Malayziya kompaniyasi Oʻzbekistonda bir qator sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirmoqchi

    Biznes 20 Aprel 2024 734

    Oʻzbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “Erwan Technology Sdn. Bhd.” ijrochi direktori Li Yeouv Lung bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat davomida Oʻzbekistonda mis xom-ashyosini qayta ishlash, mamlakat energetika tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar hamda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari taʼkidlab oʻtildi. Respublikada xorijiy investorlarga berilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Tomonlar Oʻzbekistonda misni qayta ishlash uchun mavjud xom ashyo bazasi, transformatorlar, kichik turdagi maishiy elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha mamlakatimiz hududlarida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qildilar.

    Uchrashuv yakunida mazkur yoʻnalishlarda aniq loyihalarni ishlab chiqish maqsadida Malayziya kompaniyasi vakillarining Oʻzbekistonga safarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    1993-yilda tashkil etilgan “Erwan Technology Sdn. Bhd.” kompaniyasi “ERWAN” investitsiya xoldingi tarkibiga kiradi. Xolding muhandislik, mineral resurslar va qimmatbaho metallarni qazib olish va sotish, neft va gaz, elektrotexnika mahsulotlari, tibbiyot uskunalarini ishlab chiqarish kabi 40 dan ortiq sohalarda faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni birlashtiradi.