Makkajoʻxorining yangi navi yaratildi

    Fan 11 Noyabr 2024 205

    Ushbu yangi nav uzun donli boʻlib, yaxshi sharoitlarda qariyb 33 santimetrga yetadi.

    Qandli makkajoʻxorining xilma-xil navlarini isteʼmol qilish madaniyati Oʻzbekistonda ortib bormoqda. Bu nafaqat sogʻlom oziqlanish, balki iqtisodiy tomondan ham foydali boʻlib, mahsulot eksport imkoniyatlarini kengaytiradi.

    Ukraina seleksionerlari Oʻzbekiston fermerlarining talablarini inobatga olgan holda, yangi “Romeo” qandli makkajoʻxori navini yaratdi, deb yozadi OʻzA. Taʼkidlanishicha, ushbu yangi nav uzun donli boʻlib, yaxshi sharoitlarda qariyb 33 santimetrga yetadi.

    “Romeo” navi Oʻzbekistonda qurgʻoqchilikka chidamli, koʻproq hosil beradigan qandli makkajoʻxori turi sifatida tanlab olingan. Bundan tashqari, Ukraina seleksionerlari tomonidan qurgʻoqchilikka chidamli boʻlgan “Jamala” navi ham ishlab chiqilgan.

    “Romeo”ning alohida xususiyati shundaki, u eng uzun soʻtali navdir. Yetarlicha kuchli duragay boʻlib, har bir poyasida ikkita yirik soʻtasi bor.

    Qurgʻoqchilikka chidamli navlar fermerlarga hosilni barqaror yetishtirish imkoniyatini beradi, bu esa iqlim oʻzgarishlari sharoitida ayniqsa muhimdir.

    Oʻzbekistonning baʼzi hududlari uchun moslangan ushbu navlar suvdan kam foydalanish imkoniyatiga egadir.

    Fermerlar oʻz ekin maydonlarida qurgʻoqchilikka chidamli navlarni ekish orqali hosildorlikni oshirish va suvni tejash imkoniyatiga ega boʻladi. Shu jumladan, “Romeo” navi qishloq xoʻjaligimiz uchun mos ekin turi hisoblanadi.