Yurtimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida jiddiy islohotlar davom etyapti. Mana shu jarayonda aholi faol boʻlishi, bu illatga qarshi kurashishi kerak. Negaki, mamlakat taraqqiyoti aholining mehnatsevarligi, bilimi, tafakkur olami va maʼnaviy boyligiga ham bogʻliq. Qaysi jamiyatda insonlar intiluvchan, bilimli boʻlsa, oʻsha yerda salohiyatli kadrlar koʻp boʻladi. Ana shu salohiyat siyosiy iroda sabab yaratilgan imkoniyat, imtiyozlardan oʻz oʻrnida samarali foydalanadi.
Mamlakatning ikki ustuni — maʼnaviyat va iqtisod birdek quvvatga ega boʻladi. Shunday ekan, asl kambagʻallik nima? Unga qarshi qanday kurashish kerak? Shu jarayonda aholining faolligi qanchalik ahamiyatli? Koʻzlangan marrani zabt etishda yana nimalarga eʼtibor berish kerak? Shu kabi savollarga javob topish, “Zarrabin” orqali mavzu mohiyatini teranroq anglash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi masʼul xodimi Erkin YUSUPOVni suhbatga chorladik.
— Suhbatimizni kambagʻallik nima, degan savolga javob izlashdan boshlasak.
— Soʻz avvalida “Zarrabin” orqali mana shunday dolzarb masalani koʻtarib chiqayotgani uchun “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi jamoasiga tashakkur aytmoqchiman.
Savolingizga kelsak, kambagʻallik keng maʼnodagi nisbiy tushuncha. Olgan nazariy, amaliy bilimlaridan, hayotda koʻrgan-kechirganlaridan kelib chiqib, kambagʻallik tushunchasini hamma oʻz qarashi, qarichi bilan oʻlchaydi. Tabiiyki, turlicha talqin qiladi. Mening ham oʻz qarashim bor. Kambagʻallik deganda, qozon qaynashi koʻz oldimga keladi. U faqat quruq suv bilan qaynaydimi yo ichi toʻla yemak bilanmi? Kambagʻallik shu qoraqozon qaynashi atrofidagi tushuncha deb bilaman.
Oʻrni kelganda aytish kerak, jamiyatda nuqul boy va kambagʻal soʻzlari takrorlanaversa, odamlar, ayniqsa, yoshlar miyasiga quyilaversa, bu yaxshilikka olib kelmaydi. Buning oqibatida fikran qoloq, maʼnan zaif, ruhan siniq jamiyat shakllanib boradi. Chunki kambagʻal deb ijtimoiy kamsitish insonning fikrlashi, maʼnaviyati va ruhiyatiga katta taʼsir qiladi. Masalan, biror oilaga yordam berish orqali biz bilib-bilmasdan ularni ruhiy jihatdan qiynab qoʻyishimiz mumkin. Deylik, maktab yoshidagi bola oʻz oilasiga yordam berilganini televizor, ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda koʻrsa, tengdoshlari unga qoʻlini bigiz qilsa, (bolalarga xos holat bu) bundan ruhan taʼsirlanadi. Bola ruhiyatida oʻzgarish boʻladi. Ruhan sinib, ishonchi, kelajakka umidi soʻnadi. Demoqchimanki, yordam berishda shu kabi jihatlarni hisobga olish kerak. Ha, yordam koʻrsatishda ehtiyotkorona, har tomonni keng oʻylab ish koʻrish maqsadga muvofiq.
— Kambagʻallikni qisqartirish uchun qaysi jihatlarga koʻproq eʼtibor berish kerak? Bu borada xalq murojaatlari bilan ishlayotgan inson sifatidagi shaxsiy fikringizni bilmoqchi edim.
— Avvalo, kambagʻallikning rasman tan olinishi katta voqea boʻldi. Unga huquqiy baho berildi. Kambagʻallikni qisqartirish borasida huquqiy asos, qonun hujjatlari qabul qilindi. Xalq farovonligi, mamlakat taraqqiyoti uchun mazkur yoʻnalishga milliardlab mablagʻ, koʻplab imtiyozlar, imkoniyatlar berilmoqda. Xususan, Prezidentimizning “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi tur-mush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi farmoni va uning ijrosini samarali taʼminlash maqsadida joriy yil 23-sentyabrda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi asosida ijtimoiy ogʻir ahvoldagi 1000 ta mahalla tanlab olinadi. Ularning infratuzilmasini yaxshilash uchun dasturlar ishlab chiqiladi va katta mablagʻ ajratiladi. Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikka keng yoʻl ochib berilmoqda. Subsidiyalar ajratilishi tubdan qayta koʻrib chiqilyapti.
