Dastlab, manaviy tadbirni Uyushmaning viloyat boʻlimi raisi Nosirjon Dehqonov kirish soʻzi bilan ochdi va olib bordi. Davra suhbatida asosiy eʼtibor joriy yil 19-yanvar kuni oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalarga qaratildi.

Unda soʻz olgan Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi oʻrinbosari Xolmurod Salimov viloyatda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarga bugungi tezkor zamonda manaviyat masalasiga birinchi galda soha vakillari oʻz chiqishlari bilan oʻrnak boʻlishi kerakligiga alohida oʻrgʻu berib oʻtdi.

– Yaqinda mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari “Agar kimdir, maʼnaviyat masalasi – bu faqat Maʼnaviyat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi, deb oʻylasa, xato qiladi”, deya juda toʻgʻri taʼkidladilar. Biz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ana shu yigʻilishda bildirgan bu kabi fikr-mulohazalari, bergan topshiriqlaridan kelib chiqqan holda ishni tashkil etishga harakat qilmoqdamiz. Ilk ishimizni Uyushmamiz qoshida maʼnaviyat xonasini ochishdan boshladik va bunday ziyo maskanlari endilikda viloyatimiz boʻlimlarida tashkil etiladi, – dedi Xolmurod Salimov

Bugun viloyatda 73 ta OAV boʻlib ularda ikki yuzga yaqin ijodiy xodim –jurnalistlar, blogerlar faoliyat olib borishmoqda. Ularning kasbiy malakalarini oshirish, yurtimiz va viloyatda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-marifiy sohalardagi ishlarni yutdoshlarimizga holis, tezkor, tahliliy shaklda yetkazish borasida ham qator tadbirlar, davra suhbatlari, oʻquv-amaliy mashgʻulotlari amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, joriy yilning 25-31-yanvar kunlari “Kosonsoy” sihatgohida boʻlib oʻtgan seminar-treningda axborot xizmati rahbarlari va tuman gazetalari muharrirlari ishtirok etishdi. Viloyat hokimligi axborot xizmati tashabbusi bilan oʻtkazilgan mashgʻulotda malakali trenerlar tomonidan ijtimoiy tarmoq va saytlarda maʼlumotlar joylashtirish, munosabat va raddiyalar tayyorlash, yuz berayotgan voqea-hodisalarni tezkorlik bilan yoritish yuzasidan saboq va tavsiyalar berilgan.

Davra suhbatida soʻz olgan viloyat hokimining matbuot kotibi—axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Azizbek Abduvaliyev markaziy nashrlardan kelgan ustoz-jurnalistlarga viloyat hokimining salomini hamda bunday media-tur, ijodiy safarlarni izchil davom ettirish, viloyat mutasaddilari esa har qanday tashkiliy ishlarga yordam berishini alohida aytib oʻtdi.

Shuningdek, tadbirda bir qator tuman va shahar OAV vakillari, jumladan, Zohidaxon Kenjayeva, Nurbek Abdullayev, Moʻminjon Sulaymonov, Vasila Turdiboyeva soʻzga chiqib, mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qizgʻin muloqot tarzida, ochiq, samimiy ruhda oʻtgan tadbir yakunida bir guruh namanganlik faol jurnalistlarga Uyushmaning diplom va sovgʻalari, yangi nusxadagi aʼzolik guvohnoma hamda koʻkrak nishonlari topshirildi.

Islom ASILBEKOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi.