Maʼnaviy barkamol va milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yoshlar - Yangi Oʻzbekistonning milliy boyligi

    Fikr 29 Dekabr 2023 833

    Yakunlanib borayotgan joriy yilning 22-dekabr kuni Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishini barcha maʼnaviyat targʻibotchilari qatori katta qiziqish bilan kuzatib bordik.

    Yigʻilishda ilgari surilgan va kutilgan tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda mazkur ishlarni samarali tarzda tashkil etish boʻyicha navbatdagi kechiktirib boʻlmas vazifalarimizni belgilab oldik.

    Bundan 2-yil muqaddam 2021-yil 19-yanvarda oʻtkazilgan Kengash yigʻilishida globallashuv davrida Yangi Oʻzbekistonning tayanchi va Uchinchi renessans poydevori boʻlgan barkamol yoshlarni tarbiyalash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyalari hamda bunyodkorlik harakatini umummilliy harakat va yalpi kuchga aylantirish asosiy masalalar sifatida belgilangan edi. Shuningdek, “Bir ziyoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy” tamoyilini joriy etish tashabbusi oliy taʼlim muassasalarining mahallalar bilan hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

    Oʻtgan davr mobaynida oliy taʼlim muassasalarida orttirilgan tajriba va ilm-maʼrifat asosida professor-oʻqituvchilar tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarni targʻibotini amalga oshirish, mahallarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish hamda normativ-huquqiy hujjatlarni mazmun-mohiyatini xalqimizga yanada mazmunli tarzda tushuntirish ishlari amalga oshirildi. Natijada bugungi kunda xalqimizning amalga oshirilayotgan islohotlarda faol va tashabbuskor kuch sifatida ishtiroki oshib borayotganligiga guvoh boʻlyapmiz. Buni birgina joriy yil referendum asosida oʻtkazilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasiga xalqimizning birinchi bosqichda 60 ming, ikkinchi bosqichda 150 ming taklif bildirib, faol ishtirok etganligidan ham koʻrish mumkin boʻladi.

    Fargʻona davlat universiteti professor-oʻqituvchilari ham maʼrifat shamchirogʻi sifatida islohotlar jarayonida faol kuch boʻlib, Fargʻona shahridan biriktirilgan 13 ta, Oltiariq tumanidagi 72 ta mahallalarda Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari boʻlgan yoshlarni Ona Vatanga muxabbat, milliy gʻoya va qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash hamda ularni intellektual salohiyatini yanada oshirish jarayonda yalpi kuch boʻlib, har tomnlama yordam berib kelmoqdalar.

    Mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli institutlariga uslubiy yordam bergan holda uyushmagan yoshlarda yaratilgan imtiyoz va sharoitlardan unumli foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kasb-hunar oʻrganishga yoʻnaltirish, mustahkam oilaga tayyorlash, ajrimlarni oldini olish, “insonga eʼtibor” tamoyili asosida oilasiga, mahallasi va Vataniga sadoqat bilan xizmat qiladigan maʼnaviy barkamol inson sifatida tarbiyalash boʻyicha mahallalar bilan uzviy hamkorlikda targʻibot tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.

    Mana shunday orttirilgan tajriba asosida yoshlarni maʼrifatli, “sogʻlom fikrli va qatʼiyatli”, oʻz vataniga sodiq hamda “erishgan yutugʻim – oilam, mahallam va jonajon Vatanimning farovon hayoti uchun” degan insonparvar pozitsiya asosida tarbiyalash universitetning maktab va mahalla bilan davomli hamkorligining asosiy tamoyili boʻldi.

    Yakunlanib borayotgan 2023-yilda Fargʻona davlat universitetida talaba-yoshlar oʻrtasida milliy qadriyatlarni yanada mustahkamlash va ularni madaniyat va sanʼatga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida tizimli tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, universitetda 31-oktyabr – “Milliy qadriyatlar kuni” sifatida belgilanib, “Milliy qadriyatlarning eng faol targʻibotchisi” tanlovi oʻtkazilib, 5000 nafardan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi. Tanlov gʻoliblari umumiy miqdorda 15 million soʻm miqdorida ragʻbatlantirildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Kinematografiyaa agentligi Fargʻona viloyat hududiy boʻlimi bilan hamkorlikda haftaning har seshanba va juma kunlari “Kino kunlari” sifatida belgilanib, 30 dan ortiq milliy kinofilmlar namoyish etildi.

