Shu kunlarda Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi yana bir katta loyihani yoʻlga qoʻydi. Bu klassifikatorlarni qoʻllash uchun yaratilgan alohida integratsion platforma boʻlib, u Elektron hukumatning cs.egov.uz manziliga joylashtirildi.
Xoʻsh, ushbu platforma bizga nima beradi?
Maʼlumki, Elektron hukumat doirasida aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish va bu orqali ularning kundalik ehtiyojini qondirish borasida davlat tashkilotlari tomonidan elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish maqsadida amaliyotga joriy etilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimlarida maʼlumotnomalar hamda klassifikatorlardan foydalanib kelinmoqda.
Biroq davlat tashkilotlari tomonidan joriy etilayotgan axborot tizimlarida qoʻllanilayotgan bir turdagi klassifikatorlarning maʼlumotlari tarkibiy jihatdan har xil boʻlganligi sabab, boshqa davlat idoralarining axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiyasini taʼminlashda maʼlum bir nomuvofiqlik muammolari yuzaga kelmoqda.
Ushbu maqsadda Markaz tomonidan klassifikatorlardan foydalanishda yagona yondashuvni tashkil etish, standartlashtirilgan maʼlumotlarni markazlashgan holda shakllantirish, joylashtirish, ularning dolzarbligini taʼminlash hamda axborot tizimlarini ishlab chiqish jarayonida mazkur klassifikatorlarni qoʻllash uchun alohida integratsion platforma yaratilib, u Elektron hukumatning cs.egov.uz manziliga joylashtirildi.
Endilikda barcha foydalanuvchilar mazkur portal orqali oʻz axborot tizimlarida qoʻllashi zarur boʻlgan maʼlumotnomalar va klassifikatorlardan toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanishlari mumkin. Shuningdek, ularni koʻchirib olish yoki integratsiyalash orqali axborot tizimiga bevosita yuklash va maʼlumotlar bazasini shakllantirish imkoniyati ham mavjud.
Tegishli maʼlumotnomalar va klassifikatorlarning oʻz vaqtida yangilanib borish va dolzarbligini taʼminlashga masʼul davlat tashkilotlarining «Shaxsiy kabinet” yaratilib, u orqali klassifikatorlar tuzilmasini shakllashtirish va avtomatlashtirilgan tarzda belgilangan shablon asosida maʼlumotlarni portalga joylashtirib borish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, maʼlumotnomalar va klassifikatorlar turlari boʻyicha xalqaro, davlatlararo, umumdavlat, sohaviy va tashkilot doirasida qoʻllaniladigan klassifikatorlarga ajratilib, ularni qidirib topish qulaylashtirildi.
Shu bilan birga, klassifikatorlarni umumeʼtirof etilgan “json”, “xml” hamda “xls” formatlarida ham koʻchirib olish imkoniyati yaratilgan boʻlib, portalning bosh sahifasida turlari boʻyicha foydalanuvchilar tomonidan eng koʻp ishlatilgan maʼlumotlar reytingini chiqarish mumkin.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida elektron hukumat tizimini yana-da rivojlantirish, davlat idoralari sohasini raqamlashtirishda markazlashgan yagona yondashuvga asoslangan texnologiyalarni qoʻllashning texnik sharoiti tashkil etildi.
Bu esa oʻz navbatida koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini oshirish, operativ axborot almashinuvini tashkil etish va maʼlumotlar dolzarbligini taʼminlashga poydevor boʻladi.