Mazkur qishloq xoʻjaligi klasteri tasarrufidagi Boʻston tumanining Ulugʻbek massivida joylashgan 27-boʻlimning 9 gektarlik ekin maydoni tumandagi Maorif, Koʻhinur, Mustaqillikning 15 yilligi va Gʻolib mahalla fuqarolari yigʻinlarining “Temir daftari” roʻyxatida turgan ehtiyojmand oilalarning 30 yoshgacha boʻlgan farzandlariga hamda “Yoshlar daftari” roʻyxatida boʻlgan ishsiz yoshlarning 60 nafariga, shuningdek, qishloq xoʻjaligi klasteriga qarashli paxtani qabul qilish va qayta ishlash zavodida ishlovchi ishchilarning farzandlaridan 30 nafariga 10 sotixdan yer ajratib berildi.
Ularga yer ajratib berishda klaster ekin maydonlarining eng serunum yerlaridan berilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, yer berilayotgan yoshlarning hujjatlari klaster maʼmuriyati tomonidan roʻyxatga olinib, qonuniy rasmiylashtirildi. Endi ular bu yerda bemalol poliz va sabzavot ekinlari ekib, yetishtiradi. Oʻzlari va oilasi iqtisodini yuksaltirib, oilaviy daromadini oshiradi. Oʻz oʻrnida bu ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlab, ular oʻrtasida ishsizlik bilan birga bekorchilikdan kelib chiqishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini oladi.
Yanada eʼtiborlisi shuki, “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik klasteri maʼmuriyati yer ajratib berilgan yoshlarga yana-da qulay imkoniyatlar yaratyapti. Bunda yoshlarga yer ajratishdan tashqari ularga ekin ekish uchun urugʻliklarni yetkazib berish, ekinlarni yetishtirishdan boshlab, hosil olishga qadar boʻlgan mavsumiy agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishda amaliy yordamlar koʻrsatishni oʻz zimmasiga olgan. Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi klasterining tajribali agronomi va iqtisodchi mutaxassisi yoshlarning dehqonchilik va iqtisodiy koʻnikmalarini shakllantirish uchun oʻz tavsiya va maslahatlarini berib borishga biriktirildi.
Ilhomjon TOJIBOYEV