Ayrim maktablarda oʻquvchilarga sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari berilgani aniqlandi

    Ijtimoiy hayot 27 Fevral 2023 1870

    Kegeyli tumanidagi 1-, 8-, 19- va 55-maktabda oʻquvchilarga berilayotgan mevalar isteʼmolga yaroqsiz (chirik) holatda boʻlib, qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangani maʼlum boʻldi.

    Joʻgʻorgʻi Kengash raisi topshirigʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-avgustdagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 472-son qarori talablarining bajarilishi Kegeyli tumanidagi 1-, 8-, 19- va 55-maktabda oʻrganildi.

    Maʼlum boʻlishicha, mazkur maktablarda bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari belgilangan meʼyordan kam boʻlib, maktab ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan, oshxonada esa issiq choy tayyorlash uchun jihozlar oʻrnatilmagan.

    Eng achinarlisi, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati oʻrganilganda mevalar isteʼmolga yaroqsiz (chirik) holatda. Bundan tashqari, qadoqlangan mahsulotlar zararkunandalar bilan zararlangan.

    Qolaversa, mazkur oziq-ovqat mahsulotlari maxsus avtomashinalarda emas, yoʻlovchi transportida yetkazib beriladi. Bundan tashqari, turli maktablarda kundalik oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qiluvchi komissiya tarkibi tuzilmagan.

    Bugungi kunda kuzatuv tashkilotlari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, aybdorlarga chora koʻrish boʻyicha tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda, deya xabar beradi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻgʻorgʻi Kengash axborot xizmati.

    Aytish joizki, bolalarning ovqatlanishi talablari bajarilishi yuzasidan respublikamizning barcha maktablarida oʻquv-tarbiya ishlari olib borilib, maktab direktorlari va aybdorlarga qattiq jazo choralari koʻrilmoqda.