Mamlakatimiz OTM va ixtisoslashtirilgan maktablari “Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlikda raqamlashtiriladi

    Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda “Huawei” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Yao Szyan oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatni mintaqaviy IT xabga aylantirish boʻyicha berilgan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, Oʻzbekiston telekommunikatsiya infratuzilmasi, mobil aloqa, maʼlumotlar bazalari va IT taʼlim sohalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan loyihalar masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi hukumati grantlari asosida mamlakatimizda OTM va ixtisoslashtirilgan maktablarni raqamlashtirish hamda Elektron hukumat maʼlumotlarni saqlash markazi loyihasini kengaytirish boʻyicha takliflar atroflicha muhokama qilindi.

    Shu bilan birga, 2022-yilning oktyabr oyida boʻlib oʻtgan “ICTWEEK UZBEKISTAN–2022” AKT haftaligi doirasida imzolangan hujjatlar asosida Surxondaryo viloyatida IT Park va kompaniyasi hamkorlikda tashkil etilayotgan BPO markazi ham kompaniya bilan birgalikda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli hamkorlarning davomi ekani alohida eʼtirof etildi.

    Shuningdek, BPO markazlarini boshqa hududlarda ham tashkil etish va ularning sonini oshirishda kompaniya bilan hamkorlikda ishlash masalalari ham muhokama qilindi.