Maʼnaviyatsizlik va manqurtlik iskanjasi

    Mashhurlikni hamma har xil tushunadi. Kimlardir aynan shunga intilib yashaydi: qanday inson boʻlishi, odamlarni unga munosabati qanday ekani muhim emas, u shunchaki tanilishni istaydi. Kimdir yillar davomidagi mashaqqatli mehnatlari, el-yurt va xalqqa xolis xizmatlari evaziga shunday maqomga loyiq koʻriladi. Lekin bugungi kunda bunday “muvaffaqiyat”ga mashaqqatlarsiz erishish mumkinligi insonlarni maʼnaviyatsizlik va manqurtlik botqogʻiga tortmoqda.

    Anglagan boʻlsangiz, gap bugun dunyoda yashin tezligida keng tarqalgan ijtimoiy tarmoq — TikTok va tiktokchilar haqida bormoqda.

    Xoʻsh, TikTok oʻzi nima? U nimasi bilan insonlarni oʻziga jalb qilmoqda?

    TikTok Xitoyning “ByteDance” kompaniyasiga tegishli boʻlgan qisqa hajmli videoroliklarni koʻrishga moʻljallangan server boʻlib, 2018-yilda ishga tushirilgan versiyasi Xitoyda eng yetakchi videoplatformaga aylandi. Qolaversa, u dunyoda ham keng tarqalib, eng koʻp yuklab olinayotgan ilovaga aylanib boryapti.

    Bugun TikTok nafaqat zerikishning oldini olish, ovunish, balki blogerlar uchun oʻz kontentida moʻmay daromad topish vositasiga ham aylanib bormoqda. Ayrimlarda esa jamiyatdagi oʻz oʻrnidan qoniqmaslik hissining paydo boʻlayotgani, qanday boʻlmasin — bachkanalikmi, oʻz jonini xavf ostiga qoʻyish hisobiga boʻlsa-da, odamlar eʼtiborini tortish, shu orqali ijtimoiy tarmoq “yulduz”iga aylanish va “prosmotr”larni koʻpaytirishga boʻlgan qiziqish ularni mazkur ijtimoiy tarmoqqa ipsiz bogʻlab qoʻymoqda.

    TikTokda smartfoning oʻzida klip olish va unga vizual effektlarni qoʻshish imkoniyatining mavjudligi hamda uni videoxostingga joylashtirish mumkinligi mazkur ijtimoiy tarmoni odamlar orasida ancha ommalashishiga xizmat qilyapti.

    TikTokning asosiy afzalligi, chellenj bilan bogʻliq. Gap shundaki, foydalanuvchilarga muallifning biror-bir oʻylanmasi yoki xatti-harakatlarini takrorlash va oʻz sahifasiga joylashtirish imkoniyati yaratilgan. 2020-yilning eng ommalashgan fleshbomi — Flip The Switch Challengeni eslash kifoya. Uning gʻoyasi juda oddiy: musiqa sadosi ostida ikkita odam koʻzgu qarshisida raqsga tushadi, bir lahzada montaj varianti ekranga chiqib keladi va videorolik qahramonlari oʻrin almashadi.

    Mazkur ijtimoiy tarmoqning yaratilganiga koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsa-da, ancha ommalashib ulgurdi. COVID-19 pandemiyasining tarqalishi bilan bir vaqtda TikTok ham koronavirus singari odamlar orasida keng tarqala boshladi. App Store i Google Playning rasmiy maʼlumotlariga qaraganda, mazkur ilovaga yuklangan materiallarning soni dunyo boʻyicha ikki milliardga yetdi. 2020-yilning birinchi choragining oʻzida mazkur ijtimoiy tarmoq 315 million nafar yangi foydalanuvchilariga ega boʻldi. Bu avvalgi chorakdagi koʻrsatkichlardan ancha yuqori sanaladi.

    Oʻtgan yilning avgust oyida TikTok dunyodagi eng ommabop ilova sifatida tan olindi. U App Store, i v Google Play orqali eng koʻp yuklangan ilovaga aylandi. 2020-yili yozning soʻnggi oyida TikTok rasmiy magazinlar orqali 63,3 million marta yuklab olingan.

