Taʼlim-tarbiya, ilm-fan — insoniyat tamaddunining tamal toshi, mamlakatni tenglar ichra teng qiladigan, millatni buyuk qiladigan kuch. Shu bois, bugun mamlakatimizda taʼlim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylangan. Barcha sohalar qatori oliy taʼlim tizimiga raqamli texnologiyalar hamda zamonaviy usullarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Pandemiya sharoiti mazkur jarayonni tezlashtirdi.
Mamlakatimizda oliy taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan strategik maqsad va vazifalar keyingi bir necha oʻn yilliklarga moʻljallangan talab va ehtiyojdan kelib chiqib, oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash masalasini ham qamrab olgan.
Mazkur vazifa ijrosi, shubhasiz, oliy taʼlimga qamrovni oshirishni taqozo etadi. Yurtimizda oliygohlar soni 141 taga yetkazilgani, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining filiallari ochilgani natijasida oliy taʼlimga qabul kvotasi uch barobar oshirildi. Misol uchun, joriy yilda 182 ming nafar yosh talabalar safidan joy oldi.
Taqqoslash uchun: 2016-yilda mamlakatimizdagi oliygohlar soni 77 ta boʻlib, oliy taʼlimga qamrov 9 foizni tashkil etardi. Qisqa muddatda oliy taʼlim muassasalari sonining ikki barobar ortgani va umumiy qamrov 28 foizni tashkil etgani nafaqat yoshlarning, balki jamiyatning intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qildi. Quvonarlisi, oliy taʼlimga qamrov oʻsishi izchil davom etib, 50 foizga oshirilishi Oʻzbekiston yoshlarining global mehnat bozorida raqobatbardoshligini taʼminlaydi.
Moliyaviy mustaqillik samarasi
Mamlakatimizdagi taʼlim islohotlarida oliy taʼlim muassasalarining mustaqilligi muhim ahamiyatga ega. Zero, oliygohlarning mehnatga haq toʻlash, xodimlar soni, toʻlov-shartnoma miqdori va taʼlim shaklini mustaqil belgilashga bosqichma-bosqich oʻtishi davr talabidir.
Rivojlangan davlatlar tajribasidan maʼlumki, akademik va moliyaviy mustaqillikning eng muhim omili oliy taʼlimni oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish hisoblanadi. Bu oliy taʼlim muassasalarining ilm-fan va innovatsion yoʻnalishdagi istiqbolli masalalarini yuqori turuvchi tashkilotlardan mustaqil holda hal etish imkonini beradi.
Mamlakatimizda 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida 10 ta oliy taʼlim muassasasi qatori Toshkent davlat yuridik universiteti ham oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazildi.
Yangi tizim milliy va xorijiy yuksak malakali mutaxassislar faoliyat yuritishi uchun universitet jozibadorligini oshirishga, xususan, xodimlarga beriladigan ustamalar va moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlari miqdorini mustaqil belgilash, taʼlimda autsorsing imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyatini berdi.
Bundan tashqari, iqtidorli, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga kiruvchi talabalarni moddiy ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratishga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi bilan kelishgan holda, talabalarni toʻlov-shartnoma asosida oʻqishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, oʻzini oʻzi toʻliq moliyaviy taʼminlash miqdoridan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash kabi imkoniyatlar oliygohning bozor iqtisodiyoti sharoitiga tezroq moslashuviga xizmat qilmoqda.
Taʼkidlash joizki, universitetlarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, mavjud moddiy-texnik bazani muntazam takomillashtirib borishda xorijiy tajribani oʻrganish, keyin milliy oliy taʼlim tizimiga joriy etish yoʻllari va usullarini tadqiq etish gʻoyat dolzarb hisoblanadi.
Ayni paytda ilgʻor tajribani oʻrgangan holda, oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtgan oliy taʼlim muassasalarining huquqiy maqomini aniq belgilash, davlatga qarashli oliygohlar bosqichma-bosqich mehnatga haq toʻlash, xodimlar soni, toʻlov-kontrakt miqdori va taʼlim shaklini mustaqil belgilash, oliy taʼlim muassasasi infratuzilmasiga servis xizmatlari koʻrsatishning alohida turlari, jumladan, bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport obyektlaridan foydalanish, ularni tozalash, taʼmirlash, kompyuter texnikasi va telekommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlar koʻrsatishni autsorsing shartlarida tashkil etish tizimiga oʻtish ishlarini jadallashtirish maqsadga muvofiq.
Pedagoglar va tadqiqotchilarning xalqaro integratsiyasi
Oliy taʼlim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, taʼlim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini taʼminlash muhim ahamiyatga ega.
Jumladan, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan moliyalashtiriladigan “Faculty Enrichment Program” (FEP) dasturini keltirish mumkin. Ushbu dastur mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilariga toʻrt oy davomida AQSH universitetlarida oʻz pedagogik mahorati va kasbiy yoʻnalishlar boʻ yicha tajribasini oshirish imkoniyatini beradi.
Dastur davomida ishtirokchilar dars jarayonini kuzatadi, ilmiy konferensiyalarda ishtirok etadi va oʻzi biriktirilgan AQSH universitetlarining fakultet aʼzolari bilan hamkorlik qiladi. Tinglovchilarning AQSHda oʻzi biriktirilgan universitet va Oʻzbekistonda faoliyat olib boradigan oliygohi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishi dasturning asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.
Bu yil AQSHning nufuzli 13 ta universitetida biz — oʻzbekistonlik 29 nafar oʻqituvchi bir akademik semestr davomida global oliy taʼlimdagi soʻnggi tendensiyalar bilan tanishish, yangi professional aloqalar oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻlmoqdamiz.
Ayni paytda oliy taʼlim muassasalari talabalari, tadqiqotchi va pedagoglari uchun xorijda taʼlim olish, malaka oshirish imkoniyati benihoya keng. Ayniqsa, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalari xodimlarini nufuzli xorijiy oliygohlardagi bakalavriat, magistratura va doktoranturaga yuborish koʻlami ikki barobar oshirilishi bu imkoniyatlar koʻlamini kengaytiradi. Oʻz navbatida, ilgʻor xorijiy tajriba va koʻnikmaga ega malakali professor-oʻqituvchilar sonining koʻpayishi taʼlim sifati va rivojiga katta hissa boʻlib qoʻshiladi.