“Margimush qabristoni”dan Chorvoq suv omboriga zaharli chiqindilar tushishi rad etildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Margimush qabristoni”ning Chorvoq suv omboriga xavf ekani toʻgʻrisida xabarlar tarqadi.

    Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Matbuot xizmati mazkur iddaolar yuzasidan munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumanining “Yakkatut” MFY hududida 1938-1946-yillarda sobiq “Soyuzmishyak” kombinati tomonidan 0,64 ga yer maydoniga taxminan 40 000 (qirq ming) tonna margimush chiqindilari atrofi va ustki qismi betonlanib, havo chiqarish trubalari oʻrnatilib, koʻmilgan.

    Beton ustidan 70-80 sm qalinlikda tuproq yotqizilgan. Murojaatda margimush qabristoni haqida aytilgan xavotirli fikrlar 2022-yildagi holat boʻyicha berilgan boʻlib, bugungi kunda qabriston atrofi beton toʻsiqli devorlar bilan oʻrab, konservatsiya qilingan va hudud boʻylab sim yogʻochlar hamda nazorat uchun kameralar oʻrnatilgan.

    Margimush tarkibli chiqindilar koʻmilgan maxsus poligonni konservatsiya qilish uchun obyektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ijobiy ekspertiza xulosalari olingan.

    Obyekt konservatsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 9- avgustdagi 501-sonli Farmoyishi bilan mablagʻ ajratilib, pudratchi tanlab olingan. Pudratchi bilan ikki tomonlama qiymati 3 mlrd 984 mln 644 ming soʻmlik shartnoma imzolangan. Ushbu shartnomaga asosan obyektni konservatsiya qilish ishlari 2024-yilda toʻliq yakunlangan.

    Loyiha doirasida qabristonning ustki qismiga toza inert tuproq yotqizilgan va devor qismiga yomgʻir va oqova suvlarini hamda nam massani oʻtkazmaslik maqsadida burgʻilash (teshish) ishlari amalga oshirilgan va ushbu nuqtalarga kimyoviy suyuqlik kalsiy xlorid suyultirilib, yuqori bosim ostida natriy alyuminat moddasi orqali yaʼni yer osti ukoli qilish ishlari amalga oshirilgan.

    Shuningdek, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi, Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hamda tegishli tashkilot xodimlari bilan hamkorlikda har chorakda rejaviy suv, tuproq namunalarini olib nazorat monitoring tadbirlari oʻtkazilib borishi tashkil etilgan.