Mard o'g'lonlar yodi barhayot

    Sirdaryoik, marhum, qahramon, Xusniddin Suyarov haqida xotiralar...

    Sirdaryolik Milliy gvardiya marhum Husniddin Suyarov bolaligidanoq mard, ertaklardagi kabi jasur pahlavon boʻlib ulgʻayishni, barchaga yaxshilik ulashish singari ezgu xislatlarni onasi aytib bergan ertaklar va otasi oʻrgatgan hikmatli oʻgitlar orqali oʻz qalbiga singdirib borgan boʻlsa, ne ajab.

    U oʻzining qisqa hayoti davomida jasorat, sadoqat kabi insoniy fazilatlarini kelajak avlodga oʻchmas maʼnaviy meros sifatida qoldirib, bu foniy dunyoni tark etganida atigi 31 yoshda edi.

    Hech kim bolam deb yigʻlamasin...

    — Harbiy forma kiygan yigitlarni koʻrganimda, “qaniydi mening oʻgʻillarim ham harbiy boʻlsa”, deya havas qilardim, — deydi H.Suyarovning onasi Zulfiya Suyarova. — Koʻng­limdagi havas roʻyobga aylanib, oʻgʻlim harbiy boʻldi. “Bolajonim, toʻgʻrisini ayt, onamning orzusini yuzaga chiqaray, deb harbiy boʻlding-a”, deb soʻrasam, “eh, onajonima, oʻzim xohladim, kasbim oʻzimga yoqadi, ona-Vatanni qoʻriqlash, unga xizmat qilish sharaf, derdingizku, hali kunlar kelib, siz men bilan faxrlanib yurasiz”, deya kulardi.

    Husniddinim kindik qoni toʻkilgan yurti shaʼnini, qasamyod qilib kiygan harbiy ki­yimi hurmatini oʻz jonidan aziz koʻrdi. Eng qiyin, kutilmagan vaziyatda qoʻrqmasdan odamlarni oʻlim changalidan hayotga qaytara oldi. Bir necha oila baxtini, bagʻrini butun qilish uchun yosh jonini qurbon qilishdan choʻchimadi. Ha, mening shunday, xalqi uchun oʻzini baxshida qila olgan botir oʻgʻlim bor...

    U men uchun tirik. Milliy gvardiya xodimlari “Onajon, biz ham sizning oʻgʻlingizmiz”, deya yarim koʻnglimni koʻtarib, bayramlarda hol soʻrab, xabar olib turibdi. Ular oʻgʻlimning vafotidan soʻng yana uch farzandimni oʻz safiga qabul qildi. Oʻgʻillarim shu tizimda ishlab, oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirib, harbiy sohadagi bilimlarini yanada mus­tahkamlashga bel bogʻladi. Ularni Allohning panohiga topshirganman. Husniddinjonimga bergan oq sutimga mingdan ming roziman...

    Sardobaning soʻngsiz sitamlari

    2020-yil 1-may. Erta tongda Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasining ofat joyiga zudlik bilan yetib borgan dastlabki guruhi tarkibida serjant Husniddin Suyarov ham bor edi. U Oqoltin, Sardoba va Mirzaobod tumanlaridagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda, oʻz hayotini xavf ostiga qoʻyib, aholini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilishda faol ishtirok etdi. Suv ombori tosh­qinining ilk manzilida odamlarni falokatdan xalos qilgach, navbatdagi qutqaruv-qidiruv harakatida oʻzi ham kuchli suv zarbasiga uchradi. Suv toshqini kuchayib, poʻrtana oqim uni oʻz domiga tortib ketadi...

    Husniddin Suyarov Prezidentimizning farmoniga muvofiq, “Jasorat” medali va Milliy gvardiya qoʻmondonining I darajali “Namunali xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Boyovut tumani Anorzor mahallasidagi koʻchalardan biriga uning nomi berildi.

    Hech ham imkoni boʻlmadi...

