Maktab mavsumi yaqin: oʻquvchilar immunitetini qanday oshirish mumkin?

    Hademay yangi oʻquv yili boshlanadi. Qolaversa, oldimizda — kuz fasli. Demak, qariyb uch oylik tanaffusdan soʻng bolalar organizmi yana oʻquv mavsumiga, maktab rejimiga moslashishi kerak.

    Xoʻsh, buning uchun shifokorlar ota-onalarga qanday tavsiyalar beradi?

    Noiba AZIMOVA, pediatr-shifokor:

    — Immun tizimi — organizmni turli mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi qalqon, — deydi mutaxassis. — Oʻgʻil-qizlarning tez-tez betob boʻlishi, xastalik koʻp qaytalanishi — ularda immunitet zaifligi belgisi.

    Bunga koʻpincha maktab oʻquvchilari tanasida vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu, notoʻgʻri ovqatlanish va doimiy psixologik stress sabab boʻladi.

    Chunki maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlar organizmi maʼlum ritmlarga moslashadi. Shu bois bolani yoshligidanoq rejimga koʻniktirgan maʼqul. Bu — immunitetni mustahkamlashda muhim omil.

    Boshlangʻich sinf oʻquvchilari kechqurun soat 21:00 da uyquga yotib, ertalab soat 7:00 da turishi maqsadga muvofiq. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun yotish vaqti bir soat – 22:00 gacha surilishi mumkin.

    Uxlashdan avval kompyuter, planshet yoki telefondan foydalanish uyqu sifatiga salbiy taʼsir qiladi. Oqibatda bosh miyada melatonin gormoni ishlab chiqarish kamayadi. Bu esa tunda kortizol gormoni miqdorini oshiradi. Oqibatda bolada turli kasalliklarga moyillik paydo boʻladi.

    Qolaversa, meʼyoriy hordiq immunitetga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm jarayoni jadallashib, kichkintoylar ayni shu soatlarda yaxshi oʻsadi.

    Yana bir muhim tavsiya: bola kuniga kamida 4-marta taomlanishi, yaʼni soat 7:30-8:00 da nonushta, 10:30-11:30 da issiq nonushta, 14:00-15:00 da tushlik qilishi, 19:00-19:30da kechki ovqat tanavvul qilishi maqsadga muvofiq.

    Fast-fud, tezpishar taomlar, gazlangan ichimliklar, “snek”lar, turli shirinliklar oʻquvchilar organizmini tabiiy vitamin va minerallardan mahrum qilishidan tashqari, har jihatdan sogʻlom oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

    Yodlangan osh tuzi, sarxil meva-sabzavotlar isteʼmoli, suv balansi farzandlarimiz salomatligi uchun muhim. Immunitetni oshirishda tabiiy antioksidant vazifasini oʻtovchi asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq piyozning foydasi katta.

    A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshka, gripp va nafas yoʻllarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda qoʻl keladigan Ye vitaminiga boy yongʻoqlar, albatta, bolalar ratsionida boʻlishi maqsadga muvofiq.