Bizning “Maʼrifat karvoni”miz ham yoʻlga tushdi, biroq uning yuki boshqacha. Uning yuki — kitoblar, gʻoyalar, fikr, savol va mulohazalar hamda shukronalik. Manzili esa viloyat markazlarigina emas, balki tuman, mahalla, tashkilot, taʼlim muassasalari hamda eng asosiysi, odamlar qalbidir.
Shu maʼnoda, Respublika Maʼnaviyat va
maʼrifat markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Maʼrifat karvoni”ni oddiy
targʻibot tadbirlari silsilasi deb qarab boʻlmaydi. Bu fikrni joylarga olib
borish, uni muhokama qilish, odamlarning savollariga javob izlash, eng muhimi,
islohotlar mazmun-mohiyatini hayotiy misollar bilan anglatishga qaratilgan
maʼrifiy harakatdir.
Bugun odamlarga balandparvoz gap
emas, ishonchli dalil kerak. Quruq shior emas, hayotiy misol kerak. Bir
tomonlama maʼruza emas, ochiq muloqot qiziq. Shuning uchun biz bu safarni,
avvalo, oʻzimizdan boshladik.
Avvalo, taʼkidlash lozimki,
targʻibotchi shunchaki notiq emas.
Prezidentimizning mustaqilligimizning
35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi oʻtgan oʻttiz besh
yillik taraqqiyot yoʻlini sarhisob qilish bilan birga oldimizda turgan yangi
vazifalarni ham aniq belgilab berdi. Nutqda inson qadri, erkinlik, iqtisodiy
taraqqiyot, taʼlim, tibbiyot, yoshlar, ilm-fan, sunʼiy intellekt va intellektual
salohiyat kabi oʻzaro bogʻliq ulkan masalalar bir butun taraqqiyot manzarasi
sifatida namoyon boʻldi.
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari
orasidan eng munosib olimlar, professor-oʻqituvchilar, ijodkorlar, maʼnaviyat
va maʼrifat sohasi vakillari, yetuk salohiyatli ziyolilar saralandi. Zero,
targʻibotchi, avvalo, oʻzi ishongan narsasigagina boshqalarni ishontira oladi.
Biz targʻibotchini minbarga chiqib gapiradigan inson emas, jamiyat bilan
muloqot qiladigan ziyoli sifatida koʻramiz. Uning vazifasi tayyor javobni
aytishgina emas. U savolni eshitishi ham kerak. Baʼzan esa odamning bitta
savoli butun bir maʼruzadan taʼsirliroq boʻladi.
“Maʼrifat karvoni”ning bugungi faoliyatini
uch bosqichli jarayon sifatida koʻrish mumkin. Birinchi bosqich — respublika
miqyosidagi tayyorgarlik. Avvalo, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining
olimlardan iborat aʼzolari ishtirokida seminar tashkil etildi. Prezidentimiz
nutqining asosiy gʻoyalari, unda keltirilgan raqamlar, islohotlarning falsafasi
va natijalarini qanday talqin etish masalalari muhokama qilindi. Keyin bu ish
vazirlik va idoralar, hududlar kesimida davom ettirildi. Yaʼni biz “Nima deyish
kerak?” degan savol bilan cheklanmadik. “Qanday qilib inson shuuriga yetkazish
kerak?” degan savolni ham oʻrtaga qoʻydik.
Ikkinchi bosqich hududlarga
chiqishdan iborat edi. Viloyatlarda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati
aʼzolari uchun seminar-treninglar oʻtkazildi. Respublikadan borgan olimlar,
ziyolilar va mutaxassislar tajribalarini mahalliy targʻibotchilar bilan
oʻrtoqlashdi.
Eng muhimi, bu yerda tayyor matnni
koʻchirib olishga emas, fikrlash, dalil keltirish va muloqot qilish mahoratiga
eʼtibor qaratildi.
Uchinchisi esa, menimcha, eng muhim
bosqichdir. Chunki endi hududlarda saralangan, tayyorlangan targʻibotchilarning
oʻzi tumanlar, shaharlar, tashkilotlar, taʼlim muassasalari va jamoalarga
chiqib, uchrashuvlar, suhbatlar, ochiq muloqotlar oʻtkazadi.
Bir karvon minglab muloqotlarga
aylanadi. Bu jarayonning kuchli tomoni ham shunda. Hozirga qadar vodiy
viloyatlari — Andijon, Fargʻona, Namangan, shuningdek, Surxondaryo, Qashqadaryo,
Xorazm, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Navoiy, Buxoro kabi
hududlarda maʼrifiy seminar va uchrashuvlar tashkil etildi. Turli hududlarda
turlicha xarakter, turli muammo va ehtiyojlar mavjud. Ammo bitta umumiy nuqta
bor: bu — inson.
