Tadbirda Malayziya Milliy universiteti, Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Xalqaro Islom akademiyasining olim va tadqiqotchilari oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjuman davomida jahon ilm-fani va Islom sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan musulmon dunyosining buyuk allomalarining hayoti va ilmiy merosi haqida atroflicha fikr almashildi. Jumladan, Muhammad Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Hafs Nasafiy, Ibn Al-Haysam kabi mutafakkirlar faoliyati boʻyicha taqdimotlar oʻtkazildi.
Jahon ilm-fani va muqaddas Islom dini tamadduniga munosib hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini tadqiq qilish va targʻib etish borasida Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir yakunida Malayziya hamda Oʻzbekistonning ilmiy va oʻquv muassasalari oʻrtasida qoʻshma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy almashuv yoʻnalishidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va pandemiya bilan vaziyat barqarorlashganidan soʻng oʻzaro tashriflarni tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Onlayn forum Malayziya Islom sivilizatsiya institutining “Facebook”dagi sahifasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri uzatildi.