Davlatimiz rahbari shu yil 1-noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida: “Maʼnaviy buyuk xalq — iqtisodiy buyuk boʻladi. Ikkita tomir ustunimiz bor: iqtisod va maʼnaviyat!” dedi.
Darhaqiqat, moddiy kambagʻallikdan maʼnaviy qashshoqlik ogʻirroq. Kambagʻallikni qisqartirish bilan parallel ravishda insonning bilimini, maʼnaviyatini oshirishimiz, dunyoqarashini oʻzgartirishimiz kerak. Ichki dunyosi boy boʻlmagan odamni moddiy kambagʻallikdan chiqarish juda qiyin.
Oxirgi yillarda katta sarmoyalar tikildi, qaytarib berilmas subsidiya ajratilyapti. Tikuv mashinalari, motokultivatorlar, qishloq xoʻjaligi uchun zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlanyapti. Afsuski, hamma joyda ham kutilgan natijaga erishish oson boʻlmayapti. Buning sabablaridan biri oʻsha maʼnaviy qashshoqlik. Hayotiy misol, bir oilaga motokultivator berilgan. Uni ishlatadi, lekin topgan puli-ni ichkilikka sarflaydi, uyga nafi tegmay-di. Oiladagi muhit sabab ayolida haq-huquq yoʻq. Jamiyatimizda shakllangan qarash, oilani faqat er boshqarishi kerak, degan tushunchani noinsof er dastak qilib olgan. U oilasiga koʻmakchi boʻlish oʻrniga topganini koʻchadagi oshna-ogʻaynisi bilan yeb-ichishga sarflaydi. Oʻsha oshna-ogʻaynisi ham pulni oilasiga olib borsin demaydi. Koʻryapsizmi, qanday muhit shakllangan!
Demoqchimizki, oiladagi tarbiya, ijti-moiy muhit toʻgʻri boʻlmasa, kutilgan nati-jaga erishish mushkul. Berilgan texnikani sotib, yana ber, deb chiqqan oilalar ham, oʻzi umra safarlariga borib kelgan, lekin menga shunaqa narsa ber, deydiganlar ham bor. Afsuski, bundaylar bitta-ikkita emas... Ularga mana bu ishni qiling desangiz, rad etadi, maktabda farroshlik qiling desa, qishda sovuq suvga qoʻl ursam shamollayman, deydi. Boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan. Davlat bersin, deydi. Davlat kim? Siz, men, farzandingiz hisobidan, tabiiy boyliklar, soliqlardan shakllangan byudjet. Moddiy yordam 37 milliondan ziyod aholining haqidan chegirib berilayotgan pul. Ayrimlar shu pulni oylik sifatida qabul qiladi. Baʼzilarning hamma narsasi bor, lekin koʻzi och, ichki dunyosi qashshoq.
Kambagʻallik qayerdan keldi, qanday paydo boʻldi? Buning turli obyektiv, subyektiv sabablari bor. Shulardan biri dangasalik. Uzoqqa bormaylik, yaqin ming yillik tariximizda ham kambagʻallik, boqimandalikka qarshi kurash ijtimoiy fikr shaklida oʻz ifodasini topgan. Masalan, Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohida bunday satrlar bor: “Dil ba yoru, dast ba kor” (“Qoʻling mehnatda, qalbing Allohda boʻlsin”). Koʻrinadiki, oʻsha davrlarda ham kambagʻallik oʻta dolzarb masalalardan biri sifatida qabul qilingan. Insonlar mehnat qilishga chaqirilgan.
Endi bugunimizga qaytsak. Baʼzilarning amali bor, ilmi yoʻq, baʼzilarning ilmi bor — faqat ogʻizda, lekin amali yoʻq. Ilmi borga amal, amali borga ilm berishimiz kerak. Shunda kambagʻallik kamayadi. Oʻrni kelganda aytmoqchiman, boqimandalik — jamiyatga nisbatan hurmatsizlik.