Prezidentimiz nutqidagi “inson qadri”
gʻoyasi aynan shu yerda oʻzining haqiqiy mazmunini ochadi. Chunki Toshkentda
aytilgan raqam Fargʻonada bir oilaning hayoti bilan, Namanganda bir yoshning
orzusi bilan, Buxoroda bir olimning izlanishi bilan, Qoraqalpogʻistonda bir
insonning ertangi kunga ishonchi bilan tutashadi. Shuning uchun biz targʻibot
jarayonida raqamlarni shunchaki sanab oʻtmaslikka harakat qilyapmiz. Masalan,
Fargʻona viloyatida 2025-yilda 3-7 yoshli 306 ming, yaʼni 86,4 foiz bola
maktabgacha taʼlimga qamrab olingani haqida rasmiy maʼlumot bor. Viloyatda ayni
paytda 4318 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda.
Endi shu raqamni oddiy statistika
sifatida emas, bir ona taqdiri orqali tasavvur qilib koʻraylik. Bola bogʻchaga
boryapti. Ona esa ishlayapti, kasb oʻrganyapti, tadbirkorlik qilyapti yoki
oʻzini rivojlantiryapti. Demak, bitta bogʻcha oʻrni ortida baʼzan butun bir
oilaning imkoniyati kengayadi.
Andijondagi maktabgacha taʼlim
qamrovining yillar davomida sezilarli oʻsishi haqidagi maʼlumotlar ham shu
haqiqatni koʻrsatadi. Namanganning Uychi tumanida esa 3-7 yoshli bolalarni
maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasining 2016-yildagi 32 foizdan
2025-yilda 95,6 foizga yetgani kabi raqamlar islohotning hududdagi aniq
ifodasini koʻrsatadi.
Bu raqamlarning har biri ortida inson
bor. Shuning uchun raqamlar biz uchun maqsad emas. Raqam inson hayotidagi
oʻzgarishni koʻrsatadigan mezon hisoblanadi. Inson qadri esa shior emas, oʻz
oʻlchovlariga ega siyosatdir.
Prezidentimiz nutqidagi eng katta
gʻoyalardan biri, menimcha, shu: iqtisodiy oʻsishning oʻzi taraqqiyotning
oxirgi maqsadi emas. Iqtisodiyot inson uchun ekanini, investitsiya yangi
imkoniyatlar yaratishini, sanoat ish oʻrinlarini koʻpaytirishini, taʼlim inson
kapitali manbai ekanini, tibbiyot inson umri va salomatligini taʼminlashini,
texnologiyalar esa inson imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishini yaxshi
bilamiz. Bir soʻz bilan aytganda, bular inson qadrini oshiruvchi
tushunchalardir. Shu bois, “inson qadri” tushunchasi ham mavhum ibora boʻlib
qolmaydi. Demak, uni qaysidir darajada oʻlchash mumkin.
Masalan, qancha odam ishli boʻlgani,
qancha oila kambagʻallikdan chiqqani, qancha bola bogʻchaga qamrab olingani,
qancha yoshlarimiz oʻzi istagan yoʻnalishda oliy taʼlim olayotgani, qancha
xotin-qizlarimiz Uchinchi Renessansning yangi qiyofasi boʻlib ilm-fanga kirib
kelayotgani, qancha bemor oʻz hududida sifatli davolanish imkoniga ega
boʻlgani, qancha yosh oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻygani va, eng muhimi,
qanchasi ertangi kuniga ishonch bilan qarayotgani... Bularning barchasi
islohotlarning inson hayotidagi haqiqiy samarasini koʻrsatadi.
Taʼlimdagi raqamlar esa kelajakka
berilgan javob. “Maʼrifat karvoni” doirasidagi suhbatlarda taʼlim mavzusiga
alohida eʼtibor qaratishimizning sababi ham shunda. Chunki taʼlimga sarmoya
bugunning emas, ertaning natijasidir.
Biz qanday avlodni tarbiyalayapmiz?
Faqat yodlaydigan avlodnimi? Yoki fikrlaydigan, savol beradigan, izlanadigan,
yaratadigan avlodnimi? Bugun taʼlim falsafasidagi asosiy oʻzgarish ham aynan
shunda — yodlashdan fikrlashga oʻtishda.
Oliy taʼlimda talabalar soni 1
million 600 ming nafarga yetgani esa yana bir muhim haqiqatni koʻrsatadi: oliy
maʼlumot endi tor doiradagi imtiyoz emas, keng omma uchun erishish mumkin
boʻlgan maqsadga aylanmoqda.
