Prezident tomonidan 15.02.2023-yildagi “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi O'RQ-817-son Qonun imzolandi.
Hujjatga muvofiq, endilikda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o'tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to'langan bo'lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo'shib hisoblanadi.
Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksiga quyidagilarni nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda:
- mahkumlarga nisbatan qiynoq va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llashga taqiq;
- mahkumlarning surdotarjimon xizmatidan foydalanish huquqini belgilash;
- jazavaga tushgan mahkumlarga tinchlantirish ko'ylagini qo'llash chorasini bekor qilish;
- kameralarda jazo o'tayotgan mahkumlarga kinofil`m va teleko'rsatuvlar ko'rishga taqiqni bekor qilish;
- I va II guruh nogironligi bo'lgan mahkumlarga yashash maydoni normasini 3 kv.m. dan kam bo'lmasligini belgilash;
- jazoni ijro etuvchi muassasaning mahkumlarga oylik to'lash uchun sarflanadigan xarajatlarini ijtimoiy soliqqa tortish.
Shuningdek, endilikda mahkumlarga rag'batlantirish choralarini qo'llashda ularning tuzalish yo'liga o'tganligi inobatga olinadi (ishlari – ijobiy xulosa asosida). Xulosa maxsus komissiya tomonidan beriladi
Komissiya tarkibiga jamoatchilik vakillaridan, qoida tariqasida, xalq deputalari mahalliy Kengashlari deputatlari, ombudsmanning mintaqaviy vakillari, o'zini o'zi boshqarish organlarining, jamoat tashkilotlarining hayotiy tajribaga va aholi o'rtasida obro'-e'tiborga ega bo'lgan vakillari kiradi.
Tuzalish yo'liga o'tganligi quyidagi mezonlar asosida belgilanadi:
- mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo'lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko'nikmalarining shakllanganligi, o'qishga va kasb-hunar o'rganishga qiziqishi;
- mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma'rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo'lishga intilishi;
mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o'rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag'batlantirish choralari qo'llanilganligi, unga intizomiy jazo chorasi qo'llanilmaganligi.