Sohaga taalluqli yutuqlarimiz barchaga ma'lum va ular haqida yozish – boshqa maqolaning mavzusi. Ayni chog'da bizning maqsadimiz – maktab ta'limidagi muammolarga jamoatchilik diqqatini burish. Mulohazalarimizni hukmingizga havola qilishdan avval Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asaridan bir parcha keltirishni lozim topdik:
“Fazilatsiz shaharlarning odamlari yomon fe'llari, tabiatlari tufayli ko'ngillari – ruhlari ham yomonlashib boraveradi. Mobodo, ular ana shu yomon ishlarida izchil sa'y-harakat, tobora kuch-g'ayrat ko'rsatsa, ularning ruhlari yana-da ko'proq yomonlashadi va oxiri mayib-majruh bo'lib qoladi. Shu tufayli ular o'zlariga yoqadigan yomon illatlardan huzur-halovat oladilar. Vujudi, jismi kasal bo'lgan odam (masalan, bezgak tutayotgan kishi) mijozi buzilganidan, o'ziga yoqmaydigan taomlarni yeyishdan huzur qiladi va tabiatan medasiga yoqadigan taomlar unga yoqimsiz ko'rinadi; ruhan kasal odamlar ham yomon istaklari va odatlari tufayli buzilgan tasavvurlariga qarab. yomon (axloqsiz) fe'l-harakatlardan huzurlanadilar va go'zal qiliqlarni, ishlarni yoqtirmaydilar yoki umuman go'zalligini tasavvur qilolmaydilar. Vujudi kasal odamlar o'z kasalligini bilmasdan o'zlarini soppa-sog' deb o'ylab, tabibning maslahatlarini olmagani kabi ruhan kasal odamlar ham o'zlarini soppa-sog' (va fazilatli) deb o'ylab, rahbari, muallimi yoki ustozining nasihatlariga quloq solmaydilar”.
Ommaviy bilimsizlik vahimasi
Bizni vahimachilikda ayblashga shoshilmang. Maktab, kollej, akademik litsey, texnikum va oliy o'quv yurtlariga to'da-to'da bilimsiz yoshlar qatnashayotganini, bilim olish o'rniga Bilimsizlik ummoniga cho'kib borishayotganini o'zingiz ham yaxshi bilasiz. Biz suhbatlashgan necha o'nlab ziyolilar, mutasaddilar ham ta'kidlanayotgan vahimali manzaradan xabardordir. Afsuslanarlisi, ular pishib yetilgan va allaqachon gazak ola boshlagan muammoni ich-ichidan bila turib, bu xususda ochiq-oshkora so'zlamaydilar hech qachon. Keling, ularni ayblamaylik. Zero, tanqid u qadar xush ko'rilmaydigan muhitda faoliyat yuritishning o'zi osonmas. Kim tabib – boshidan o'tgan tabib. O'zimiz buni boshimizdan o'tkazdik va hamon haq so'zni aytish jabrini tortmoqdamiz.
Gap shundaki, davlatimizning maktab ta'limiga oid ustuvor siyosatiga bag'ishlangan bir yig'ilishda bitiruvchilar orasidagi ommaviy bilimsizlikni ko'rsatish maqsadida “o'n bir” raqamining ruschasini “odin odin” deguvchilar, nufuzli universitetlar matematika yo'nalishida ko'paytirish jadvalini bilmaydiganlar borligi to'g'risida so'zladik. Tabiiyki, so'zlarimiz mutasaddilarga yoqmadi. Muammodan xabardor hamkasblarimiz esa bizni qo'llab-quvvatlashmadi. Yig'ilishdan chiqqach, taniqli jurnalistlardan biri yonimizga kelib, “Muammoni bo'rttirib yubordingiz! Unchalik bo'lmasa kerak, og'ayni, maktabga qora ko'zoynak bilan qaramang!” – dedi yarim hazil, yarim chin. Suhbatimiz ustiga kelgan mutasaddi ayollardan biri esa “Nima sababdan “odin odin” deguvchilarni aybladingiz?” – dedi sal sharttakinamo. Hayron bo'lganimizni ko'rib, u so'zlarini izohladi: “O'quvchi “odin odin” degan bo'lsa, demak, u “bir” ruschasiga “odin” ekanligini biladi! Buning uchun o'sha o'quvchiga rahmat. Bizdagi o'quvchilar shuni ham bilishmaydi”…
Oradan biroz muddat o'tgach, ijodiy guruhimiz bilan Nodira Rashidovaning “Usmonnoma” nomli ikki jildli biografik romanini nashrga tayyorladik. Kitob Namangan viloyati hokimligi homiyligida chop etildi va viloyatdagi har bir maktabga ikki to'plamdan sovg'a sifatida berildi. Maktab direktorlari uchun mo'ljallangan bir seminarda shukuh bilan “Usmonnoma”ni so'rab-surishtirdik. Bizni maktab ta'limidagi muammolarni bo'rttirishda ayblagan kasbdoshimiz bir necha direktordan intervyu olarkan, o'qituvchi va o'quvchilar o'rtasida “Usmonnoma”ning mutolaasi qanday borayotgani bilan qiziqdi. Javoblar esa ustoz jurnalistni “shok”ka tushirdi. Ma'lum bo'lishicha, biz suhbatga tortgan direktorlar “Usmonnoma”ni diniy kitob sifatida qabul qilib, seyfga yashirib qo'yishibdi. “Kitob ustidagi Usmon Nosirning suratiga qaramadinglarmi? Sizlarki shunday o'ylasangiz, o'quvchidan nima kutamiz?” – dedik ularga qizishib, asabiylashib. Maktab direktorlari esa xayr-ma'zurni nasiya qilib, jo'nab qolishdi. Yonimizdagi jurnalist akamiz esa kaftlari bilan peshanasiga shapatilar va tinimsiz “Yo tavba, yo tavba! Nahotki? Nahotki?!” – deya takrorlardi.