Ayniqsa, talabalar orasida
xotin-qizlar salmogʻi yuqoriligi biz uchun shunchaki demografik koʻrsatkich
emas. Bilimli qiz — bilimli oila. Bilimli oila — bilimli avlod. Bilimli avlod —
maʼrifatli jamiyat. Shu bois, qizlarning ilm-fan, AT, muhandislik va aniq
fanlarga kirib kelishi jamiyatning ertangi intellektual qiyofasiga daxldor
masaladir.
Oʻn million yosh esa oʻn millionta
imkoniyat degani. Shu maʼnoda, “Maʼrifat karvoni”da yoshlar mavzusi alohida
oʻrin tutishi tabiiy. Chunki mamlakat kelajagi haqida gapirib, yoshlar haqida
gapirmaslik mumkin emas.
10 million yoshni raqamli industriya
va kelajak kasblariga olib kirish vazifasi belgilandi. Men bu raqamni faqat
miqdor emas, 10 million imkoniyat sifatida qabul qilaman. Ularning har biri —
yangi gʻoya. Har biri — yangi kasb. Har biri — yangi ixtiro. Har biri
Oʻzbekistonning yangi intellektual qudrati degani.
“Oʻzbek tili raqamli dunyoda ilm va
texnologiya yaratiladigan til boʻlishi lozim” degan gʻoya esa bundan ham
chuqurroq maʼno kasb etadi. Zero, milliy til faqat muloqot vositasi emas. U ilm
yaratiladigan tilga aylansa, millatning intellektual mustaqilligi
mustahkamlanadi. Shuning uchun bugun oʻzbek tilida sifatli raqamli kontent
yaratish, ilmiy maʼlumotlar bazasini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar va
sunʼiy intellekt tizimlarida milliy til imkoniyatlarini oshirish
tilshunosninggina emas, olimning, dasturchining, muhandisning, ijodkorning ham
vazifasidir.
“Maʼrifat” targʻibotchilar
jamiyatining bugungi faoliyatida men uchun eng muhim jihatlardan biri olimning
oʻz kabineti va auditoriyasidan chiqib, xalq bilan yuzma-yuz muloqotga
kirishayotganidir. Olim faqat maqola yozadigan yoki maʼruza qiladigan inson
emas. Olim jamiyat oldidagi masʼuliyatini his qilganida uning ilmi ijtimoiy
kuchga aylanadi.
Kuchli gʻoyani kuchli fikr egasi
tushuntira oladi. Hududlarda ham targʻibotchilarni tanlashda aynan shu mezonga
amal qildik. Chunki maʼrifatni ommalashtirish uchun, avvalo, maʼrifatli odamlar
harakati kerak.
“Maʼrifat karvoni” tadbirlaridagi uch
asosiy yoʻnalish tasodifiy tanlanmagan. Birinchisi — islohotlar falsafasidan
iborat. Yaʼni biz nimani oʻzgartiryapmiz emas, nega oʻzgartiryapmiz degan
savolni oʻrtaga qoʻyib, eʼtiborni yechimga qaratdik.
Ikkinchisi — diniy-maʼrifiy sohadagi
islohotlar va bunyodkorlik ishlari. Bu yoʻnalish maʼrifat, bagʻrikenglik,
milliy va diniy qadriyatlarni toʻgʻri anglash, yoshlarni turli yot gʻoyalardan
asrash kabi muhim vazifalarni qamrab oladi.
Uchinchisi — zamonaviy yoshlar,
ilm-fan va innovatsiyalar. Chunki kelajak haqida gapirib, ilm-fan va yoshlarni
chetda qoldirib boʻlmaydi.
Bunday uch yoʻnalishdagi ish
tajribasi avvalgi “Maʼrifat karvoni” loyihalarida ham oʻzini oqlagan edi.
Masalan, 2024-yilda mamlakat hududlarida oʻtkazilgan tadbirlarda shu kabi uch
yoʻnalishda muloqotlar tashkil qilinib, 68 ming 870 dan ziyod ishtirokchi
qamrab olingandi. Bu tajriba bugungi maʼrifiy harakat uchun muhim maktab
vazifasini oʻtyapti desam, mubolagʻa qilmagan boʻlaman.
Biz vodiyda boʻldik. Surxondaryoda,
Qashqadaryoda, Xorazmda, Qoraqalpogʻistonda, Samarqandda, Navoiyda, Buxoroda
boʻldik. Har bir hududning oʻziga xosligi bor. Buxoroda tarix va maʼrifat
haqida gapirsangiz, odamning xotirasi boshqacha uygʻonadi. Samarqandda ilm-fan
va buyuk ajdodlar merosi haqida soʻz ochsangiz, tarix bilan bugungi kun
oʻrtasida oʻziga xos koʻprik paydo boʻladi. Vodiyda taʼlim, mehnat,
tadbirkorlik, yoshlar masalalari jonli misollar bilan muhokama qilinadi.
