Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tashkillashtirilgan Janubiy Koreya - O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi (KUBA) delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida KUBA raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon kecha O‘zbekiston maktabgacha ta’limi vaziri Agripina Shin bilan uchrashdi.

Tadbirda vazirlik tomonidan ilgari surilayotgan maktabgacha ta’lim tizimini raqamlashtirish doirasida bo‘yicha loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Janubiy Koreya mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan «Edu Link» dasturining mazmuni va asosiy funksiyalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

Vazirga loyihani tayyorlash va uni joriy yil 1-sentyabrda rasmiy tarzda ishga tushirish bo‘yicha tayyorgarlik va targ‘ibot rejalari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Janubiy koreyalik sarmoyador loyiha O‘zbekiston mustaqilligining 30 yillik va ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 29 yillik sanalariga o‘ziga xos tuhfa bo‘lishini alohida ta'kidladi.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, Toshkent shahrida Janubiy Koreya standartlari asosida oliy o‘quv yurti ochish, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida maktabgacha ta’lim muassasalarini yaratish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarish va loyihani belgilangan muddatda ishga tushirish bo‘yicha ishchi guruhning tizimli faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.