Xabaringiz bor, 22-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi taqdimotda aks etgan rejalarni vazirlik telegram kanalida eʼlon qildi.
Maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash “Direktorlar kengashi” tavsiyasiga asosan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
▪️2023-yil 1-sentyabrdan boshlab:
- umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlariga oʻz oʻrinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida oʻquv rejalariga 15 foizgacha oʻzgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi;
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlaridan iborat boʻlgan “Direktorlar kengash”lari tashkil etiladi;
- umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash “Direktorlar kengash”i tavsiyasiga asosan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari tomonidan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, maktablarni malakali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Yaʼni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida oʻqituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak boʻladi.
Oʻqituvchilarga malaka toifasini berish boʻyicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani boʻyicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi.
Malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70 foizgacha miqdorida ustama toʻlanishi mumkin.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hududiy boshqarmalari boshliqlariga maslahatchi sifatida xorijiy mutaxassislar jalb etiladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hududiy boshqarmalariga maslahatchi sifatida Prezident maktablari direktorlari;
tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlariga ixtisoslashtirilgan maktablar direktorlari biriktiriladi.