Bugungi kunda tumanda 1 million soʻmlik mahsulot yaratish uchun oʻrtacha 126 kilovatt-soat elektr sarflanayapti. Bu – viloyatni qolgan tumanlaridan 2 karra koʻp.
Sababi – 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yoʻq.
Vaholanki, tumandagi tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot qimmatligi uchun bir yildan buyon sotilmay tashlandiq yotibdi. Yana uzoq yillardan beri boʻsh turgan 5 ta obyekt auksionga chiqarilmagan.
Tumandagi birorta mahallada xom ashyoni yetkazish, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga oʻrgatish va kooperatsiya qilish boʻyicha tayinli ish olib borilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Bu borada mahalliy sanoatga masʼul 13 ta uyushma Sayxunobodga 2023-yilda biror marta kelmagan. Bu yil uchun ham reja qilmagan.
Tumanni eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Masalan, Sayxunobod – aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq boʻlgan 26 ta tumandan biri. Lekin buning 10 foizi ishlatilyapti, asosiy ekin – beda bilan makka boʻlib qolgan.