Ha, maktab ta'limining bugungi havosi shunday. Bir sabab bois mutasaddilar bizga jiddiy e'tiroz bildirishmadi. E'tirozlar va ayblovlar bo'lishini sezib, biz mutasaddilarni yig'ilishdan so'ng o'zlari tanlagan maktabga birga borishimizni va ularning ko'z o'ngida o'quvchilar bilan savol-javob o'tkazishimiz mumkinligini aytgandik. Bildikki, ular haqiqatning ko'ziga tik boqishdan cho'chishdi. Bizning yonimizda xijolat tortishdan o'zlarini olib qochishdi. Mulohazalarimizni o'qiyotgan gazetxonlarga ham aytamiz: “O'zingiz o'qigan maktab o'quvchilarini, farzandlaringiz yoki jiyanlaringizni biz kabi savolga tuting va maktab ta'limidagi haqiqiy ahvolni bilib oling. Hozirgi holatda maktab ta'limidagi haqiqiy ahvolni, ommaviy bilimsizlikni aniqlash u qadar qiyinchilik tug'dirmaydi. Buning uchun ozgina hafsala qilinsa, bas!”
E'tibor bering: biz maktab o'quvchilari, xususan, bitiruvchilar nimalarni bilmasligidan o'kinmoqdamiz. Karra jadvalini bilmaslik yoki o'zga tilda hatto sanay olmaslik bitiruvchining bilim darajasini belgilamasligini har birimiz yaxshi tushunamiz, elementar tushunchalar va davlat ta'lim standartlarining farqiga boramiz-u, lekin maktabdagi vaziyat o'ta murakkab ekanligi to'g'risida jiddiy bosh qotirmaymiz. Bosh qotirsak ham masalaning amaliy yechimini topishga intilmaymiz. Shunisi alamli…
O'quvchilar rasman Navoiy g'azaliyotidan bebahra
Ulug' Cho'lpon “Adabiyot yashasa – millat yashar”, deganida ming bor haq edi. Endi o'ylab ko'ring: adabiyotimizning yadrosini qaysi ijod belgilaydi? Albatta, hazrat Alisher Navoiy ijodi! Bundan xulosa qilish mumkinki, hazrat Alisher Navoiy ijodi yashasa, siz bilan biz mansub millat yashaydi, taraqqiy topadi, gullab-yashnaydi. Xo'sh, bu ijod yashashining, har bir avlod ong-u shuuriga singishining asosi nima? O'z-o'zidan ravshanki, buyuk ijod namunalarini maktabda o'qish, o'rganish, uning mohiyatini anglash. Alisher Navoiy – g'azal mulkining sultoni! G'azal – mumtoz she'riyatimizning shoh janri. Shunday ekan, maktab ta'limida har bir sinf o'quvchisi Alisher Navoiy g'azallarini o'qishi, yodlashi, ulardagi badiiy g'oyani his qilishi, tushunishi – milliy ruh va tafakkur takomilining eng muhim shartidir. Bu isbot talab qilinmaydigan haqiqatdir, aksiomadir.
