Murojaat nazoratga olinib, vaziyatni oʻrganish va tegishli choralar koʻrish uchun ombudsmanning hududiy vakili Jenisbay Shlimbetovga yuborildi.
Ombudsmanning hududiy vakili koʻrgan choralar natijasida mahkuma Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpogʻiston filialiga davolanish uchun yuborildi. Mahkuma 2 oydan ortiq vaqt davomida ushbu muassasada kerakli muolajalarni olgan.
Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi hududiy vakili Murodilla Normurodov Koson tumanidagi 10-jazoni ijro etish muassasasida sayyor qabul oʻtkazganida mahkum Q.X. oilasi ijtimoiy yordamga muhtojligini maʼlum qildi. U voyaga yetmagan farzandlari borligi, turmush oʻrtogʻining ishlab topgan puli oilani tebratishga yetmasligi sababli u bola puli olishga harakat qilayotganini aytgan. Ammo mahkumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yangilash muddati oʻtib ketgani sababli hujjatlarni rasmiylashtirishda muammolar yuzaga kelganini bildirgan.
Mahkum oilasining ijtimoiy holati inobatga olinib, arizasi boʻyicha tegishli organlarga murojaat qilindi va unga shaxsni tasdiqlovchi hujjat ID karta rasmiylashtirildi.
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi hududiy vakiliga 36-manzil-koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan buxorolik mahkum T.I. oilasiga moddiy yordam koʻrsatilishida yordam soʻrab murojaat qilgan. Aniqlanishicha, 2020-yilda tabiiy ofat sababli mahkumning oilasi yashab kelayotgan Qorakoʻl tumanidagi uyga zarar yetgan. Tabiiy ofat natijasida zarar koʻrgan oilalarga hokimlik tomonidan qurilish materiallari olib berilgan. Mahkum murojaatida uyni kapital taʼmirlashni istashi, buning uchun yana qoʻshimcha qurilish mahsulotlarini sotib olish kerakligi, lekin moddiy imkoniyati yoʻqligi sababli yordam soʻragan.
Murojaat Ombudsmanning Navoiy va Buxorodagi hududiy vakillari hamkorligida koʻrib chiqildi. Ombudsmanning Buxorodagi hududiy vakili Abira Xuseynova murojaatni joyiga chiqib oʻrganish maqsadida mahkum oilasi yashayotgan manzilga bordi. Oʻrganish davomida haqiqatan ham mahkum oilasi ogʻir sharoitda yashashi maʼlum boʻldi. Ularga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha tuman hokimlikka murojaat qilinib, kerakli qurilish materiallari olib berildi.