Malayziyada “O‘zbekiston – Islom sivilizasiyasi markazi” fotoko‘rgazmasi ochildi

    1-mart kuni Malayziya Islom san’ati muzeyida “O‘zbekiston — Islom sivilizasiyasi markazi” fotoko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, O‘zbekiston Islom sivilizasiyasi markazi hamda mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi diplomatik missiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Ma’lumot o‘rnida, Malayziya Islom san’ati muzeyi 1998-yilda tashkil etilgan. Muzey Janubi-Sharqiy Osiyodagi Islom sivilizasiyasi tarixi va san’atiga bag‘ishlangan eng yirik muzey bo‘lib, maydoni 30 000 kv.m ga teng. Muzey kolleksiyasida butun Islom olamining madaniyati va san’atini aks ettiruvchi eksponatlar mavjud. Eng nodir eksponatlardan biri O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan VIII asrga oid so‘g‘d ipak libosidir.

    Tadbirda Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing, shuningdek, qirollik oilasi a’zolari, Malayziya vazirlik va idoralari rahbariyati hamda vakillari, Kuala-Lumpur meriyasi, mezbon davlatda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus, madaniyat va san’at namoyandalari, akademik va ishbilarmon doiralar vakillari, Malayziyada yashayotgan, o‘qiyotgan 200 dan ortiq hamyurtlarimiz ishtirok etdi.

    Tadbir Malayziyaning “Bernama” Milliy axborot agentligi, “RTM” Milliy teleradiokompaniyasi, (“Radio Televisyen Malaysia”), “TV AlHijrah” yirik davlat islomiy telekanali, “AlJazeera” xalqaro teleradiokompaniyasi, Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti telekanali, yetakchi bosma nashrlar va boshqa onlayn nashrlar tomonidan yoritildi.

    Ta’kidlash joizki, ko‘rgazmada Islom tarixi va sivilizasiyasining O‘rta Osiyoda tarqala boshlaganidan to bugungi kungacha O‘zbekiston hududida ilm-fan, ta’lim va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasi, turli sivilizasiyalarga xos madaniyat va osori-atiqalarni aks ettiruvchi fotosuratlar va qadimiy hamda boy madaniy merosga doir ma’lumotlar taqdim qilindi.

    Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

    O‘z navbatida Sharq Uyg‘onish davrining jahon taraqqiyotidagi ahamiyati, jumladan, Muhammad Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk qomusiy allomalarning aniq fanlar rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Islom falsafasi va Islom huquqi taraqqiyotiga doir ma’lumotlar tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

    Qayd etish kerakki, ko‘rgazma mehmonlari uchun O‘zbekistonning turizm salohiyati taqdimoti ham tashkil etildi. Unda mamlakatimiz hukumati tomonidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish, “ziyorat turizmi” salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Qolaversa, O‘zbekistonning turizm mahsulotlari va marshrutlari, “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik markazi va “Samarqand” yangi xalqaro aeroportining imkoniyatlari ham namoyish etildi.

    Tadbir davomida Vazir Tiong King Sing madaniy-gumanitar sohadagi O‘zbekiston – Malayziya hamkorligi yuksak darajada ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda Islom sivilizasiyasining boy ma’naviy-intellektual merosini har tomonlama o‘rganish, asrab-avaylash va targ‘ib etish, bag‘rikenglik madaniyatini rivojlantirish va Islom dinining insonparvarlik mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlarga yuksak baho berildi.

    Islom san’ati muzeyi kuratori Zulkifli Ishoq tadbirga tashrif buyurgan xorijiy OAV vakillariga bergan intervyusida ikki oy davomida Malayziya keng jamoatchiligini O‘zbekistonning serqirra madaniyati, ko‘p asrlik tarixi, me’morchilik an’analari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladigan mazkur qo‘shma loyihaning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.

    Shuningdek, muzeyning O‘zbekiston tomoni bilan samarali hamkorligi, xususan, 2022 yil iyul oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniy merosi — yangi Uyg‘onish davri asosi” VI Xalqaro kongressida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon Islom san’ati muzeyi to‘plamlarida” turkumidagi maxsus kitob-albomni tayyorlash va nashr etish alohida qayd etildi.

    Ma’lumot uchun, “O‘zbekiston – Islom sivilizasiyasi markazi” fotoko‘rgazmasi 27-aprelgacha davom etadi.