Ayni paytda ularga oʻrnak boʻladigan yurtdoshlarimizni ham eʼtirof etishimiz kerak. Nogiron boʻlsa ham mehnat qilayotgan minglab fuqarolarimiz bor. Masalan, Chust tumanida bir oyogʻi yoʻq qizimiz dalada ishlab, imkon qadar oilasiga, koʻmak beryapti.
Yana bir misol, oilada 5 farzand bor, ular chin yetim. Katta farzand qiz, 22-23 yoshda. Lekin uka-singillarini oʻz kuchi, irodasi bilan katta qilyapti. Bir kuni oʻsha qiz qoʻngʻiroq qildi. Singlisi Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga davlat granti bilan oʻqishga kiribdi. Yotoqxonaga joylashishda muammo boʻlyapti ekan. Yotoqxonaga joylashish uchun esa chin yetim, nogiron, “Ayollar daftari”, “Yoshlar” yoki “Temir daftar”da boʻlishi kerak ekan. Onasi 7-yil oldin oʻlgan, otasi shundan 6 oy oʻtib, boshqa ayolga uylanib, bolalarini tashlab ketgan. Shu bois, hujjat boʻyicha otasi bor, ammo amalda chin yetim ular. “Temir daftar”ga kirmaganmidinglar, desam, or qildim, deydi. Koʻryapsizmi, hali yoshi 30 ga bormagan, qiz bola boshi bilan uka-singillarini boqayotgan qizimizning irodasi, maʼnaviy dunyosini!
Vaziyatni oʻrganib, oʻsha qizimizni yotoqxonaga joylashtirdik. Mana shunday qaddi baland fuqarolarimiz bor. Ular uchun or-nomus ulugʻ, ichki dunyosi boy.
Shu sabab birinchi navbatda odamning tafakkurini oʻzgartirish, maʼnaviyatini boyitishimiz kerak. Faqat bilim bilan boʻladi bu. Maʼnaviy boy boʻlmagan odamni moddiy boy qilib boʻlmaydi.
— Juda oʻrinli fikrlarni bildirdingiz. Shu oʻrinda muhim masalani soʻramoqchi edim. Islohotlarni toʻla amalga oshirish uchun jamiyat oʻzgarishi kerak. Ayting-chi, jamiyatni qanday oʻzgartiramiz?
— Jamiyatni oʻzgartirish — juda murakkab ish. Hukumatimiz taʼlim, tarbiyaga eʼtibor qaratyapti, bu samarasini beradi. Ayni paytda insonlarning oʻzi ham intiluvchan boʻlishi kerak. Hozirgi sunʼiy intellekt negizida chiziqli algebra yotadi.
Shuni ajdodlarimiz qilgan-ku. Lekin sunʼiy intellekt bizning yurtda kashf etilmadi. Boshqa joylarda yaratilyapti. Biz telefondan faqat yozishma, qoʻngʻiroq qilish, nimanidir koʻrish uchun foydalanamiz. Aksariyatimizda uning boshqa imkoniyatlaridan foydalanishga salohiyat yetmaydi. Bu nimaning oqibati?!
Oʻqimaslik, ilm olishga qiziqmaslikning. Keyingi yillarda kitobxonlikka katta eʼtibor berilyapti. Aksariyat yoshlarimiz til oʻrganib, bilim olib, oʻz kuch va salohiyati vaziga xorijda tahsil olish imkonini qoʻlga kirityapti. Jamiyatni oʻzgartirish uchun bu ishlarni yanada izchil davom ettirish, taʼlimdagi islohotlar ijrosini toʻla taʼminlashimiz zarur. Nazarimda, jamiyat bilim evaziga oʻzgaradi.
— Erkin aka, yuqorida boqimandalik haqida aytingiz. Koʻrinyaptiki, boqimandalikka qarshi kurash, kambagʻallikni qisqartirish borasida hali bajarilishi kerak boʻlgan vazifalar bor. Taʼkidlanganidek, yurtimizda kambagʻallikni qis qartirish borasida huquqiy asos, zarur imkoniyatlar yaratib berilgan. Endi buni barcha joyda birdek ijro qilish juda mu-him. Soʻramoqchi boʻlganim, shu jarayonda davlat xizmatchisi qanday boʻlishi kerak?
