa joylarda shakllandi. Bu holat iqtisodiy mantiq nuqtai nazaridan ham, hududiy rivojlanish manfaatlari jihatidan ham toʻgʻri emas edi. Prezidentimiz farmoni aynan shu nomutanosiblikni bartaraf etishga qaratilgan. Jumladan, sanoat kooperatsiyasiga oddiy hamkorlikdan tashqari bozor mexanizmlariga asoslangan manfaatli tizim sifatida qaralmoqda. Ammo majburiy emas. Yirik korxonalar uchun zarur butlovchi qismlar, xomashyo va xizmatlarni imkon qadar ichki bozordan xarid qilish orqali kichik va oʻrta biznes ishlab chiqarish jarayoniga bevosita ulanadi. Bu, bir jihatdan, yirik ishlab chiqaruvchilar xarajatini optimallashtirsa, ikkinchi jihatdan, hududiy tadbirkorlik subyektlariga barqaror buyurtmalar manbaini yaratadi. Aynan shu omil farmonning hayotiyligini yaqqol koʻrsatadi.
Farmonda oziq-ovqat sanoatining drayver soha sifatida belgilanishi Qashqadaryo uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki viloyatning tabiiy iqlim sharoiti, xomashyo bazasi va mehnat resurslari bu tarmoqni chuqur rivojlantirish uchun yetarli. Ammo chuqur rivojlanish deganda faqat yangi sexlar ochish emas, balki texnologik yangilanish, sifat standartlarini joriy etish, saqlash, qadoqlash va logistika zanjirlarini toʻliq shakllantirish ham nazarda tutilmoqda. Farmon bilan ana shu jarayonlar yagona tizimga bogʻlanmoqda.
Davlat xaridlari tizimida joriy etilayotgan yangi yondashuvlar ham alohida eʼtiborga loyiq. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan narx preferensiyalari, xaridlarni lotlarga boʻlish, ishonchlilik reytinglari kabi mexanizmlar oddiy tadbirkor uchun davlatni real hamkor sifatida koʻrsatadi. Bu yondashuv, ayniqsa, oziq-ovqat sanoatida faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun muhim. Chunki barqaror bozorsiz ishlab chiqarishni kengaytirish haqida gap boʻlishi qiyin. Farmonda esa aynan shu barqarorlikni taʼminlash koʻzda tutilgan.
Hujjatda moliyaviy va texnologik qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham aniq va ochiq yondashilgan. Imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, bojxona preferensiyalari aniq muddat va mexanizmlar bilan belgilangan. Bu esa tadbirkor uchun eng muhim omil — ishonchni yaratadi. Ishonch bor joyda esa tashabbus, sarmoya va masʼuliyat boʻladi.
Farmondagi uzoqni koʻzlagan jihatlardan yana biri — kadrlar masalasiga eʼtibor. Bugungi sanoatni faqat mablagʻ yoki texnika bilan rivojlantirib boʻlmaydi. Malakali muhandis, texnolog, sifat nazoratchisi va boshqaruvchi boʻlmasa, har qanday loyiha qogʻozda qolib ketadi. Shu sababli farmonda taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi alohida yoʻnalish sifatida belgilangan. Bu, ayniqsa, hududiy oliy taʼlim muassasalari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.
Mazkur farmon rahbarlar uchun ham aniq xabar beradi: endi natija hududda yaratilgan real iqtisodiy qiymat bilan oʻlchanadi, hisobot bilan emas. Qaysi tarmoqda qanday kooperatsiya yoʻlga qoʻyildi, qaysi mahsulot import oʻrnini bosdi, qaysi loyihalar ish oʻrni ochdi — mana shu savollar bosh mezonga aylanadi. Shu bilan birga, farmon rahbarlarga aniq tayanch ham beradi, yaʼni tashabbus koʻrsatgan, masʼuliyat bilan ishlagan rahbar uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.
Prezidentimizning navbatdagi farmoni bugungi iqtisodiy vaziyatda kechiktirib boʻlmaydigan, oʻz vaqtida va chuqur oʻylangan qaror sifatida baholanishi lozim. Qashqadaryo viloyati uchun bu hujjat xomashyo yetkazib beruvchi hududdan yuqori qoʻshilgan qiymat yaratuvchi sanoat makoniga aylanish imkoniyatini beradi. Agar farmon mazmuni joylarda toʻgʻri tushunilib, izchil amalga oshirilsa, samarasi nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlarda, balki odamlarning kundalik hayotida ham seziladi. Eng muhimi, bu hujjat davlatimiz rahbarining mamlakatni uzoqni koʻzlab, masʼuliyat bilan boshqarayotganining yana bir yaqqol tasdigʻidir.
Alijon ABDURAHMONOV,
texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori