Mard askarlarimizning qahramonligi doim esimizda saqlanadi

    Bugungi kunga kelib Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta Ikkinchi jahon urish qatnashchisi qoldi.

    Ikkinchi jahon urushi millionlab begunoh odamlarning bevaqt oʻlimiga, mislsiz yoʻqotishlar va talafotlarga sababchi boʻlgan dunyodagi eng dahshatli, qonli qirgʻinlardan biri sifatida insoniyat tarixida muhrlanib qoldi. Koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik koʻrsatib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga ulkan hissa qoʻshdi.

    Oʻzbekistonning boshqa barcha hududlari qatori Qoraqalpogʻistondan 66 ming qoraqalpogʻistonlik jangchilar ham Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan va qahramonlik namunalarini koʻrsatgan. Xususan, 1941-yilning 1-noyabriga qadar Qoraqalpogʻistonda 20 ta batalyon, 114 ta rota, 955 ta boʻlinma tashkil etilgan.

    1941-yil 3-dekabrda 97-Qoraqalpoq alohida milliy brigadasi tuzilib, uning saflariga koʻngilli ravishda 5 ming 500 nafar xizmatchi va yoshlar kirgan. Urushga qatnashgan mard askarlarimiz fashizmga qarshi jang olib borgan. Ulardan 34 ming askar jang maydonlarida qahramonlarcha halok boʻlgan.

    Bugungi kunga kelib Qoraqalpogʻiston Respublikasida 3 ta Ikkinchi jahon urish qatnashchisi qoldi.

    Ularning biri Allaniyazov Genjemurat hisoblanadi. Genjemurat 1925-yili tugʻilgan. 1943-yilning 5-mart kuni jang maydonlariga otlangan. Allaniyazov Genjemurat 76-uqchi diviziyasida fashistlarga qarshi kurash olib borgan.

    Qahramonimiz Ukraina, Ruminiya, Moldaviya, Avstriya, Chexoslovakiya davlatlarini fashistlar bosqinidan ozod qilish janglarida mardlik namunasini koʻrsatgan. 1945-yil fevral oyida Vengriyaning poytaxti Budapesht shahrini ozod qilishda dushmanlar tomonidan otilgan snaryad parchalaridan ogʻir jarohat olgan.

    Genjemurat ota urushdan soʻng 1950-yilgacha “minomyotchi” sifatida xizmat qilib, “serjant” askariy darajasiga erishgan.