    Kengash yigʻilishida Prezidentimiz tomonidan yoshlarni milliy va umumbashariy gʻoyalar asosida kamol toptirishda teatr sanʼatini muhim oʻrni borligi taʼkidlandi. Oyning bir kuni “Teatr kuni” sifatida belgilanishi tashabbusi ilgari surildi. Bu tashabbus teatr muxlislari uchun ayni muddao boʻlganligini eʼtirof etib, yakunlanib borayotgan yil universitetda “Talabalar teatri yili” boʻldi desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Sababi “Nilufar” talabalar teatr studiyasi, Talabalar teatr toʻgaragi oʻquv-mashgʻulot xonasi hamda 13 ta teatr toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda 1270 nafar talabalar muntazam ishtirok etishiga erishildi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va tizimli tarzda tashkil etish maqsadida 1 asosiy shtatda bosh rejissyor lavozimi joriy etildi.

    Shuningdek, Kengash yigʻilishida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan milliy madaniyatimiz rivojida oʻz oʻrniga ega boʻlgan musiqa va raqs sanʼatini ravnaq toptirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi taʼkidlandi. Raqs sanʼatini rivojlantirish yoʻnalishida universitetda joriy yilda bir qator ishlar amalga oshirilib, 6 ta raqs toʻgaraklari tashkil etildi va ularda 400 nafardan ortiq talabalar muntazam ishtirok etmoqda.

    Universitetda tahsil olayotgan Qoraqalpogʻistonlik yoshlardan iborat “Tarona” raqs ansambli tashkil etilib, ularda 25 nafar qoraqalpogʻistonlik yoshlar faol ishtirok etib kelmoqda.

    Talabalarni raqs sanʼati boʻyicha qiziqishlarini roʻyobga chiqarish maqsadida 1 asosiy shtatda xoreograf lavozimi joriy etildi.

    Universitetda anʼanaviy tarzda talaba-yoshlarning sevimli tadbiriga aylangan “Talaba bahori” festivali bahor faslida muntazam tashkil etilmoqda. Aytish mumkinki, mazkur festival universitetning “tashrif qogʻozi”ga aylandi. 2023-yil mart-aprel oylarida boʻlib oʻtgan festivalga ota-onalar va mahalla vakillari ham tashrif buyurib, talabalikning “oltin davri”dan bahramand boʻlishdi. Eʼtiborli jihati, joriy yilda oʻtkazilgan festival gʻoliblari 45 million soʻm miqdorida ragʻbatlantirildi.

    Shuningdek, “Maqom, lapar va oʻlan”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Sevimli ovoz”, “Milliy ohanglar sehri”, “Talant shou”, “Havaskor gitara ishqibozlari” kabi tanlovlar muntazam oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi.

    Universitetga qarashli 10 ta talabalar turar joylariga musiqa va tasviriy sanʼat yoʻnalishi professor-oʻqituvchilari biriktirilib, talabalarga haftada 2 marta musiqa asboblaridan foydalanish va rasm chizish boʻyicha mashgʻulot olib bormoqdalar.

    Yuqorida keltirib oʻtilgan tadbirlar mamlakatimizning ertangi va yangi kuchi, milliy boyligi boʻlgan talaba-yoshlarni Muhtaram Prezidentimiz taʼkidlagan “mamlakatimiz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi Gʻarb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar” boʻlib kamol toptirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

    Kengash yigʻilishida yana bir muhim masalalardan biriga toʻxtalmoqchimiz. Maʼlumki, jadid bobolarimiz kabi maʼrifat nuri bilan maydonga chiqadigan, tashabbuskor va sogʻlom dunyoqarashga ega boʻlgan va gʻoyaviy-mafkuraviy jihatdan raqobatbardosh yoshlarni tarbiyalash – bugungi islohotlarimizning asosiy maqsadi hisoblanadi. Bu yoʻnalishdagi ishlarimizni tashkil etishda jadidchi Abdulla Avloniy bobomiz taʼkidlaganlaridek, “tarbiyani tugʻulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi goʻzallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan”.

    Bu dasturalamal soʻzlar asnosida bir dolzarb masala barchamizni birdek oʻylantiradi. Tarbiyaning dastlabki tayanchi bu oila, yaʼni ota-ona tarbiyasidir. Farzand birgina ota-onaning emas, davlatning ham boyligi hisoblanishini inobatga olib, bugungi kunda bolalar va yoshlar oilada qanday tarbiya olmoqda? Bu borada yana jadidchi bobomiz Abdulla Avloniyning kuyunchaklik bilan yozgan soʻzlariga eʼtibor qaratamiz, “bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni oʻrgatmak, yomon xulqlardan saqlab oʻsdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga “yaxshi xulq” degan davoni ichidan, “poklik” degan davoni ustidan berub, katta qilmogʻi lozimdur.” Bugungi kunda ham farzandga yaxshi tarbiya berish – poklikni oʻrgatish, tuzatish, oʻrgatish va saqlash kabi muhim bosqichlardan iborat boʻlib, ota-onalardan “dangasalik va eʼtiborsizlik qilmasdan” masʼuliyatli burchini bajarishni taqozo etadi.