Biroq maktab ta'limida ikki yildan buyon Alisher Navoiy g'azallari birorta sinfda o'qitilmayotganini bilasizmi? Biz bu savol bilan ona tili va adabiyot fani o'qituvchilariga, maktab rahbarlariga, ta'limning o'rta bo'g'ini mutasaddilariga murojaat qildik. Lekin jo'yali javob eshitmadik. Ular birorta sinfda Alisher Navoiy g'azallari o'qitilmayotganini bilgach, “Nahotki, shunday bo'lsa? Bo'lishi mumkin emas!” – deya yelka qisishdi, keyin esa faktlar qarshisida bosh egishdi, mum tishlashdi. Real voqelik shundayki, 5-sinfda “Sher bilan durroj” hikoyati, 6-sinfda ruboiylar, 7-sinfda qit'alar va fardlar, 8-sinfda ruboiylar, tuyuqlar va fardlar, 9-sinfda “Farhod va Shirin” dostoni, 10-sinfda “Saddi Iskandariy” dostoni, 11-sinfda ham yana shu doston o'qitilmoqda. Shunday qilib, birorta sinf adabiyot darsligida Alisher Navoiy g'azallari uchramaydi. Kimdir “Shunga shunchami, har bir sinfda Alisher Navoiyning qaysidir asari o'qitilar ekan-ku!” – deya e'tiroz bildirishi mumkin. Boshqalarda ham shu e'tirozni qabul qilishga moyillik sezilishining o'zi millat sifatida inqirozga yuz tutayotganimizdan dalolat. Bunday e'tirozning bo'lishi – millat badiiy tafakkuriga xiyonat bilan barobar.
Bugun yuqori sinf o'quvchilaridan Alisher Navoiy g'azallaridan birortasini yoddan aytib berishini so'rab ko'ring-chi. Yo'q, avval o'zingizdan “Men Alisher Navoiyning birorta g'azalini yod bilamanmi?” – deb so'rang, keyin shu savol bilan ona tili va adabiyot fani o'qituvchilariga yuzlaning. Ming afsuski, savolingizga xush-xandon javob qaytmaydi. O'quv dasturlarining o'zgartirilaverishi, darsliklarning yangi avlodini yaratish va chop etishdagi maromning buzilishi natijasida shunday muammo kelib chiqdi. Muammo qachon va qanday tartibda bartaraf etilishi bizga qorong'i. Taklifimiz shuki, maktab ta'limi mutasaddilari mazkur maqolani o'qiboq quyi bo'g'in mas'ullariga Alisher Navoiy g'azallarini o'qitish borasida topshiriq berishlari g'oyat ma'qul va zarur ish bo'lardi.
Nega “O'tkan kunlar” romani o'qitilmayapti?
Nadomat bilan yana ma'lum qilamizki, bugun maktab bitiruvchisi nafaqat Alisher Navoiy g'azallaridan, balki XX asr o'zbek adabiyotining shoh asari hisoblanmish “O'tkan kunlar” romani mutolaasidan ham mahrum. Bitiruvchi “O'tkan kunlar”ni o'qimay, Otabek va Kumush fojiasini anglamay maktabni tamomlaydi. Ayni paytda maktab ta'limida Abdulhamid Cho'lpon qalamiga mansub va XX asrdagi eng yaxshi she'r deb e'tirof etilgan “Go'zal” o'qitilmayapti. Maktab o'quvchilari bu she'rning lirik kayfiyatidan, uning mohiyatini bilishdan rasman benasibdirlar. Nima sababdan maktab ta'limi shunday muammolar girdobida? Nazarimizda, maktab ta'limi yagona konsepsiya asosida ishlamayapti. Boshqaruvdagi har bir o'zgarish unga ta'sir o'tkazmoqda. Vaholanki, ta'lim mutasaddilari belgilangan va ma'qullangan yagona konsepsiyaga bo'ysunishlari shart. Kimgadir maktab ta'limidagi bosh konsepsiya ma'qul kelmasa, uni isloh qilishga haqli emas. Mobodo, islohotlarga zarurat tug'ilsa, ularni yuqorida qayd etilgan og'riqli masalalarning oldini olgan holda amalga oshirish darkor.
Darsliklar dodi
Bundan besh yil muqaddam aynan shu mavzuda O'zA saytida bong urgandik. O'shanda darsliklar bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish harakatlari boshlangandi. Ammo maktab ta'limi boshqaruvidagi o'zgarishlar ta'sirida harakatlar o'lda-jo'lda qolib ketdi, darsliklardagi me'yor izdan chiqdi. Ko'pchilik biladimi yoki yo'q – ikki yildan buyon o'ninchi sinflarda adabiyot saboqlari darsliklarsiz o'tilmoqda. O'qituvchi va o'quvchilar yangi tayyorlangan “Adabiyot” darsligining elektron nusxasidan foydalanishmoqda. Yana o'sha mulohaza: kimdir o'tish yoki islohotlar davrida shunaqa muammolar bo'lib turishini tabiiy qabul qilar, bu mavzuda jiddiy bosh qotirish shart emas, deb o'ylar. Yo'q, kimlardir shunday o'ylayotgani aniq. Aks holda, allaqachon maktablarga 10-sinf adabiyot darsliklari yetkazib berilardi. Bir avlod o'quvchilarini fan kitobisiz qoldirilishi taraqqiyotning qaysidir bosqichida, baribir, o'zining salbiy so'zini aytadi. Bugun mazkur masalaga befarq qarayotgan mutasaddilar ertaga aynan shu muammodan pand yeyishadi. Zero, darsliklarning yangi avlodini yaratish va chop etishni manfaatlar to'qnashuviga aylantirish – millat bolalariga, maktab ta'limiga kechirilmas va katta dushmanlikdir!
Darsliklarning yangi avlodini yaratish va chop etish bilan bog'liq marom buzilishi natijasida o'tgan o'quv yilida milliy dastur hosilasi – “Ona tili” darsligini o'rgangan 7-sinf o'quvchisi 8-sinfda yana bulturgi “Ona tili” darsligini o'zlashtirishga majbur. Didaktikaning oltin qoidasi bo'lmish ta'limdagi uzluksizlik unutildi. Bu to'g'rida o'ylab ham ko'rishmayapti. O'quvchi u shoxdan bu shoxga sakrayotgan chittak kabi goh u-goh bu tamoyil asosida yozilgan darsliklarni o'qimoqda va oxir-oqibat bilimsizlik sari bormoqda. Bilimni qo'ya turing, o'qituvchi va o'quvchilar hatto oddiy mantiq asosida mulohaza-mushohada yuritishga qiynalishmoqda.
Biz joriy o'quv yilining o'zida o'nlab maktablarda bo'ldik, qator adabiy-ma'rifiy tadbirlarda ishtirok etdik. O'qituvchi-yu o'quvchilardan Abdulla Oripovning “O'zbekiston” qasidasi birinchi bandidagi “Kumush diyor” epiteti sirini so'radik. “Xo'sh, “Kumush diyor” deganda qaysi o'lkani tushunasiz?” degan savolga ular jo'rovozlikda “O'zbekiston!” – deya javob qaytarishdi. Biz esa ularga “Dostoni bitilmagan yurt-chi?” – deya yangi savol bilan murojaat qildik. O'qituvchi va o'quvchilarning savolimizdan dovdirib qolishlarini kuzatish g'oyat ayanchli va noqulaydir. Biz yillar mobaynida mamlakatimizdagi yuzlab maktablarda bo'lib, ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari shu epitet – tasviriy ifoda mohiyatini bilish-bilmasliklariga e'tibor qaratdik. Xoh ishoning, xoh ishonmang, 99 foiz holatda ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi “kumush diyor”ni O'zbekiston sifatida tushunmoqda, uni sovuq o'lkaga ishora sifatida ta'kidlanayotganini xayoliga ham keltirolmayapti.
Ahvol shu darajada, uch-to'rt yildirki, maktab ta'limida Oybekning “Na'matak” she'ri mutlaqo buzilgan variantda o'quvchilarga yodlatilmoqda. Aslida, to'rt bandli, har bir bandi besh misradan iborat bo'lgan she'r 8-sinf “Adabiyot” darsligida besh band ko'rinishida buzib berilgan. Ona tili va adabiyot o'qituvchisi she'r matnida texnik kamchilik mavjudligini va u o'qish ritmiga salbiy ta'sir ko'rsatishini tushunmayapti, sezmayapti. O'qituvchi va o'quvchilarga ko'mak berish uchun biz “Repetitor” gazetasida muammoga atalgan maxsus maqola e'lon qildik, ijtimoiy tarmoqlarda ogohlantirish posti yozdik. Taassufki, harakatlarimizga, yozganlarimizga deyarli e'tibor bo'lmadi va “Na'matak” hamon buzilganicha o'rgatilmoqda.
Xulosa o'rnida
Muammolar ummonini bir maqola doirasiga sig'dirish mumkin emasligi – har birimizga ayon. Biz ummondagi qatra tomchi haqidagina mulohaza yuritdik, xolos. Niyatimiz maktab ta'limidagi nuqsonlarning yechimini ko'rsatish emas, balki ularga jamoatchilik e'tiborini qaratishdan iborat. Aminmizki, bizda maktab ta'limi muammolarini tizimli tarzda bartaraf etishga salohiyat, potensial yetarli. Bu jarayonning ishtirokchisi bo'lish esa har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir!
Muhammad VALI,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, adabiyotshunos