    Milliy gvardiya podpolkovnigi ­Mathiddin Rahimov 2020-yilning oʻsha mashʼum may voqea­larini iztirob bilan shunday eslaydi:

    — Sardoba suv omborining toʻgʻoni yorilgani haqidagi xabar harbiy qismga soat 6:00 larda kelib tushdi. Gvardiyachilarimiz Uchtom qishlogʻiga safarbar qilindi. Bizning vazifamiz aholini xonadonlardan chiqarish, ichkarida biror jon qolishiga yoʻl qoʻymaslik edi. Bu vaqtda odamlar juda sarosimada edi. Na uydan chiqishni, na qolishni bilmasdi. Ularga birma-bir tushuntirib, texnikalarga joylab, evakuatsiya qildik.

    Hamkasblarimiz keksalar va nogironlarni koʻtarib mashinalargacha chiqarib qoʻydi. Uch yigitimiz Sanjar, Husniddin va Hazrat xonadonlardagi hamma odamlarni olib chiqdi. Aholi qishloqdan chiqarilgach, chamasi bir soatlardan keyin suv birdan koʻtarilib, boʻy barobar boʻlib qoldi.

    Nadomatlar boʻlsinki, kasbdoshlarimiz suvda qolib ketdi. Oqayotgan safdoshlarimizning oldiga borishga hech ham imkon boʻlmadi... Uch yigitimiz daraxtga osilib turgandi. Tepasidan 1,5-2 metrlik qismi koʻrinib turgan daraxtni suv bir necha daqiqa ichida koʻmib qoʻydi. Shundan keyin ular uyning tomiga chiqdi. Suv birdan koʻtarilib, yigitlarimizni oqizib ketdi. Ular, bir koʻrinib, bir koʻrinmay, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

    Afsuski, Husniddin Suyarov va Hazrat ­Suyunovni oʻsha kuni yoʻqotdik. Husniddinning jasadi oradan uch kun oʻtib, oʻzi yordamga borgan Uchtom qishlogʻidan 5 kilometr uzoqlikdagi paxta dalasidan topildi...

    Uchtom qishlogʻida Husniddin va Hazratning yorqin xotirasi uchun yodgorlik oʻrnatilgan. Singlim, hikoyani shu yerda toʻxtataman, bosh­qa gapira olmayman, ularni eslaganim sari dardim yangilanaveradi, bularni qayta aytib berish juda ogʻir...

    Men ham nima deyishni bilmayman. Husniddin haqida yozish oʻzimga ham oson boʻlmayapti. Koʻz oʻngimdan Afgʻoniston janglarida halok boʻlgan marhum akam Gʻofirjon, ota-­onamning dardli ingrogʻi quloqlarim ostida qayta jonlanganday boʻldi. 21 yoshida Afgʻonda halok boʻlgan akam haqida haligacha yoza olmadim, jurʼatim yetmaydi.

    Hammani qutqardiyu, oʻz jonini omon saqlay olmadi

    Husniddining otasi Zokir aka bilan telefon orqali gaplashdim. Oʻgʻlining nomini tilga olishim bilan, kuchli xoʻrsinish eshitildi. Birgina shu oʻksik ovoz, nazarimda ich-ichdan dod solib yigʻlayotganday taassurot uygʻotdi.

    — Aslida oʻgʻlimning yuragida harbiylikka qiziqish bolaligidayoq bor edi. Oʻn yil vodiyda ishladi, uni kam koʻrardik, lekin mehrini har kun sezardik. Serjantlik oʻqishini bitirib, oʻzimizning Sirdaryoga kelganiga endigina uch oy boʻlgandi. 2020-yili, karantin eʼlon qilingani uchun hammamiz uyda edik. Oʻgʻlim bir hafta oldin uyga keldi. Roʻza oyi boʻlgani uchun bizga deb bozorlik qilgan ekan. Atigi bir soatcha gap­lashdik. U ketar chogʻida negadir hammamizni birma-bir mahkam quchoqlab, xayrlashib ketdi. Shu oxirgi koʻrganim boʻldi...

    Ayajon, dadam kelmayaptiku?