— Davlat xizmatchisiga bu vazifalarni bajarish ham sharaf, ham ulkan masʼuliyat yuklaydi. Qolaversa, davlat xizmatchisi turfa dunyoqarash, maʼnaviy darajasi har xil boʻlgan, ayniqsa, boqimanda kayfiyatdagi insonlar bilan ishlashi oson emas. Shunday fuqarolar bor, oʻzini, erini, toʻrt farzandi-ni nogiron deb hujjat qilib olgan. Hozir 3 ta uyi bor. Yana viloyat markazidan uy olib berasan deb turib olgan. Oʻrganishga borganda qarasangiz, hammasi sogʻ-salomat oila, lekin hujjatni koʻrsangiz — nogiron. Er yollanma ishchi, xotinning topgan mashgʻuloti yozuv-chizuv. Faqat murojaatlar yozadi. Ti-nimsiz nimadir soʻraydi. Uning dunyoqarashi, maʼnaviy olami esa...
Yana shunday oilalar bor, otaning yoshi ellikdan oshgan. Sogʻlom, ammo ishlamaydi. Nuqul farzandlariga bosim oʻtkazadi. Sen pul topib, menga unday-bunday qilib berishing kerak deb. Surishtirib borsangiz, oʻzi vaqtida farzandiga yetarlicha taʼlim-tarbiya bermagan. Shuning uchun ham boqimandalik jamiyatga nisbatan hurmatsizlik, dedik. Jamiyatni hurmat qilmaydigan fuqarolar bilan ishlash, albatta, oson emas.
Aytilganidek, ozgina imkoniyat boʻlsa, oʻzini ham, boshqalarni ham ish bilan taʼminlaydigan salohiyatga, intilishga ega yurtdoshlarimiz koʻp. Keyingi yillarda koʻryapmiz, mahallalarda yettilik tizimi joriy etildi. Natijada masalani mahallaning oʻzida hal qilishga imkon yaratildi. Endi biz, davlat xizmatchilari aholini mana shu islohotlarga ishontirishimiz kerak. Ishonchi boʻlmagan odamni yetaklab tadbirkor boʻ-lishga, boshqa kasb oʻrganishga majbur qila olmaymiz. Bu jarayonda davlat xizmatchilariga koʻp narsa bogʻliq.
Bir voqea. Tashlandiq, maishiy chiqindi toʻplanib qolgan 5-6 sotix joy fuqaroga mevali daraxt ekib foyda qiling deb berilgan. Haligi odam qarz-havola qilib oʻsha yerni tozalab, koʻchat ekadi. Oradan 2-3-yil oʻtib, bu gapni aytgan rahbar vafot etdi. Yangi rahbar kelib, yerning xat-hujjati yoʻq, davlatga qaytarib olamiz, deydi. Oddiy odam avvalgi rahbar lafziga ishongani, vaqtida hujjat qilmagani uning xatosi. Lekin oʻsha rahbar bu xatoni toʻgʻrilash oʻrniga yoʻq joydan bir oilani kambagʻallar safiga qoʻshyapti. Buni koʻrgan odamlarda ishonchsizlik paydo boʻlishi mumkin. Aslida, eng katta yoʻqotish ishonchdir!
Yana bir masala. OAVlardan falon joyda hokim yordamchisi, mahalladagi masʼullar biror masala sabab ishdan olingani yo jazolanganini eshitamiz. Demak, oʻsha yerda yechilishi kerak masala bor. Oʻrni kelganda aytish kerak, kambagʻallikka poraxoʻrlik ham sabab boʻladi. Qayerda korrupsiya koʻp boʻlsa, oʻsha yerda kambagʻallik parallel ravishda oʻsib boradi deb oʻylayman.
Korrupsiyani toʻliq yoʻq qilish imkonsiz. Uni jilovlash mumkin. Qonun ustuvorligi bilan tartibga olish borasida ancha ishlar bajarildi ham. Lekin bu islohotlar, poraxoʻrlikka qarshi kurash hech qachon toʻxtab qolmasligi kerak. Chunki ikki kishi ish yuzasidan uchrashdimi, u yerda korrupsiya boʻlishi xavfi mavjud. Ha, korrupsiyani tag-tugi bilan yoʻq qilib boʻlmaydi. Hatto eng rivojlangan davlatlarda ham muayyan korrupsiya bor. Demak, raqamli hukumat tizimlarini yanada kengroq tatbiq qilishimiz zarur. Imkon qadar inson omilini yoʻqotish, bir-biri bilan uchrashishni cheklash lozim. Shunda korrupsiyani jilovlash mumkin.
