Malayziya chegaralari COVID-19 tufayli 31-martga qadar yopiq qoladi

    Dolzarb 7 Yanvar 2021 506

    Malayziya hukumati koronavirusning tarqalishi sababli mamlakatda Restitutsional cheklangan harakat rejimini (RCHHR) 2021-yil 31-martgacha uzaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, 2020-yil mart oyida RCHHR doirasida oʻrnatilgan barcha cheklovlar joriy yilning 1-yanvaridan uzaytirildi. Xususan, davlat chegaralari chet ellik sayyohlarni qabul qilish uchun ham, chet elga chiqib ketayotgan malayziyaliklar uchun ham 2021-yil 31-martgacha yopiqligicha qoladi. Shuningdek, barcha koʻngilochar markazlar va aholi gavjum joylar faoliyati toʻxtatildi.

    Shu bilan birga, Malayziyaning turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Nensi Shukrining aytishicha, ushbu bosqichda rasmiylar ichki turizmni rivojlantirishga eʼtibor qaratishmoqchi. Uning soʻzlariga koʻra, 2021-yil ichki turizm tufayli mamlakat iqtisodiyotini tiklash yili boʻladi.

    Taʼkidlash joizki, Malayziyada pandemiya boshlanganidan beri 125 mingdan ortiq kishida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan.