Tadbir doirasida Oʻzbekistonda Malayziya bilan hamkorlikda oʻzaro manfaatli sarmoyaviy loyiha amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

2000-yilda tashkil etilgan “ScentPur Industry” kompaniyasi antibakterial gigiyena vositalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniya mahsulotlari dunyoning 30 mamlakati, jumladan, Janubi-Sharqiy va Sharqiy Osiyo, Fors koʻrfazi hamda Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.

Malayziya tomonining maʼlumotiga koʻra, kompaniya mahsulotlari tegishli xalqaro sertifikatlar, shu jumladan Yevropa sertifikatlariga ega.

Denni Tan koronavirus pandemiyasi davrida talab yuqori boʻlgan ushbu mahsulotlarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va kelajakda ularni MDH davlatlariga eksport qilishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, “ScentPur Industry” kompaniyasi vakillari investitsiyaviy loyihani amalga oshirish shartlari va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilish boʻyicha logistika infratuzilmasini tahlil qilish zarurligini qayd etdi.

Muzokaralar natijasida Malayziya tomonining Oʻzbekistondagi hamkorlar bilan gigiyena vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish imkoniyatini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.