Qoraqalpogʻistonda taraqqiyot, inson qadri, ekologik muammolar va yangi
imkoniyatlar haqidagi suhbatning oʻziga xos ruhi bor.
Demak, bitta gʻoya turli hududlarda
turlicha tilga kiradi. Targʻibotchining mahorati ham ana shunda — bir xil
matnni hamma joyda takrorlashda emas, umummilliy gʻoyani har bir hududning
hayoti bilan bogʻlay olishdadir. Biz bu narsaga alohida eʼtibor qaratdik.
Maʼrifat aslida kelajakka ishonchning
ham yoʻlidir. Bugun jamiyatda axborot juda koʻp. Telefonda bir kunda oʻnlab
xabar oʻqiymiz. Turli fikrlarni eshitamiz. Turli talqinlarga duch kelamiz.
Shunday sharoitda haqqoniy, ishonchli va mazmunli muloqotning ahamiyati yanada
ortadi.
Insonning koʻziga qarab gapirishning
oʻrnini hech qanday ijtimoiy tarmoq bosolmaydi. Savolga yuzma-yuz javob
berishning taʼsiri boshqacha. Shu bois, “Maʼrifat karvoni”ning eng katta
kuchini uning muloqot madaniyatida koʻraman.
Biz odamlarga “Hamma narsa yaxshi”
deb ishontirish uchun bormaymiz. Biz islohotlarning natijalarini tushuntirish,
mavjud muammolar haqida ham ochiq fikrlash, savollarga javob izlash uchun
boramiz. Chunki haqiqiy ishonch koʻr-koʻrona maqtovdan emas, ochiqlik va
dalildan tugʻiladi.
* * *
Har bir raqamning ortida inson
borligini unutmasligimiz kerak. Aytaylik, kambagʻallikning qisqarishi bu oddiy
raqam emas, balki oilalar taqdirini anglatadi. Uy-joylar esa shunchaki kvadrat
metrlarni emas, oilaning xotirjamligini koʻrsatadi. Xuddi shunday, taʼlim
qamrovi — foiz emas, bolaning kelajak imkoniyati, tibbiyotdagi yutuq — yangi
uskuna emas, balki inson umrining oʻlchovi va garovidir. Yoshlarga ajratilgan
mablagʻ ham bir yigit yoki qizning orzusiga berilgan imkoniyatdir.
Ana shu nuqtada “inson qadri”
tushunchasi oʻzining haqiqiy mazmuniga ega boʻladi. Eng muhimi, karvonimiz
toʻxtab qolmaydi. Karvon endi joylarda davom etadi. Respublika bosqichi bu
yoʻlning oxiri emas, aksincha, eng muhim bosqich endi boshlanmoqda.
Viloyatlarda tayyorlangan targʻibotchilar tuman va shaharlarga, tashkilotlarga,
mahallalarga chiqishni boshladilar. Ular ham aholi bilan uchrashmoqda,
suhbatlashmoqda, savollarga javob bermoqda. Odamlar bilan fikrlashmoqda.
Tashabbuslar muhokama qilinadi.
Muhokamadan fikr tugʻiladi. Fikrdan ishonch paydo boʻladi. Ishonch esa
harakatga aylanadi. Menimcha, maʼrifatning kuchi aynan shunda.
Biz karvon bilan faqat soʻz olib
bormaymiz. Biz muloqot olib boramiz. Fikr olib boramiz. Ishonch olib boramiz.
Eng muhimi, insonga uning mamlakat taraqqiyotidagi oʻrni va masʼuliyatini his
ettirishga harakat qilamiz. Chunki yangi Oʻzbekistonni aynan bilimli, faol,
daxldor va ishonchli insonlar barpo etadi.
Taraqqiyot faqat
baland binolardan iborat emas. U insonning bilimli, sogʻlom, erkin va munosib
hayot kechirishidir. Maʼrifat esa shu haqiqatlarni anglash va anglatish
yoʻlidir. Shu bois, biz yoʻldamiz. “Maʼrifat karvoni” yoʻlda. Uning eng uzoq
manzili esa viloyatlar yoki tumanlar emas. Uning eng katta manzili — inson
qalbi. Chunki qalbda ishonch uygʻonsa, fikr oʻzgaradi. Fikr oʻzgarsa, munosabat
oʻzgaradi. Munosabat oʻzgarsa, jamiyat oʻzgaradi. Jamiyat oʻzgarsa, Vatanning
ertangi kuni yanada farovon boʻladi.
Baxtiyor HUSANOV,
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati
raisi,
pedagogika fanlari boʻyicha
falsafa doktori