Avvalo, Oʻzbekiston hukumatini “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusidagi nufuzli Osiyo ayollari forumini oʻtkazayotgani bilan tabriklayman.
Bu tashabbus Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan edi. Samarqandda boʻlib oʻtadigan forum Oʻzbekistonning xalqaro maydonlarda bildirilgan takliflari hayotga tatbiq etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Mazkur forum Oʻzbekistonning xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, jamiyatning barcha jabhalarida gender tengligi kun tartibini ilgari surish boʻyicha qatʼiy intilishidan dalolat beradi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekistonda qabul qilingan qonun hujjatlariga ayollarga nisbatan oiladagi zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qoʻshimchalar alohida eʼtiborga loyiq, deb hisoblayman.
Forum xotin-qizlar salohiyatini roʻyobga chiqarish va bu boradagi tajriba almashish masalalarini muhokama qilish uchun Osiyo mintaqasida oʻziga xos muloqot maydonini yaratadi.
Anjumanga taklif etilganim va xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish boʻyicha Malayziya tajribasi bilan oʻrtoqlashish imkoniyatidan faxrlanaman. Malayziya koʻp dinli va koʻp madaniyatli jamiyat boʻlib, ularning 60 foizi musulmonlardir. Ishonchim komilki, tadbir barchaga bir-biri bilan tajriba almashish imkoniyatini beradi.
Doʻst Oʻzbekistonga yana tashrif buyurayotganimdan juda xursandman. Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni katta qiziqish bilan kuzataman. Har bir tashrif menga qonunchilik darajasida ham, jamiyatning kundalik hayotida ham tobora koʻproq ijobiy oʻzgarishlarga guvohi boʻlish imkonini beradi.
Nur Azia Mohd Aval,
Inson huquqlari boʻyicha Malayziya komissiyasi komissari.