Malayziyadagi egizak binolarda Oʻzbekiston bayrogʻi aks ettiriladi

    Voqea-hodisalar 30 Avgust 2021 4225

    Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Malayziya poytaxtining qator diqqatga sazovor inshoatlari Oʻzbekiston milliy bayrogʻi ranglariga burkanadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasidan maʼlum qilishlaricha, yurtimiz istiqlolining 30 yilligi munosabati bilan Kuala-Lumpur shahrining mashhur inshootlari - “Saloma Link” piyodalar koʻprigi, shahar meriyasining osmonoʻpar binosi, shuningdek, mashhur “Petronas Twin Towers” egizak minoralari joylashgan chorraha milliy bayrogʻimiz rangi bilan bezanadi.

    2020-yilda poytaxtning biznes tumanida ochilgan “Saloma Link” piyodalar koʻprigi qisqa vaqt ichida Malayziyaning ramzi va Kuala -Lumpur aholisi hamda mehmonlari uchun sevimli maskanga aylandi. Palma shoxlarini eslatuvchi ushbu koʻprik shakli betel yongʻogʻi yaproqlaridan yasaladigan anʼanaviy malay kompozitsiyalariga monand tarzda bunyod etilgan. Koʻprik 4 mingdan ortiq maxsus fasad panellari va ultrazamonaviy svetodiod chiroqlari yordamida yoritiladi.

    Koʻprikning uzunligi 69 metr boʻlib, u tezyurar shosse va Malakka boʻgʻoziga quyiladigan Klang daryosi ustidan oʻtgan. Mazkur boʻgʻoz Suvaysh va Panama kanallari qatori dunyodagi eng muhim dengiz arteriyalaridan biri hisoblanadi. U Hind va Tinch okeanlari oʻrtasidagi asosiy yoʻnalish boʻlib, dunyoning aholi zich yashaydigan mintaqalari hisoblanadigan Janubiy, Janubi-Sharqiy va Shimoli-Sharqiy Osiyoni bir-biriga bogʻlaydi.

    Kuala-Lumpur shahar meriyasi Malayziyaning “Dataran Merdeka” deb nomlangan Mustaqillik maydonida joylashgan. Darvoqe, 1957-yil 31-avgust kuni ushbu maydonda Malayziya mustaqilligi eʼlon qilingan. Shahar meriyasi binosining fasadi Malayziyadagi eng katta LED-ekran vazifasini ham oʻtaydi. U 90 metrga 30 metrlik oʻlchovga ega.

    Kuala-Lumpurning markaziy koʻchalari kesishgan sergavjum chorrahada joylashgan “Petronas Twin Towers” egizak binolari Malayziyadagi eng mashhur va eng koʻp sayyohlarni jalb qiladigan joy hisoblanadi. Aynan ushbu maskanda yirik formatli va yuqori sifatli ekranda Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan videoroliklar har 5 daqiqada namoyish etib turiladi.

    Oʻzbekistonga bagʻishlangan videoroliklar, mamlakatimiz davlat bayrogʻi va davlat gerbining elektron shakllari “Dunyo” AA tomonidan tayyorlangan va taqdim etilgan.

    Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi Kuala-Lumpurdagi barcha vatandoshlarni mamlakatimiz mustaqilligi arafasida tashkil etiladigan ushbu muhim tadbirlarni birgalikda nishonlashga taklif etadi. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq ehtiyot choralariga qatʼiy rioya qilish tavsiya etiladi.