Bu qutlug' ayyom - yangi  tariximizdagi eng ulug' sanadir. Mustaqillik har bir yurtdoshimizning hayotiga yangicha mazmun olib kirdi. YUrtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar xalqimizning farovonligiga xizmat qilmoqda.

Ma'lumki, mamlakatimizning mustaqil taraqqiyoti solnomasida  O'zbekiston liberal-demokratik partiyasining ham munosib o'rni bor.  Partiya salkam o'n sakkiz yillik faoliyati davomida mamlakatimizda islohotlarning faol ishtirokchisi bo'lib kelmoqda. Turli loyihalarni amalga tadbiq etib kelmoqda.

Ana shunday samarali loyihalardan biri “Ishbirlamon ayol” ko'rik tanlovidir. Besh yildan buyon tashkil etib kelinayotgan ushbu tanlovda 10 ming nafar, bu yilgi tuman, shahar va viloyat bosqichlarida esa 2 ming nafardan ziyod tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayollar o'zlarining ishlab chiqargan mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Viloyat bosqichida faol ishtirok etib g'oliblikni qo'lga kiritgan 14 nafar tadbirkor va fermer ayollar Respublika bosqichigacha etib keldi.

Tanlov ishtirokchilari davlatimiz tomonidan so'nggi besh yilda erkin va farovon jamiyat qurish, ayollarni ijtimoiy-iqtisodiy faolligini, ularning davlat va jamiyat hayotidagi o'rni va mavqeini oshirish, oila institutini mustahkamlash kabi yo'nalishlarda avval misli ko'rilmagan tizimli ishlar hayotga tatbiq etilayotganini ta'kidladilar. eng asosiysi - bu kabi e'tibor natijasi o'laroq, mamlakat iqtisodiyotining tayanch ustunlaridan biri bo'lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda ham mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga tayyor xotin-qizlarimiz etishib chiqmoqda.

Ana shunday fidoyi xotin-qizlarning yaratuvchanligi, bunyodkorligi, mehnatlarini ulug'lash, jamoat ishlaridagi o'rni va mavqeini yuksaltirish asosiy vazifamizdir. Ushbu maqsad va vazifalardan kelib chiqib tashkil etilgan ko'rik-tanlovdan ko'zlangan asosiy maqsad ham mamlakatimiz taraqqiyoti va xalq farovonligi yo'lida faol ishtirok etayotgan tadbirkor va fermer xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash, hududlarda xotin-qizlar o'rtasida oilaviy tadbirkorlikni jadal rivojlanishini rag'batlantirish, xotin-qizlar tadbirkorligining ilg'or tajribalarni ommalashtirish, tadbirkorlikka oid kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish va eng asosiysi partiya dasturiy maqsad va vazifalarni amalga oshirishdan iborat.

Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida ko'tarinki ruhda o'tkazilgan ko'rik tanlovning respublika bosqichida dastlab tadbirkor va fermer ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Unda tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer xotin-qizlarning mahsulotlari, ayniqsa, milliy yo'nalishdagi liboslar namoyishi ko'rik tanlov ishtirokchilarida milliy g'urur, Vatanga muhabbat, Mustaqillikka bo'lgan shukronalik hissini uyg'otdi. Hamkor tashkilotlar va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraktsiyasi a'zolaridan iborat bo'lgan hakamlar hay'ati ishtirokchilarning ishlari bilan yaqindan tanishib, adolatli baholab borishdi.

SHuni alohida ta'kidlash kerakki har bir viloyatdan eng munosiblar, kuchlilar tanlovning so'nggi final bosqichiga etib kelgan. endi ana shu kuchlilar orasidan g'oliblarni aniqlash bir muncha mushkulroq, albatta. SHu boisdan ishtirokchilarning loyiha nizomiga muvofiq, xotin-qizlar uchun qo'shimcha yangi ish o'rni yaratganligi, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni kasb bo'yicha o'qitgan, bandligini ta'minlagan va hayotda o'z o'rnini topib ketishida ko'maklashganligi, faoliyat turidan kelib chiqib eksportga yo'naltirilgan yoki import o'rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish, aholiga ko'rsatayotgan xizmatining sifati hamda faoliyatida hayotga tatbiq etib kelayotgan yangi innovatsion g'oyalari ham baholashda alohida e'tiborga olindi.

Bu kabi loyihalar jamiyatda xotin-qizlarning o'rnini mustahkamlash  va faolligini oshirishda albatta o'z samarasini beradi.

Mavluda XO'JAEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati