Shu bois ham uning matonati tasvirlangan Tengiz obrazi bugun nafaqat nogironligi bor, balki toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan koʻplab insonlargada qoʻshimcha motivatsiya bergani rost. Shu bois Tengiz obrazi hayotning ogʻir mashaqqatlarini yengib oʻtib, davlatimiz yordami bilan katta yoʻlga chiqib olgan, oʻzi uchun barqaror rizq-nasiba manbaini oʻzi bunyod etayotgan Inson timsoliga ham aylangan.

Prezidentimiz asos solgan xalq bilan muloqot tizimi, aholi muammolari bilan ishlashning aniq mexanizmi, Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligi tufayli bugun ijtimoiy himoyaga muhtoj ming-minglab insonlar xuddi Tengiz kabi oʻzining kichik, moʻjaz qut-baraka manbaini barpo qilmoqda. Orolboʻyining eng olis, chekka ovullarida boʻlganimizda, abgor turmush mashaqqatlarini yengib oʻtayotgan koʻplab tengizlarni uchratdik. Ularning qismat yoʻllari chigalu turfa boʻlsada, manzili birdek yorugʻ. Bu insonlarni davlat qoʻlloviga tayanch, ertangi kunga ishonch va albatta farovon hayotga intilish, niyat, soʻz va amal yakdilligi birlashtirib turibdi.

Mavzuni davom ettirishdan avval bir oz tahlillarga murojaat qilsak. 2020-yili va 2021-yilning 11 oyi davomida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Orolboʻyi aholisidan 98,9 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 68 ming 610 dan ziyodi yoki 71 foizi qanoatlantirilgan. Sohalar kesimida tahlil qilinsa, eng koʻp murojaatlar ish bilan taʼminlash, ijtimoiy nafaqa belgilash, bank kreditlari ajratish masalasidadir. Bu uch masalaning ildizi bitta – barqaror daromad manbaining yoʻqligi. Oqibati esa maʼlum – yoʻqchilik, kambagʻallik.

Shu bois Orolboʻyida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning oʻzini oʻzi eplab ketishi, doimiy ish oʻrni va rizq-nasiba manbaiga erishishi uchun tizimli ishlar olib borilmoqda. 2020-yili va 2021-yilning 11 oyida virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga Orolboʻyi aholisidan bank krediti olish masalasida kelib tushgan qariyb 5,2 ming murojaatning 1,99 mingdan ziyodi hal qilingan. Shu davrda “Har bir oila tadbirkor” dasturi boʻyicha 30 ming 848 ta loyihaga 840 milliard 832 million soʻmdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan.

Aynan shunday kreditlardan oqilona foydalana olgan inson – bu beruniylik Nigora Qoʻziboyeva. U ham, taqdir ekan, 9 yil avval turmushdan ajragach, ikki farzandini ulgʻaytirish, roʻzgʻor tebratish mashaqqatini yelkasiga oldi. Avval uyda tikuvchilik qildi, chevar sifatida tanildi. Soʻng tikuvchilik korxonasi ochish masalasida yordam soʻrab murojaat qildi. Murojaatidan keyin bu ayolga oʻzi yashayotgan Alisher Navoiy nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini binosidan bir xona begʻaraz ajratildi, 28,5 million soʻm kredit berildi. Nigora bu pulga tikuv mashinalari sotib olib, shu yil avvalida ish boshladi, 6 nafar xotin-qizni ishli qildi. Masʼullar hamisha uning faoliyatini oʻrganib, muammolarini hal qilishda yordam berib bordi.

Hozir moʻjaz korxonada barcha fasl uchun liboslar tikilmoqda. Bu yerda oddiy ayollar koʻylagidan to kurtkayu paltogacha topish mumkin. Nigora Qoʻziboyeva ishning koʻzini bilgani uchun ham bu yil “Yil ayoli” milliy tanlovining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bosqichida “Eng faol ishbilarmon ayol” nominatsiyasi gʻolibi boʻldi. Ishlari yurishib ketgan ayol yaqinda yer ham sotib oldi. Ikki qavatli tikuvchilik korxonasi qurish uchun poydevor tashlatdi.

Toʻrtkoʻllik 31 yoshli Gulnoza Bekchanova anchadan beri bichish-tikish bilan shugʻullanardi. Buyurtmalar koʻpaygach, ishini kengaytirmoqchi boʻldiyu, imkon topolmadi. Birgina murojaat Gulnozaxonning nainki muammolarini yechib berdi, balki uni kattaroq maqsadlarga ham undadi.

Yaqinda Gulnozaxonga murojaatidan soʻng ajratilgan 33 million soʻm kredit evaziga oʻz uyida kichik tikuvchilik sexi tashkil qilib berildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 5-6 nafar xotin-qiz shu yerda ishli boʻldi, oʻnlab ayollar esa hunar oʻrganmoqda. Ular asosan zamonaviy parda, dasturxon va koʻylaklar tikmoqda. Uning aytishicha, olinajak daromad hamma xarajat – maoshu kredit toʻlovi, hatto roʻzgʻor kamini toʻldirishga ham bemalol yetmoqda. Bir harakatga oʻn barakat deganlari shu boʻlsa kerak.

Surxondaryolik eksportyor hunarmand Jumagul Yormatova esa yaqinda Ellikqalʼa tumaniga kelib, Xalq qabulxonasi va sektorlar bilan hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha kattagina loyiha boshlaganiga guvoh boʻldik. Bu ayol oʻn yildan beri Surxondaryoda ipak, paxta tolasi, qoʻy va tuya yungidan kalava olib, gilam tayyorlaydi. Ularga roʻyan ildizi, zaʼfaron urugʻi, piyoz, yongʻoq va anor poʻstloqlari bilan rang beriladi. Yuz foiz tabiiy mahsulotdan tayyorlangan gilamlar asosan Germaniya, Fransiya, Rossiya, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Jumagul opaning korxonasi bir oyda oʻrtacha 300 kvadrat metr gilam tayyorlashga ulgurmoqda, xorijdagi hamkorlar esa oyiga ming kvadrat mahsulot soʻrab turibdi. Shuning uchun ham opa joriy yilning oʻzida Ellikqalʼada kamida 200 ta xotin-qizning oʻz uyida shu ish bilan band boʻlishini taʼminlashni maqsad qilgan.

Beruniylik 27 yoshli Enajon Matdurdiyeva ayollar uchun bir oz noodatiyroq kasb – temirchilik bilan shugʻullanib ikki farzandini ulgʻaytirmoqda. U ishni avval temir darvozalarga boʻyoq sepishdan boshlagan. Soʻng temir kesishu payvandchilikni ham oʻrgangan. Enajonning murojaatidan soʻng unga payvandlash uskunasi olib berildi, kredit ajratildi va u yaqinda mana shu bir xonada oʻzining kichik sexini tashkil qildi.

Enajon yonidagi boshqa ustalarning ham darvoza-eshiklarini boʻyoqlab berib, oyiga 3-4 million soʻm ishlab topadi. Aytishicha, bu mablagʻ unga yetib turibdi. Oʻzi yasagan mahsulotlardan kelgan daromadga esa yana temir xomashyosi sotib olib, eshik-darvozalar turini koʻpaytirmoqda. Asosiy maqsadi – shu yoʻnalishda oʻzining katta korxonasini tashkil qilish.

63 yoshli Oygul Abdullayeva esa Toʻrtkoʻlning “Shodlik” mahallasida yashaydi. Oʻtgan yili bu ayolning oʻzi ham ishsiz, doimiy daromad manbaida yoʻq edi. Uning ham murojaatidan soʻng, uyida issiqxona qilishi uchun sharoit yaratib berildi, yordam koʻrsatildi, kredit ajratildi. Ayol dastlab 3 sotixcha yerda issiqxona qurib, gul parvarishlashni boshladi. Gullar turiyu sonini koʻpaytirdi. Hozirda mana shu moʻjaz issiqxonada 100 turdan ziyod gul barq urib turibdi. Davlatimiz yordami bilan boshlangan oʻzi kichik issiqxona bamisoli rizq-barakaning qaynar xumchasiga aylangan: bir tomondan gul pulga aylanaveradi, yana gullar oʻsaveradi. Shuning uchun bu yil Oygul opa yana 2,5 sotix yerda issiqxona qurdirdi: hozirda sarimsoq, ukrop, pomidor-bodring va boshqa koʻkatlar ekilgan. Muhimi, ayolning oʻzi ham, keliniyu qizi ham oʻz uyida ishli boʻldi, doimiy rizq-baraka manbaiga erishdi.

Ha, davlat qoʻlloviga tayanch har bir insonning ertangi kunga, adolat va haqiqat kuch-qudratiga ishonchini yanada mustahkamlaydi. Davlatimiz rahbari asos solgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasiga asos boʻlayotgan “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini amalda qaror toptirish, aholi muammolari bilan eng quyi boʻgʻinda ishlash, har bir oilaga, har bir inson qalbiga kirib borish yoʻlidagi xalqchil islohotlardan koʻzlangan maqsad esa bitta: Inson qadri uchun kurashish! Xalq roziligini, xalq ishonchini esa faqat va faqat amaliy ishlar bilangina qozonish mumkin.