Kambagʻallikni qisqartirish bilan birga korrupsiya jilovini ham tutishimiz lozim. Xabarlarni oʻqiyapmiz, ayrimlar imtiyozli kreditlar oʻzlashtirib yuboryapti. Bu ham korrupsiya axir. Aytmoqchimanki, korrupsiyani yoʻqotish va kambagʻallikni qisqartirish uzviy bogʻliq.
— Ishonch haqida soʻramoqchiman. Kambagʻallik sabab tushkun kayfiyatdagi in-son qalbida qanday qilib ishonch uygʻotiladi? Kambagʻallikni qisqartish uchun yana qay jihatlarga eʼtibor berish kerak? Balki, takliflaringiz bordir?
— Juda koʻp imkoniyatlar berilmoqda, yuqorida aytganimizdek, katta mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Bu vazifalar toʻgʻri va toʻliq amalga oshirilsa, oʻylaymanki, kambagʻallikni yanada qisqartishga erishamiz.
Yana bir jihat. Qabullarda odamlarga shaxsiy telefon raqamimni beraman. Bu ish faoliyatimda juda asqatadi. Hududlardagi masʼullardan maʼlumot olish bilan birga holatni oddiy odamlardan soʻrayman. Shu yoʻl bilan Toshkentda turib ham haqiqatga yaqin maʼlumot olamiz... Bir oilani bilaman. Erkak chet elga ishlashga ketgan, lekin oilasiga yordam bergani yoʻq. Ayol kunlik yollanma ishchi boʻlib issiqxonada ishlaydi. U tushlik qilsa, 60 ming, qilmasa, 80 ming soʻm pul topadi kun boʻyi. Boshqa joydan daromad yoʻq. 10, 12, 14 yashar farzandlari bor. Ularni yedirish, ichirish kerak, boshqa ehtiyojlar bor. Ayol hech qanday daftarlarda turmaydi. Yoz oylarida shu oilaning bolalari qoʻngʻiroq qilib: «Amaki, 10 ming qarz berib turing, tarvuz yegimiz kelgandi, imkoniyatimiz yoʻq», dedi. Qarang, bu yil tarvuz arzon boʻldi. Shu 5-10 mingga tarvuz olib yeyolmaydigan oilalar ham bor-da. Kimdir ayolidan yo eridan bevaqt ajraydi, yollanma ish bilan shugʻullanadi, voyaga yetmagan farzandlar bor. Shunaqa oilada bittasi kasal boʻlib qolsa, boʻldi, u oila sinadi. Nima qilarini bilmaydi, dori olsinmi, yesinmi...
Shuning uchun kambagʻal deb doimiy roʻyxatga olib qoʻyishdan oldin oʻylashimiz kerak. Ertaga bir oila birdan kambagʻal boʻlib qolishi yoki aksi boʻlishi mumkin. Demoqchimanki, ijtimoiy daftarlarga kiritilayotgan oilalar uchun 3 yoki 6 oylik xavfsizlik sarmoyasini tashkil qilsak. Yaʼni deylik, oila yoz oylarida dalada ishlab yo boshqa yumush bilan kunini oʻtkazyapti, ularga pulni oʻsha vaqtda qoʻliga bermay, sarmoya sifatida hisob-raqamiga yoʻnaltirsak. Oilada kutilmagan noxush holat boʻlib qolsa, kasallikmi, shunday vaqtda oʻsha saqlangan pul yechim boʻladi. Shuni taklif qilgan boʻlardim.
Endi ishonch haqidagi savolingizga kelsak. Agar biz, davlat xizmatchilari bu islohotlarni joylarda toʻgʻri va toʻliq ijrosini bajara olsak, davlat rahbari oldida ham, xalqimiz oldida ham ishonchni oqlaymiz.
Oʻrni kelganda aytay, biz, davlat xizmatchilari islohotni oʻzimizdan boshlashimiz, namuna boʻlishimiz kerak. Jamiyatimiz farovonligi uchun xizmat qilishimiz shart. Shundagina bizni kuzatib turgan jamiyatda oʻzgarish boʻladi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Boboravshan GʻOZIDDINOV
suhbatlashdi.