    Kengashda Prezidentimiz tomonidan jadid bobolarimiz yaratgan merosni chuqur oʻrganish boʻyicha tashabbuslari Yangi Oʻzbekistonda maʼrifatli jamiyatni barpo etishdagi navbatdagi muhim qadamdir. Fargʻona davlat universitetida bu yoʻnalishda ham eʼtirofga loyiq ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, universitet tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari” muzeyida fargʻonalik maʼrifatparvar jadidlardan 1914-yilda “Sadoiy Fargʻona” gazetasi muallifi Obidjon Mahmudov, Qoʻqon shahrida dastlabki dorulmualliminning tashkilotchisi Ashurali Zoxiriyning hayoti va ijodi bilan toʻliq tanishish imkoniyati yaratildi.

    Yigʻilishda yana bir dolzarb masala muhokama etildi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali milliy qadriyatlarimizni poymol qiluvchi, buzgʻunchi va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni buzishni maqsad qilgan nopok kimsalar toʻgʻrisida fikr yuritilib, ularning harakatlari koʻrinishlari batafsil ochib berildi.

    Sir emaski, bugun atrofimizda faqat “qorin dardi bilan yashayotgan”, atrofda boʻlayotgan voqea-hodisalarni “menga hech qanday aloqasi yoʻq” qabilida ish tutadigan loqayd insonlar va mamlakatimizda farovon hayotni barpo etishga qaratilgan tarixiy islohotlarga nisbatan shunchaki yuzaki munosabatda boʻladigan “toifa”dagi ayrim insonlarni koʻrib turibmiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali har qanday jarayonga faqat salbiy munosabatda boʻladigan, sogʻlom boʻlsada davlatimiz tomonidan yaratilgan ijtimoiy yordamni olish uchun oʻzini har qanday holatga solib, boqimanda kayfiyatidagi ayrim shaxslarni guvohi boʻlyapmiz.

    Bunday salbiy holatlarni oldini olishda yoshlarni sogʻlom fikrli etib tarbiyalash, xalqimiz orasida “ijtimoiy yordam – eng zaif insonlarga” ekanligini chuqur singdirish hamda tajribali olimlar, nuroniylar va jamoatchilikni faollikka oʻrgatish yanada yaxshi samara beradi. Zero, Nosiruddin Burhoniddin Rabgʻuziy “Qissasi Rabgʻuziy” asarida taʼkidlaganidek, “Yaxshi ish borasida elga muxolifatlik qilmaslik, kishi aybini istamaslik va har kishidan nomaqbul ish sodir boʻlsa, uni yaxshi yoʻlga solmoq yaxshilikning nishonasidir”. Yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan kuyunchaklik bilan taʼkidlangan jadidlar misoli jamiyatimizga mana shunday yaxshi yoʻlga soluvchi, achchiqni shirin tushuntiruvchi va boshqa odamlarga foydasi tegadigan hazrati insonlar har doimgidanda koʻproq kerak.

    Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida Aflotunning “Qonunlar” kitobini tahlil etib, shunday fikrlarni keltirgan: “Chinakam fozil inson – sogʻlom fikrli va qoidali insondir, eng oson ish qonunlarni tanqid qilish, eng qiyish ish esa ularni joriy etishdir.” Bugun maʼnaviyat targʻibotchilari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri – bir ishga bel bogʻlasa yaxshi niyat bilan gʻayrat qiladigan, milliy gʻoya va qadriyatlarga hurmat koʻrsatadigan, Ona Vatanga sodiq, tashabbuskor, faol, sogʻlom fikrli, ilm-maʼrifatga muxabbatli, har narsaga nisbatan pessimistik kayfiyatda boʻlmay, muammodan chiqish yoʻllarini izlaydigan, avvalo oʻzini doimiy isloh etadigan Yangi Oʻzbekistonga yangi kuch boʻladigan hushyor va qatʼiyatli yoshlarni kamol toptirishdan iborat. Zero, Amir Temur taʼbiri bilan aytganda, “millat dardiga darmon boʻlmoq – bugungi kun yoshlarining chin vazifasidir”.

    Bir soʻz bilan aytganda, Maʼnaviyat va maʼrifat kengashida Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar Yangi Oʻzbekistonda “insonga eʼtibor”, “inson qadri uchun” tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarimizni yuksak maʼnaviyatli va maʼrifatli barkamol inson etib kamol toptirish hamda maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi ishlar natijadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

    Rajabov Oʻtkirjon Xursanaliyevich

    Fargʻona davlat universiteti yoshlar bilan ishlash,

    maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻi

    No date selected
    may, 2024
    1
    2
    3
    4
    5
    6
    7
    8
    9
    10
    11
    12
    13
    14
    15
    16
    17
    18
    19
    20
    21
    22
    23
    24
    25
    26
    27
    28
    29
    30
    31
    Use cursor keys to navigate calendar dates