    Bugun Husniddinning jajji qizaloqlari — 6 yoshli Shahrizoda va 2 yoshli Shukrona onasining bagʻrida yayrab, begʻubor quvnab, katta boʻlyapti. Ular dadasining vafotini hali toʻliq anglab yetmaydi. Faqat Shahrizoda esini tanigani uchunmi, “ayajon, dadam qachon keladi, shuncha vaqt kutdim, haliyam kelmayapti-ku...?” degan yurakni zirqiratadigan savolni koʻproq beryapti ekan.

    Husniddining ayoli — Nozimaning oʻychan nigohlariga boqar ekanman, uning har bir soʻzidagi sogʻinch, oʻkinch va oʻrtanishlarni butun borligʻim bilan his qildim.

    Husniddin oilasi bilan Gulistondagi harbiylar shaharchasidagi koʻp qavatli yangi uyda atigi 3 oygina yashagan. Erining harbiy formasi haliyam shkafda, dazmollangan, xuddi hozir kiyib, ishga chiqib ketadigandek egasiga muntazir... Aslida 2020-yilning yanvar oyi ularning kichkinagina oilasiga eng quvonchli kunlarni hadya etgan. Ikki baxtiyor yoshning orzulari cheksiz boʻlgan. Shunday shodumon kunlar arafasida ikkinchi qizalogʻi dunyoga kelgandi.

    Husniddin farzandiga ota-onasining ruxsati bilan Shukrona, deya ism qoʻyadi. Lekin afsuski, Shukronani toʻyib-toʻyib bagʻriga bosa olmadi, farzandining hidiga toʻymadi. U bu dunyoni tark etganida qizi endigina 40 kunlik chaqaloq edi...

    — Turmush oʻrtogʻim oilaparvar, mard inson edi. Oʻzidan yorugʻ, nurli iz va shunday shirindan-shakar qizlarimni tuhfa qilib ketdi, — deydi Nozima. — Taqdir ekan, birgalikda atigi 5 yil yashadik. Lekin ana shu qisqa davr menga bir umrga qoladigan goʻzal xotiralarni berdi. Turmush oʻrtogʻim men uchun tirik, hamisha xayolimda men bilan birga yashaydi, yashayveradi.

    Birlashib, birgalashib...

    Husniddinning ukasi Adhamning hikoyasi ham iztirobli boʻldi.

    — Qaddi-basti kelishgan akamning harbiy libosiga havas bilan qarardim. Xayolimda qani edi, men ham akam singari harbiy boʻlsam, deb orzu qilardim, — deydi Adham. — Oʻylarimni koʻz qarashlarimdan sezgan akam, “Ukajon, Xudo xohlasa, biz — toʻrt aka-uka bir tanu bir jon boʻlib, birlashib, ota-­onamizning orzularini roʻyobga chiqaramiz.

    El-yurtga sadoqat bilan xizmat qilib, ortimizdan faqat yaxshi nom qoldiramiz”, derdi. Yana bir gapni koʻp takrorlardi: “Iltimos, ota-onamga yaxshilab qara. Hali birgalashib togʻni talqon qilamiz, boy-badavlat, eng baxtiyor ogʻa-ini boʻlib yashaymiz. Bolalarimizni el havas qiladigan farzandlar qilib tarbiya­laymiz. Ota-­onamizni muborak Haj ziyoratiga yuboramiz... ”.

    * * *

    Insonlarning oʻz yaqinini yoʻqotish zalvori juda ogʻir. Bunday damlarda barchamiz hamjihat boʻlish kerakligini, qahramonlarimiz nomini mudom eslab turmogʻimiz insoniy farz ekanini yanada chuqur anglagandek ­boʻldim.

    Aslida bu omonat dunyoda inson hayoti qancha yil yashagani, toʻplagan boyligi, dangʻillama imoratlariyu qanday lavozimlarda ishlagani bilan oʻlchanmaydi. Inson qancha emas, qanday umr koʻrgani, yaʼni uning mazmuni bilan qadrlanadi. Elu yurt farovonligi yoʻlida halol xizmat qilgan, oʻz jonini xalq tinchligi, baxti uchun fido qilgan mard ­insonlar hayoti ibrat kitobining oʻchmas sahifalari boʻlib qoladi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri