Maktab oshxonalarida taqiqlangan mahsulotlar savdosi aniqlandi

    Ta'lim 29 Fevral 2024 970

    Savdoda oshxonada taqiqlangan mayonez va ketchup qoʻshilgan mahsulotlar, rangli va gazli ichimliklar, saqichlar, qotirilgan nonlar, har xil turdagi qandolat mahsulotlari boʻlgan.

    Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Yashnobod tuman boʻlimi bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi boʻlinmasi xodimlari tomonidan 156-sonli maktab oshxonasida murojaat asosida oʻrganish ishlari oʻtkazildi.

    Shu bilan birga aynan shu kabi nazorat tadbiri Olmazor tuman boʻlimi xodimlari tomonidan 134-sonli taʼlim muassasasida epidemiologik koʻrsatkich asosida olib borildi.

    Nazorat davomida maktab oshxonasida taqiqlangan mayonez va ketchup qoʻshilgan mahsulotlar, rangli va gazli ichimliklar, saqichlar, qotirilgan nonlar, har xil turdagi qandolat mahsulotlari sotilayotganligi aniqlandi va oʻrnatilgan tartibda ushbu mahsulotlar brakeraj qilindi.

    Eslatilishicha, maktab oshxonalarida taqiqlangan mahsulotlar savdosini cheklash va ularni nazorat qilib borish maktab hududida tashkil etilgan brakeraj komissiyasi vakolatiga ham kiradi.

    Shuningdek, maktab oshxonasiga sotish uchun olib kelingan har bir mahsulotni sifat koʻrsatkichlariga mosligi brakeraj komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi va taqiqlangan mahsulotlar ular tomonidan savdodan olinishi kerak, deyiladi Sanepidqoʻmita axborot xizmati xabarida.