Buxoro viloyati hokimligi delegatsiyasining Malayziyaga amaliy safari doirasida O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimiz ziyorat turizmi salohiyati taqdimoti va ikki davlat turoperatorlari ishtirokida V2V formatidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Malayziyaning “Bumitra” musulmon turoperatorlari uyushmasi prezidenti Xarun Axmmu, Malayziya Sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlari uyushmasi (MATTA) prezidentining o‘rinbosari Moxd Oqil Bin Moxd Yusuf, shuningdek, 30 dan ortiq malay sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Malayziya turizm sohasi vakillari O‘zbekistonning boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyati, mamlakatimizda turizm infratuzilmasi va mehmondo‘stlik sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishtirildi.
Malay tomoni O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlari va paketlarini, jumladan, “Umra+” sayyohlik tizimini birgalikda targ‘ib qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston tomoni 2023- yil mart oyida Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yirik Malayziya chiqish turizmi «MATTA Fair» xalqaro yarmarkasida ishtirok etish uchun taklif etildi.