O'rganish yakunlari bo'ycha Buxoro davlat universitetida o'tkazilgan yig'ilishda viloyatdagi pedagoglarning attestatsiya jarayonida qayd etgan natijalari, yutuq va kamchiliklari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda inspektsiya axborot xizmati.
So'nggi uch yilda viloyat maktablaridagi oliy toifali pedagoglar soni ikki barobar oshgan. Bugungi kunda viloyat maktablarida ishlayotgan 26 ming 145 nafar oliy ma'lumotli o'qituvchining olti foizi oliy toifali. 2018 yili bu ko'rsatkich 2,6 foiz etdi. SHuningdek, o'qituvchilarning 17,7 foizi birinchi toifali, 29,6 foizi ikkinchi toifali. Bu respublika miqyosida boshqa hududlarga qaraganda yaxshi ko'rsatkich sanaladi.
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i Ulug'bek Toshkenbaev viloyatda oliy toifali o'qituvchilar ulushi qisqa muddatda qanday oshganiga izoh berib, jumladan, shunday dedi:
— O'rganish davomida maktablar o'qituvchilari viloyatdagi malakali pedagoglar tashkil etgan nodavlat malaka oshirish kurslarida toifa sinovlariga tayyorgarlik ko'rganiga guvoh bo'ldik. Ular hududiy malaka oshirish markazida ololmagan bilimlarini aynan shu kurslarda olgan. SHu bois bu kurslarning natijadorligi o'qituvchilar tomonidan keng e'tirof etilmoqda. Bu yana bir bor pedagoglar malakasini oshirishga xususiy sektorni keng jalb etish bo'yicha bildirilgan tashabbus to'g'riligini tasdiqlaydi.
Yig'ilishda xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi faoliyatidagi muammolarga ham to'xtalib o'tildi.
Xususan, markazda o'qituvchining malaka oshirishdan keyingi faoliyatini o'rganish va tahlil qilishning mukammal elektron portfolio tizimi ishlab chiqilmagani, kimyo, biologiya va fizika fanlaridan o'quv-laboratoriya jihozlari bilan ta'minlanmagani, amaliy fanlar (texnologiya, tasviriy san'at va chizmachilik, musiqa)dan tinglovchilar uchun amaliy mashg'ulotlarni o'tkazish uchun jihozlarning mavjud emasligi, aksariyat tinglovchilarning minimum talab darajasida AKTdan (40–50 foiz) foydalanishni va chet tilini (80–90 foiz) bilmasligi malaka oshirishni samarali tashkil etish imkonini bermayotgani ta'kidlandi.
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshlig'i ushbu markazga yangi rahbar tayinlangani va mazkur kamchiliklarni bartaraf etish uchun harakatlar boshlanganini qayd etdi.