Mahbuslarni majburlab ishlatgan Andijonda hibsxona boshligʻi ishdan olindi

    Andijon viloyati Izboskan tumani IIB Vaqtincha saqlash hibsxonasining 6 nafar xodimiga nisbatan intizomiy choralar qoʻllandi.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur intizomiy chora joriy yilning mart oyida ushbu vaqtincha saqlash hibsxonasi (VSʼH)dagi sharoitlarni oʻrganish natijalariga koʻra belgilangan.

    Monitoring jarayonida sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinmasligi, moddiy-texnik taʼminot boʻyicha jiddiy kamchiliklar, kanalizatsiya tizimidagi muammolar va ayrim mahbuslarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari aniqlangan.

    Ombudsman tomonidan ushbu holatlar yuzasidan Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga rasman murojaat yoʻllanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda bunday holatlarning kelgusida takrorlanmasligini taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrish soʻralgan.

    Ombudsmanga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, monitoring yakunlariga muvofiq 6 nafar xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan va ularga nisbatan intizomiy choralar qoʻllanilgan. Xususan, 1 nafar xodim Intizomiy kengash muhokamasiga qoʻyilgan, 2 nafar xodimga tanbeh, yana 2 nafar xodimga hayfsan intizomiy jazosi berilgan. Vaqtincha saqlash hibsxonasi rahbari esa ichki ishlar organlari safidan oʻz arizasiga koʻra boʻshatilgan.

    Ayni paytda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan boʻlib, ularning toʻliq hal etilishi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) doimiy nazoratida boʻladi.