Mareven kompaniyalar guruhi 40 million AQSH dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirmoqchi

    Mareven kompaniyalar guruhi oʻz mahsulotlarini dunyoning 20 dan ortiq davlatiga eksport qiladi.

    Shu yilning 6-iyun kuni Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi direktori Ulugʻbek Qosimxoʻjayev “Mareven Food Central” MCHJ bosh direktori Do Suan Xoang va “Mareven Food Tyan-Shan” kompaniyasi bosh direktori Bernard Vavrjin bilan uchrashdi. Mareven kompaniyalar guruhi oʻz mahsulotlarini dunyoning 20 dan ortiq davlatiga eksport qiladi.

    Uchrashuvda kompaniya vakillari Oʻzbekistonda umumiy qiymati 40 million AQSH dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalari haqida maʼlumot berishdi.

    Birinchi bosqichda keng assortimentdagi oziq-ovqat mahsulotlarini (jumladan, Rollton, Big Bon, Sunbel va boshqalar brendlari) ishlab chiqarish va tarqatish hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash uchun 20 million AQSH dollar sarflab, logistika va ishlab chiqarish majmuasini qurish rejalashtirilgan.

    Keyingi bosqichlarda barcha mavjud va yangi turdagi mahsulotlar (makaron, ichimliklar, souslar, bulyonlar, pyurelar, ziravorlar va boshqa pazandachilik mahsulotlari) bilan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va jami investitsiyalar hajmini 40 million AQSH dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

    Loyihaning amalga oshirilishi nafaqat Oʻzbekiston bozorining ichki ehtiyojlarini, balki eksport bozorlarini ham mahsulot bilan taʼminlash imkonini beradi.