    Aytish joizki, bunda koronavirus pandemiyasi taʼsir koʻrsatdi. Chunki odamlar karantin paytida uyda qolib, vaqt oʻtkazish uchun oʻzlariga ovunchoq, ermak topishga berilishdi. Bunda TikTok juda qulay vositaga aylandi.

    Biroq odamlarning TikTokka boʻlgan qiziqishlari baʼzan ayanchli oqibatlarga ham olib kelmoqda. 2019-yilning noyabr oyida @antstorm123 niki ostidagi TikTok foydalanuvchisi “Qanday qilib miya chayqalishiga erishish mumkin?”, deb nomlangan rolikni joylashtirdi. Yosh yigit kamerani yerga qoʻyib, uning atrofiga oʻzining doʻstlarini jamladi hamda basketbol toʻpini yuqoridan doʻstlari boshiga qaratib uloqtiraverdi. Mazkur rolik shartiga koʻra ishtirokchilar toʻpga chap berishlari yoki oʻzlarini olib qochishlari mumkin emas. Toʻp zarbasidan eng kam zarar koʻrgan ishtirokchi gʻolib, deb topildi.

    Ijtimoiy tarmoq moderatorlari tomonidan mazkur rolikdagi shartlar jiddiy jarohatlarga sabab boʻlishi aytilganiga qaramay, u tezda foydalanuvchilar orasida ommalashib ketdi. TikTokda oʻnlab ana shunday videolar tarqala boshladi. Endi bu safar basketbol toʻpining oʻrniga turli qattiq bumlar, hattoki velosipedlar ham odamlar ustiga uloqtirila boshlandi. Bu bilan “prosmotr”lar soni oshdi.

    Shu yerda bir mulohaza. Yaqin-yaqingacha selfi tushaman, deb oʻz jonini xatarga qoʻygan insonlar haqida internet va televideniye orqali koʻplab noxush xabarlarga duch kelardik. Endi esa TikTok atalmish yangi tahdid undan ham oshib tushyapti. Biri urfdan qolib, ikkinchisi urfga aylanyapti goʻyo. Oʻylanib qolasan, nahotki omma eʼtibori, ularning “like”i insonni oʻz hayotini xavf-xatarga qoʻyishiga arzisa?

    2019-yilda sodir boʻlgan hodisa fojia bilan yakun topdi. Uch nafar yosh hindistonlik doʻstlar avtomobil harakatlanayotgan paytda TikTok uchun xavfli rolik olishga qaror qilishadi. Ulardan biri avtomobilni boshqarayotganda, yoʻlovchi oʻrindigʻida oʻtirgan yigitlardan biri toʻpponchani qoʻliga olib, uni toʻgʻri moshinani boshqarayotgan doʻstiga oʻqtalib, bexosdan uning tepkisini bosib yuboradi. Oqibatda haydovchining yuzini oʻq teshib oʻtadi. Kutilmagan bu holatdan doʻstlari qattiq sarosimaga tushib qolishadi. Shifokorlar harchand urunishmasin 19 yoshli yigitning hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmadi. Shifoxona xodimlari yuz bergan holatni politsiyaga tushuntirib berishadi, aybdorlar tezda qoʻlga olinadi.

    Bugun afsuski, mamlakatimizda ham TikTokda turli beʼmani qiliqlarni, raqslarni tasvirga olib, uni oʻz sahifasiga joylashtirish orqali ommaning eʼtiborini qozonishga harakat qilayotgan yoshlar safi tobora kengayib borayotgani achinarlidir. Ayrim tiktokchilar avtomobil yoʻllarining qatnov qismida yoki chorrahada turib raqsga tushgan videolarni TikTokda joylashtirib, eʼtibor tortishga urinayotganini qanday tushunish mumkin?! Bu orqali ular avariya holatini yuzaga keltirayotganini, oʻzlari va boshqalarning hayotini xavf ostiga qoldirishayotganini anglasharmikan?

    Yoshlarni qoʻya turaylik TikTokda ayrim yoshi katta insonlarning oʻzini “namoyon” qilishga boʻlgan urinishlarini oqlab boʻladimi?!

