Qoraqalpogʻistonlik oʻquvchilariga berilgan yegulik ichidan tabletka chiqgani rostmi?

    Ijtimoiy tarmoqda Qoraqalpogʻistonning Ellikqalʼa tumani XTBga qarashli maktablarning birida oʻquvchilarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka chiqqanligi toʻgʻrisida oʻquvchi ota-onasining murojaati tarqaldi.

    Holat yuzasidan Ellikqalʼa tumani hokimligi Axborot xizmati munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, tuman prokuraturasi va tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi masʼul xodimlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

    5-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga 2023-yil 13-aprel kuni “Tabassum NUKUS” MCHJ tomonidan 267 nafar boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun oziq-ovqat mahsulotlari maktab ishchi guruhi tomonidan qabul qilingan. Holat yuzasidan ekspertiza xulosasini olish uchun oziq-ovqat mahsulotlari namunasi Qoraqalpogʻiston Davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga yuborilgan.

    “Tahlil natijalari chiqqandan soʻng qoʻshimcha maʼlumot beriladi”, - deyiladi xabarda.