Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi 41-maktabda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga berilgan shirinlikning ichidan qum chiqqani haqida videomurojaat tarqalgan edi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirliginnig maʼlum qilinishicha, holat boʻyicha Xoʻjayli tumani XTB tomonidan oʻrganish ishlari oʻtkazilgan. Maktabga oziq-ovqat mahsulotlarini 2022-yil 10-oktyabrdan beri “Bekbergen Servis Orayi” MCHJ yetkazib bermoqda.
Oʻrganishda aniqlanishicha, ushbu korxona tomonidan 2023-yil 7-aprel kuni tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yongʻoqli keks, “STEL” shokoladi, olma, shirin choy yetkazib berilgan. Keltirilgan yeguliklar soat 9:45 da maxsus komissiyaning 5 nafar aʼzosi tomonidan qabul qilib olingan.
Rasmiy axborotga koʻra, shu kuni 2-“B” sinf oʻquvchilariga berilgan “STEL” shokoladidan qum chiqqan va sinf rahbari B.Bekbosinova holat boʻyicha maktab rahbariyatiga video xabar orqali murojat qilgan. Maktab rahbariyati bu haqda yetkazib beruvchi keytering korxonasiga maʼlumot bergan.
“Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, qoʻshimcha oʻrganish ishlari amalga oshirilishini, amalga oshirilgan ishlar natijasi haqida qoʻshimcha maʼlumot berilishini maʼlum qilamiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, 7-fevral kuni yuvilmagan olma bilan bogʻliq holat roʻy bergan. Bu boʻyicha keytering korxonasiga va maktabdagi qabul qilib oluvchi komissiya azolariga XTB tomonidan ogohlantirish berilgan.
“Keks ichidan qizlar sochiga taqadigan “nevidimka”, un qopini tikadigan ip chiqqan kunlar ham boʻlgan”, deyiladi videomurojaatda. Ammo rasmiy axborotda toʻgʻnagʻich masalasiga izoh berilmagan.