    Yaqinda Andijon shahrida “Motamsaro ona” haykali quchogʻiga yotib olib videoga tushgan 37 yoshli erkak tiktokchining qiligʻi jamoatchilikning haqli eʼtiroziga sabab boʻldi. Ikkinchi jahon urushida farzandi halok boʻlganidan, musibatdan qattiq qaygʻuga tushgan munis onayizorning timsoli boʻlgan haykalga bunday hurmatsizlik qilgan odamni qanday atash mumkin?! Tiktokchi uni ana shunday ona dunyoga keltirib, voyaga yetkazganini, volidai muhtaramasi oldida butun umrga qarzdor ekanini his etarmikan? Ona timsoliga hurmati shumi hali!? Yosh bola boʻlsa, yoshlikka, gʻoʻrlikka yoʻyish mumkindir. Lekin 37 yoshgacha hayotning anchagina baland-pastini koʻrgan, achchiq-chuchugini tatigan bu insonning qilmishini hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi. Qonun ham uni kechirmadi. Sud hukmi bilan 15 sutkaga qamaldi.

    Toshkent shahri markazida joylashgan buyuk bobokalonimiz Amir Temurning ot ustidagi haykali oldida ikki nafar qizning hech qanday qolipga sigʻmaydigan xatti-harakatlari tasvirlangan surat hammasidan ham oshib tushdi. Ulardan biri ot boʻlib olgan, ikkinchisi uning ustiga chiqib olib, qoʻlini toʻgʻriga yoʻnaltirgan. Bobolari buyuk avlod bugun shunday maʼnaviyatsizlik iskanchasiga tushib qoldimikan, kelajagimiz shunday yoshlar qoʻlida boʻladimi, degan xayollarga bir lahza berilar ekanmiz, qoʻrqinchli tush koʻrayotgandek boʻlamiz. Badanimizni sovuq ter qoplagandek boʻladi. Tezroq uygʻonib ketgimiz keladi. Bunday holatlarni, shunday zamondoshlarimiz borligini koʻrib, qayoqqa qarab ketayotganimiz, qanday jamiyat shakllanayotgani haqida oʻylanib qolarkansan...

    Shov-biznes olamidagi ayrim shaxslar ham uning targʻibotiga hissa qoʻshayotgani, TikTokda qolipga sigʻmaydigan turli bachkana qiliqlar qilib, behayo videolar qoʻyib odamlarning eʼtiborini tortishga intilayotganini qanday izohlash mumkin?!

    Milliy qarashlarimiz va mentalitetimizga zid boʻlgan TikTokni bilib-bilmay targʻib qilinayotgani, bunda baʼzi mutasaddilarning oʻzlari ragʻbat uygʻotayotgani achinarlidir. Poytaxtimizda “Tashkent City TikTok Awards 2020” taqdimot marosimining oʻtkazilgani, unda muvaffaqiyatga erishgan iqtidorli yoshlarning qoʻllab-quvvatlab, ularga qimmatbaho sovgʻalar topshirilgani qanchalik toʻgʻri? Bu holat “Men tabibga shifo soʻrab borsam, tabibning oʻzi bemor ekan” naqlni esga solmayaptimikan? Bunday holatda dardimizni kimga ayta olamiz?! Bundan koʻra, ketgan shu xarajatlarga yoshlar maʼnaviyatini oshirish, kitobxonlikni targʻib qilishga yoʻnaltirilgan boshqa musobaqalarni tashkil qilish, yosh avlodni mutolaaga qiziqtirgan maʼqul emasmi?

    Tanganing ikkinchi tomoni ham boʻladi, dersiz. Toʻgʻri, ezgulikka chorlaydigan, oqibat va yaxshilik qilishga undaydigan TikTok videoroliklari ham yoʻq emas. Ularning yoshlarning maʼnaviyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan tomonlari bor. Lekin, afsuski ular juda kam.

    Muxtasar aytganda, bugungi har qanday xato, ertaga qimmatga tushishi mumkin. Bugungi nihol qanday parvarish qilinsa, ertaga ana shunday daraxt boʻlib oʻsadi. Uni qanday meva berishi, undan qanchalik bahramand boʻlishimiz, bugungi bogʻbonlarga, yaʼni kattalar, ota-onalarga bogʻliq. Demoqchimizki, farzandlar tarbiyasiga, ularning yurish-turishiga eʼtiborli boʻlaylik, chetdan kirib kelayotgan turli maʼnaviy tahdidlarga qarshi tura olaylik. Shundagina ularni turli yot gʻoyalar taʼsiridan asragan boʻlamiz.

    Shahzod GʻAFFOROV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri